Iqtisodiyot | 11:34 / 21.04.2022
25547
3 daqiqa o‘qiladi

Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblash tartibiga o‘zgartirish kiritildi

Prezident qarorida belgilanishicha, 1 kvadrat metr uchun minimal qiymat tartibi endilikda minoralar, ko‘priklar (estakadalar), rezervuarlar (o‘t o‘chirish inshootlari, sisternalar), bostirmalar, shiyponlar, beton maydonlar va devorlar (bordyurlar) uchun qo‘llanmaydi.

“Budjetlararo munosabatlar va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarorida ko‘zda tutilishicha, yuridik shaxslar tomonidan egalik qilinuvchi ko‘chmas mulk obektlarining 1 kvadrat metri uchun belgilangan miqdor amaldagi eng kam mutlaq miqdor qiymatidan baland bo‘lgan hollarda, ularga obektlar qiymatini baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda mustaqil baholash vakolati berilmoqda. 

Bunda yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda so‘nggi ikki yil davomida baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda o‘tkazilgan mol-mulkni baholash natijalari asos sifatida qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun, joriy yil 1 yanvardan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi amaldagi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytirilgandi. Shu bilan birga, 1 kvadrat metr uchun minimal qiymat ham belgilangan:

  • Toshkent shahrida – 2,5 mln so‘m;
  • Nukus shahri va viloyat markazlarida – 1,5 mln so‘m;
  •  qolgan hududlarda – 1 mln so‘m.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 1 kvadrat metr uchun minimal qiymat tartibi endilikda minoralar, ko‘priklar (estakadalar), rezervuarlar (o‘t o‘chirish inshootlari, sisternalar), bostirmalar, shiyponlar, beton maydonlar va devorlar (bordyurlar) uchun qo‘llanmaydi.

Belgilangan eng kam mutlaq miqdor qo‘llanmaydigan obektlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi takliflari asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida talabalar turar joylarini barpo etish loyihalari tadbirkorlik sub’yektining to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan belgilangan shartlar asosida moliyalashtirilgan hollarda qurilgan bino va inshootlarning (bundan yer maydoni, bino va inshootlarning umumiy foydalanishga mo‘ljallangan kommunikatsiya tarmoqlari egallagan qismi mustasno) 20 foizidan oshmagan qismi qonunchilikda taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun mahalliy xususiy sherikka mulk huquqi asosida o‘tkaziladi.

Mavzuga oid