Jahon | 13:30 / 25.04.2022
31209
3 daqiqa o‘qiladi

Financial Times: Putin Kiyev bilan tinchlik kelishuvi tuzilishiga qiziqishini yo‘qotgan

Mart oyi oxirida u Kiyev bilan kelishuvga erishish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqayotgandi, ammo hozirda bu borada hech qanday istiqbol ko‘rinmayapti. U endi Ukrainaning imkon qadar ko‘proq hududini egallamoqchi. Putinning bu pozitsiyaga o‘tishiga «Moskva» kreyseri cho‘ktirib yuborilgani ham sabab bo‘lgan.

Aleksandr Zemlyanichenko / AP / Scanpix / LETA

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi nizoni diplomatik yo‘l bilan tartibga solishga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotgan va buning o‘rniga Ukrainaning imkon qadar ko‘proq hududini egallab olishni istamoqda. Bu haqda Financial Times nashri rossiyaliklar prezidenti rejalaridan xabardor bo‘lgan manbalariga asoslanib xabar tarqatdi.

Nashr manbasiga ko‘ra, Rossiya armiyasining urush startidagi muvaffaqiyatsizliklaridan keyin Putin tinchlik kelishuvi imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqayotgandi, ammo keyin u urushni yakunlashga urinish harakatlarida ishtirok etayotganlarga hozirda bunday kelishuv uchun hech qanday istiqbol ko‘rinmayotganini aytgan.

Rossiya prezidenti pozitsiyasiga «Moskva» kreyserining yo‘q qilinishi ham sabab bo‘lgan: FT bilan suhbatlashgan ikki manba bu hodisa uni qattiq g‘azablantirganini aytgan. «Moskva»dan keyin u g‘olib bo‘lib ko‘rinmasdi, chunki bu haqoratomuz edi», — degan manbalardan biri.

Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘mondonligi hisobotlari va davlat televideniyesi reportajlari tufayli Putin urushdagi vaziyat haqida yanglish tasavvurlarga ega: u o‘z chiqishlarida Rossiya kuchlari harbiy harakatlar chog‘ida, xususan Mariupolda «Azovstal» qamali vaqtida tinch aholiga zarba bermayotgani haqida aytib keladi. «Putin chindan ham unga televizorda ko‘rsatilayotgan safsatalarga ishonadi va u kattaroq g‘alabaga erishishni istaydi», — degan FT manbalaridan biri.

Nashrning yozishicha, 22 aprel kuni Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan telefon muloqoti chog‘ida Putin muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolganini aytgan va Ukrainani diplomatik yo‘lga «devor qo‘yish»da ayblab, hozir Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishning mavridi emasligini ta’kidlagan. FT yozishicha, ukrainalik muzokarachilar bundan Rossiyaning keyingi harakatlari diplomatlarga kelishuvga erishish uchun vaqt berishga emas, balki ko‘proq hududlarni egallashga qaratilgan degan xulosaga kelishgan.

Manba Vladimir Putin Volodimir Zelenskiy bilan shaxsan uchrashuvdan «bor kuchi bilan bosh tortayotgani»ni aytgan: «U barchasi o‘zaro uchrashuvgacha hal bo‘lishini istaydi». 

RF mudofaa vazirligi bir necha kun muqaddam Ukrainada «maxsus amaliyotning ikkinchi fazasi» boshlanganini e’lon qilgandi. Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi Rustam Minnekayev 22 aprel kuni bu bosqichdan maqsad Donbass va Janubiy Ukraina ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish va Qrimga quruqlik orqali yo‘lak ochilishini ta’minlash ekanini aytdi. Bungacha Rossiya qo‘mondonligi vakillari bunday maqsadlarni tilga olishmayotgandi.

Mavzuga oid