O‘zbekiston | 07:56 / 18.04.2022
6314
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda tibbiyot xodimlari majburiy mehnatga jalb qilindi

Tuman tibbiyot birlashmasi diagnostika bo‘limi boshlig‘i qo‘l ostidagi xodimlarni mehnat vazifasi doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishga majbur qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Koson tumani tibbiyot birlashmasida vrach va xodimlardan gul uchun pul yig‘ilgani va ular bog‘da ishlatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan Qashqadaryo viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Koson tuman tibbiyot birlashmasidagi holat o‘rganilgan.

O‘rganishda Koson tuman tibbiyot birlashmasi diagnostika bo‘limi boshlig‘i bo‘lim tahlilchilari va boshqalarni birlashma hududida obodonlashtirish ishlariga jalb qilib, xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarga majburlagani o‘z isbotini topgan.

Shu sababli diagnostika bo‘limi boshlig‘iga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan jarima jazosi qo‘llangan.

Avvalroq Qarshi tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari hamda Mirishkor tumanida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyachilari va boshqa xodimlari majburiy mehnatga jalb qilingandi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid