Jahon | 07:43 / 26.04.2022
47749
11 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi vaziyat: tomonlarning bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar

Ukrainada Rossiya armiyasi bilan ikki oydan ziyod davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlarga oid kechagi kun davomida va 26 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan hodisa, yangilik va xabarlarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy odatdagidek tungi murojaat bilan chiqish qildi. Zelenskiyga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda hech narsaga erisha olmaydi.

Foto:  president.gov.ua

«Ikki oy ichida ular bizga qarshi 1100 tadan ortiq raketalar ishlatishdi. Aviabombalar va artilleriya zarbalarining sanog‘i yo‘q. Ular odamlarni qiynashdi, talashdi, otishdi. Ular zaminimizni minalashtirishdi. Tinch shahar va qishloqlarni jahannamga aylantirishdi. Ayrim ukrain shaharlari va qishloqlarini yer bilan bitta qilishdi. Lekin hech narsaga erisha olishmadi va erisha olishmaydi ham», — degan Zelenskiy.

Zelenskiyga ko‘ra, rus harbiylari vaqtincha bostirib kirgan Xerson, Kaxovka, Melitopol, Dneprorudnoye, Energodar va boshqa shaharlar ularga bo‘yin egmagan. «Odamlar o‘zining noroziligi bilan, ularga munosabati bilan Ukraina albatta g‘olib chiqishini ko‘rsatib qo‘yishdi», — degan Zelenskiy.

«Rossiya bizning tuprog‘imizda yasama «referendum» o‘tkazmoqchi? Agar bunga urinishsa ham, bu ham Moskvada Ukrainani okkupatsiya qilish uchun tuzgan barcha rejalari kabi sharmandali bo‘ladi», — degan Zelenskiy.

Prezidentga ko‘ra, ikki oylik jangovar harakatlarda Ukrainaning 9781 himoyachisi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. 142 kishiga Ukraina qahramoni unvoni berilgan.

«Ukrainaliklar davlatni himoyalashga ommaviy tayyorligini namoyish etishdi. Turli yosh, turli ijtimoiy ahvol, turli ma’lumotdagi ukrainaliklarning barchasi birdek davlat himoyasi uchun qad rostladi.

Bu urush Ukraina uchun chinakam xalq urushi bo‘ldi. Sharqdan g‘arbgacha, shimoldan janubgacha Ukraina g‘oyasi baribir kuchli, baribir xalqona ekanligini ko‘rsatib berdi», — degan Zelenskiy.

Xerson shahri meri Igor Kolixayev qurollangan kishilar shahar kengashi binosini egallab olishganini tasdiqladi.

Ukraina birlashgan qurolli kuchlarining operativ shtabi o‘tgan sutka ichida erishilgan yutuqlar haqida quyidagi ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Donbassda Ukraina QK dushmanning 6 ta hujumini muvaffaqiyatli qaytargan;
  • 4 ta tank, 5 ta artilleriya tizimlari, 13 ta zirhli texnika, 15 ta avtomobil texnikasi, 2 ta yonilg‘i baki, 1 ta zenit qurilmasi yo‘q qilingan.
  • 2 ta samolyot, 3 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilma urib tushirilgan.

Shuningdek, Ukriana QK «Vostok» tezkor taktik guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, dushmanga yana quyidagicha talafot yetkazilgan:

  • Shaxsiy tarkib — 160, tanklar — 3, BTR — 3, BMP — 4, ATT — 12, artilleriya tizimlari — 2, zenit qurilmasi — 1, pilotsiz uchar qurilma — 2.

Rossiya tomonining bayonotlari

FSB Rossiyada taqiqlangan neonatsistik terrorchilik guruhini ushlagan. Ular Ukraina xavfsizlik xizmati topshirig‘iga ko‘ra, jurnalist Vladimir Solovyovni o‘ldirishni maqsad qilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin / Foto: gazeta.ru

«Bizga ukrain natsistlarining jurnalistlarni o‘ldirish haqida maslahat beruvchi g‘arb davlatlaridagi, eng avvalo MRBdagi kuratorlarining familiyasi nomma-nom ma’lum»,degan Vladimir Putin.

Vladimir Putin xorijiy ommaviy axborot vositalaridan foydalanib, Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlariga nisbatan provokatsiyalarning qat’iy oldini olishni talab qildi.

«G‘arbning birinchi galdagi vazifasi Rossiya jamiyatini bo‘lib tashlash, mamlakatni ichidan vayron qilish bo‘lib turibdi, lekin ular bunga ham erisholmayapti. Rossiyada axboriy mag‘lubiyatga uchragan G‘arb, rossiyalik jurnalistlarni o‘ldirishga urinmoqda»,degan Putin.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiyaning Birinchi kanalidagi «Katta o‘yin» («Bolshaya igra») dasturida chiqish qildi. Uning ayrim fikrlari.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov / Foto: 1tv.ru
  • Kiyev AQSh va Britaniya maslahati bilan Istanbul muzokaralaridan chekinib, orqaga katta qadam tashladi.
  • Rossiyaning yaxshi niyatining ham chegarasi bor, agar unga monand javob berilmasa bu Kiyev bilan muzokara jarayoniga yordam bermaydi.
  • Kiyevning real pozitsiyasini Vashington, London va g‘arbning boshqa davlatlari poytaxtlarida aniqlashtirib berilmoqda, biroq Rossiya Zelenskiy komandasi bilan aloqalarni davom ettiradi.
  • G‘arb vakillari Rossiyaga tiklab bo‘lmas ziyon yetkazishni maqsad qilib, Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlamoqda.
  • G‘arb Davlatlari Ukrainaga yetkazib berayotgan qurol-yarog‘lar Rossiya QKning qonuniy nishoniga aylanadi.
  • Ukrainadagi bugungi vaziyat shartnoma bilan yakunlanadi, lekin uning parametrlari harbiy harakatlardagi dolzarb vaziyat bilan belgilanadi.
  • G‘arb RFga o‘z chegaralari va ruslarni xorlayotgan hududlarni himoya qilish huquqini tan olmayapti.
  • Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgan NATO mohiyatan Rossiya bilan proksi-urushga kirishmoqda.
  • AQSh «Demokratiya uchun sammit» o‘tkazib, BMTga muqobil muzokara maydonini yaratishga urinmoqda.
  • AQShda «Ruslarga oid barcha narsalarga qarshi irqchilik» kayfiyati oliy darajada shakllantirilmoqda.
  • Yadroviy urush ehtimoli real, bu xavfga yetarlicha baho bermaslik mumkin emas.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Uzoq masofali yuqori aniqlikdagi qurol bilan Ukrainaning Donbassdagi guruhiga xorijda ishlab chiqarilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnika yetkazilayotgan Krasnoye, Zdolbunov, Jmerinka, Berdichyov, Kovel i Korosten rayonlaridagi temiryo‘l stansiyalariga zarbalar berilgan.
  • Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Ukrainaning 4 ta boshqaruv punkti, Slovyansk shahridagi o‘q-dori ombori, Novgorodovkadagi «Praviy sektor» shtabi yo‘q qilingan.
  • Raketa qo‘shinlari tomonidan Ukrainaning «Tochka-U» kompleksi pozitsiyasi, artilleriya batareyasi, tirik kuch va texnikalarning 10 ta jamlanmasi nishonga olingan.

 

Ukrainaga ko‘mak

Kiyevga safar qilgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Pentagon rahbari Lloyd Ostin Ukrainaga yangi 322 mln dollarlik harbiy yordam haqida e’lon qilishdi. AP ma’lumotlariga ko‘ra, bu summaning 165 mln dollari qurol-yarog‘ va o‘q-dori sotib olishga sarflanadi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Kiyevda. Foto: Time

Germaniyaning Rheinmetall konserni GFR hukumatidan Ukrainaga 88 ta Leopard 1A5 tanklarini yetkazib berishga ruxsat so‘radi. Die Welt nashrining yozishicha, ruxsat olinsa konsern dastlabki 22 ta tankni bir necha hafta ichida, qolganini yil oxirigacha yetkazib bera oladi.

Polsha bosh vaziri Ukraina T-72 tanklari sovg‘a qilinganini tasdiqladi. «Ukrainalik do‘stlarimizning xavfsizligi uchun ularning sonini e’lon qilmaymiz», degan u.

Bolgariya bosh vaziri Kiril Petkov Ukraina uchun mablag‘ yig‘ish kampaniyasini boshlab berdi.

 Bolgariya bosh vaziri Kiril Petkov / Foto: in-bulgaria.online

«Men Ukraina hukumati uchun mablag‘ yig‘ish bo‘yicha jamoatchilik kampaniyasini boshladim. Men Bolgariyaning har bir fuqarosini men kabi o‘z maoshini xayriya qilishga chaqiraman», degan bosh vazir ijtimoiy tarmoqda.

Buyuk Britaniya Ukrainaga Starstreak zenit raketalari uchirish qurilmasiga ega Stormer zirhli transportyorlarning «kichik bir qismi»ni (manbalarga ko‘ra, 250 ta) yetkazib beradi, degan mamlakat Ben Uolles Vakillar palatasidagi chiqishida.

Buyuk Britaniya Ukrainadan kirib keladigan barcha tovarlarga bojni bekor qildi. Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘zining yaqinda Kiyevga qilgan safarida buni va’da qilgan edi.

Slovakiya Ukrainaga 130 mln yevrolik harbiy yordam jo‘natdi, degan mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Martina Koval-Kakashchikova.

 

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Yevropa Ittifoqi Rossiya nefti importiga qarshi «aqlli sanksiya» tayyorlamoqda. Bundan maqsad Yevroittifoq iqtisodiyotiga yetkaziladigan ziyonni minimallashtirish, degan Yevropa komissiyasi raisining o‘rinbosari Valdis Dombrovskis Britaniyaning The Times nashriga bergan intervyusida.

Valdis Dombrovskis / Foto:obzor.lt

Konkida uchuvchilar xalqaro ittifoqi (ISU) Rossiyada 2022 yilning 25–27 noyabr kunlari o‘tadigan figurali uchish bo‘yicha Gran pri bosqichini taqvimdan olib tashladi. Sport tashkilotining rasmiy bayonotida ISU kengashi Ukrainadagi vaziyat tufayli bunday qarorga kelganini tushuntirgan.

Rossiyaning milliy ishlab chiqaruvchilari ham mamlakatni tark etmoqda. «Ural» og‘ir mototsikllar ishlab chiqaruvchi Ural Motorcycles kompaniyasi sanoatni Qozog‘istonning Petropavlovsk shahriga ko‘chirishini e’lon qildi. Bunga sabab RFga qarshi qo‘llanilgan sanksiyalar va butlovchi qismlarning yetishmasligi.

Ozarboyjon Rossiya gazi uchun rublda pul to‘lamaydi, deya bayonot bergan Ozarboyjonning SOCAR neft kompaniyasi.

 

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

Seshanba kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh Moskvada RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi. Shuningdek RF TIV rahbari Sergey Lavrov bilan ishchi uchrashuv o‘tkazadi. Payshanba kuni u Ukrainaga boradi, hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hamda TIV rahbari Dmitriy Kuleba bilan uchrashadi.

«Bosh kotib har ikki tomon rahbariyati bilan aniq gaplashib, muzokaralarda qanday yutuqlarga erishish mumkinligini ko‘ra olishi muhim. Pirovard maqsad — jangovar harakatlarni to‘xtatish, Ukrainadagi insonlarning ahvolini yaxshilash usullarini topish, ularga solinayotgan tahdidni kamaytirish va ularga insonparvarlik yordami ko‘rsatish», — degan bosh kotib matbuot kotibi o‘rinbosari Farhon Haq.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi yo‘qotishlarini sanadi.

 Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles / Foto: The Scotsman

Birlashgan qirollik Mudofaa vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, 15 mingga yaqin Rossiya harbiylari o‘ldirilgan, 2 mingga yaqin zirhli texnika yo‘q qilingan yo egallab olingan. Bu 530 dan ortiq tanklar, 530 dan ortiq zirhli transportyorlar va 560 dan ortiq piyodalar jangovar mashinasi. Uollesga ko‘ra, Rossiya 60 dan ortiq vertolyot va qiruvchi samolyotlaridan ajralgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kreml «barcha maqsadlarida muvaffaqiyatsizlikka uchragan», biroq «ukrainlar o‘z hayoti uchun kurashmoqda».

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid