Emmanuel Makron Fransiya prezidentligiga qayta saylandi
Fransiyadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida saylovchilarning 58 foizdan ortig‘i ovoz bergan Emmanuel Makron g‘alaba qozondi. Marin Le Pen mag‘lubiyatini tan oldi.
Fransiyada 24 aprel, yakshanba kuni prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, amaldagi prezident Emmanuel Makron saylovchilarning 58,55 foiz ovozi bilan g‘alaba qozondi. Uning raqibi – «Milliy birlashuv» partiyasi raisi Marin Le Pen uchun saylovga kelganlarning 41,45 foizi ovoz berdi.
Mahalliy vaqt bilan soat 17:00 (Toshkent vaqti bilan 20:00) ga qadar saylovning hal qiluvchi bosqichida saylovchilarning ishtiroki 63,2 foizni tashkil etdi, deb xabar qildi mamlakat ichki ishlar vazirligi. Bu 2017 yilgi saylovlarning shu davriga nisbatan ikki foizdan ko‘proq kamdir.
10 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Fransiyadagi prezidentlik saylovining birinchi bosqichida Makron 27 foizdan sal ko‘proq ovoz to‘plab, Le Pendan deyarli to‘rt foizga o‘zib ketdi. Har beshinchi saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan so‘l «Itoatsiz Fransiya» partiyasi yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon uchinchi o‘rinni egalladi. An’anaviy partiyalar vakillari - sotsialistlar va konservatorlar tarixiy fiaskoga duch kelishdi. Saylovchilarning ishtirok etish ko‘rsatkichi 73,7 foizni tashkil qildi.
So‘nggi kunlarda o‘tkazilgan so‘rovlar ham 44 yoshli Makronning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishini ko‘rsatdi, garchi uning 53 yoshli Le Pendan ustunligi sezilarli darajada farq qilmagan. 21 aprelda, ovoz berish kunidan oldin bo‘lib o‘tgan so‘nggi teledebatda Makron saylovoldi poygasida favorit bo‘lib qoldi. Kuzatuvchilar esa, betaraflarning yuqori darajasi ikki nomzod o‘rtasidagi tafovutni yo‘qotishidan ogohlantirgan. 2017 yilda, Makron va Le Pen prezidentlik uchun kurashgan paytda saylovchilarning taxminan 25 foizi ovoz bermagan, bu 1969 yildan beri Fransiyadagi prezidentlik saylovlarida eng past ishtirokchidir.
Saylov kampaniyasi davomida Makron saylovchilarga islohotlar o‘tkazish va Yevropa ittifoqiga yaqinroq integratsiya bo‘lishni va’da qildi. Le Pen milliy manfaatlarni himoya qilishga e’tibor qaratdi.
Debatlar davomida Le Pen agar u g‘alaba qozonsa, musulmon ayollarning jamoat joylarida bosh kiyimini taqiqlash haqidagi bahsli siyosatni amalga oshirishini aytdi. «Milliy birlashuv» rahbari, shuningdek, Fransiyaga «anarxistik va ommaviy» immigratsiyani tugatishga va’da berdi va bu tendensiya jinoyatchilikni kuchaytirayotgani hamda mamlakat aholisi uchun «chidab bo‘lmas» bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Makron Le Penni «fuqarolar urushi» boshlanib ketishidan ogohlantirdi.
Fransiya prezidenti to‘g‘ridan to‘g‘ri umumiy ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi. Agar birinchi turda nomzodlarning hech biri ko‘pchilik ovozga ega bo‘lmasa, eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod o‘rtasida ikkinchi tur o‘tkaziladi. Davlat rahbari lavozimini ketma-ket ikki muddatdan ortiq egallash mumkin emas. Makronning g‘alabasi uni 2002 yilda Jak Shirakdan keyin ikkinchi muddatga qayta saylangan birinchi Fransiya prezidentiga aylantirdi.
Mavzuga oid
22:35 / 23.11.2024
Fransiyada deputatlarning Telegram akkauntlari buzib kirilgani yuzasidan tergov boshlandi
23:05 / 22.11.2024
Fransiyadagi muzeydan 7 mln yevrolik zargarlik buyumlari o‘g‘irlab ketildi
13:52 / 20.11.2024
Fransiya O‘zbekistonda fransuz tilini o‘rgatish jarayonini yo‘lga qo‘yadi
23:35 / 15.11.2024