Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi vaziyat: tomonlarning bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar
Ukrainada Rossiya armiyasi bilan ikki oydan ortiq davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlarga oid kechagi kun davomida va 28 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan hodisa, yangilik va xabarlarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.
Ukraina tomonining bayonotlari
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatida Yevropa Ittifoqi muhim qarorni tayyorlayotganini aytdi.
«Yevropa komissiyasi Ukraina eksporti uchun bir yil davomida barcha kvotalar va bojlarni bekor qilishga, shuningdek antidemping tariflarning amal qilishini to‘xtatib turishga rozi bo‘ldi. Bu taklifni bugun prezident Ursula fon der Lyayyen bilan muhokama qildik. Shaxsan unga va bizning yevropalik barcha do‘stlarimizga bu qadam uchun minnatdorchilik bildiraman. Aynan hozir bu Ukrainada iqtisodiy faollikni, bizning milliy ishlab chiqarishimizni maksimum darajada saqlab qolish imkonini beradi», — degan Zelenskiy.
Volodimir Zelenskiy Indoneziyada o‘tadigan G20 sammitiga taklifnoma oldi.
Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikovning aytishicha, jahonning 40 ta davlat mudofaa vazirlari Ramshtayn bazasidagi uchrashuvda Ukraina armiyasining g‘arb standartlari, texnikasi va kalibrlariga o‘tishi haqida strategik qaror chiqargan.
«Ukraina allaqachon 155 mm kalibrga ega artilleriya qurollarini olmoqda, bu Ukraina armiyasining NATO davlatlari armiyasi bilan to‘liq hamkorligini ta’minlaydi», — degan Reznikov.
Ukraina QK «Vostok» tezkor taktik guruhi dushmanning 3 ta hujumini qaytargan va rossiyaliklarga quyidagicha talafot yetkazgan (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Shaxsiy tarkib — 75 ga yaqin, BMP — 1, AT — 2, Pilotsiz uchar qurilma — 2
Rossiya tomonining bayonotlari
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada maxsus operatsiyaning boshlanishi bilan Rossiya Federatsiyasi uzra paydo bo‘lgan real xavfning oldi olinganligini ta’kidladi.
Putinning kechagi bayonotlaridan parchalar:
- Konstitutsiyaga 2020 yilgi tuzatishlar parlamentarizmni mustahkamladi, qonunchilikni tashqaridan turib o‘rgatish va aralashuvlarsiz rivojlantirishga sharoit yaratdi.
- Ukrainadagi harbiy operatsiyaning barcha vazifalari hech qanday shartlarsiz bajariladi. Maxsus operatsiya istiqbolda Donbass, Qrim va butun Rossiyaning xavfsizligini ta’minlaydi.
- Rossiyaning jahondagi raqiblariga Rossiyadek ulkan davlat shunchaki kerak emas.
- G‘arbning rusofoblar va neonatsistlarga ishonishi va tayanishi yangi geosiyosiy qurol.
- Ukrainani tashqaridan Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga gij-gijlashdi. Ukrainani RFga qarshi kurashda shunchaki sarf materialiga aylantirishdi.
- Agar kimdir Ukrainadagi vaziyatga tashqaridan aralashsa bunga javob yashin tezligida bo‘ladi.
Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Rossiya harbiy kosmik kuchlarining tezkor-taktik va armiya aviatsiyasi tomonidan Ukrainaning 38 ta harbiy obektiga zarba berilgan;
- RF havo hujumidan mudofaa tizimi Xarkov oblastida Ukrainaning Mi-24 vertolyotini urib tushirgan;
- RF QK yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Ukrainaning 17 ta harbiy obekti, jumladan 15 ta tirik kuch va texnikalar jamlanmasiga zarba bergan;
- RF harbiy kosmik kuchlari ikkita S-300 va «Osa-AKM» zenitli raketa komplekslarini nishonga olgan, 210 dan ortiq ukrain askarlarini va UQKning 43 ta zirhli texnikasini yo‘q qilgan;
- Artilleriya bo‘linmalari kun davomida 309 ta nishonni o‘qqa tutgan;
- RF QK maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan buyon UQKning 609 ta pilotsiz uchar qurilmasi va 2616 ta zirhli texnikasini yo‘q qilgan.
Rossiyaga qarshi jazo choralari va sanksiyalar
G‘arb davlatlarining yangi to‘lov sxemasini rad etishi tufayli Rossiyada neft qazib chiqarish 17 foizga qisqarishi mumkin, degan RF moliya vaziri Anton Siluanov. Dastlabki baholashlarga ko‘ra, 2022 yilda Rossiya budjeti taqchilligi 1,6 trln rublni tashkil etadi.
Xalqaro turizm tashkiloti UNWTO a’zolari ularning ovozlari eshitilishiga erishishgani va Rossiyaning ushbu tashkilotdagi a’zoligini to‘xtatishga qaror qilishdi, deb yozdi UNWTO bosh kotibi Zurab Pololikshvili Tvitterda.
«Mujda aniq: xatti-harakatlar doimo oqibat keltirib chiqaradi. Tinchlik asosiy inson huquqlaridan biridir. U barchaga kafolatlangan. Istisnolarsiz», — degan Pololikshvili.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning BMT turizm tashkilotidan chiqishi mamlakatdagi turizm sanoatini rivojlantirishga hech qanday ta’sir o‘tkazmasligini ta’kidladi.
Shveytsariyada 9,34 mlrd dollarlik Rossiya aktivlari muzlatildi, deb xabar bermoqda Neue Zuercher Zeitung gazetasi. 7 aprelga nisbatan muzlatilgan summa miqdori 1,5 mlrd dollarga ortgan.
Shveytsariya Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etdi, jumladan ko‘mir importi taqiqlanadigan bo‘ldi.
AQSh Ukrainadagi voqealar sabab Rossiya Federatsiyasini terrorizmning homiylari bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga tirkash imkoniyatini o‘rganib chiqmoqda, deya AQSh davlat kotibi Entoni Blinkendan iqtibos keltirmoqda TASS.
Fransiya hukumati rossiyalik tadbirkorlarga tegishli uchta villani xatlovga olgan, deb xabar bermoqda TASS. Gap rus oligarxlari Shamalov, Deripaska va Bajayevga tegishli Lojuvard sohil va Biaritssadagi villalar haqida bormoqda.
SkyTeam alyansi «Aeroflot» aviakompaniyasining a’zoligini to‘xtatdi.
«Aeroflot» va Utair aviakompaniyalarining ilovasi App Store’dan olib tashlandi. Aviakompaniyalar hozircha buni izohlamadi.
Ikki oy mobaynida Rossiyada kinozallarning yarmisi yopilishi mumkin, deya bayonot bergan Rossiya kinoteatr egalarining assotsiatsiyasi. Tashkilot kinoteatrlar tushumi 80 foizga pasayishini prognoz qilmoqda.
Rossiya tomonining qarshi choralari
Rossiya iqtisodiyoti G‘arbda qaqshatqich deb baholangan sanksiyalar zarbasi ostida sochilib ketmasdan, turib bera oldi, degan RF prezidenti Putin.
«Gazprom» mahalliy gaz taqsimlovchi kompaniyalari gaz uchun rublda haq to‘lashdan bosh tortgani uchun Bolgariya va Polshaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi.
Italiyaning Eni kompaniyasi Rossiyadan import qilinadigan tabiiy gaz uchun rublda hisob raqam ochishni rejalashtirmoqda, deya xabar bergan Bloomberg agentligi.

Finlandiya Rossiya gazi uchun rublda to‘lov qilishdan bosh tortdi, deb yozadi finlarning Helsingin Sanomat gazetasi Yevropa ishlari bo‘yicha va mulkni boshqarish vaziri Tyutti Tuppuraynega tayanib.
Xalqaro hamjamiyatning munosabati
Yevropa parlamenti prezidenti Roberta Metsola Rossiya energiya resurslariga qarshi butunevropa embargosini joriy etishga chaqirdi.
«Avtokratlarga bog‘liqligimizni yo‘q qilish vaqti yetib keldi», — degan Metsola Tvitterda.
Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy kanselyariyasi mamlakat Rossiya gazidan to‘liq mustaqil bo‘lgani to‘g‘risida bayonot berdi.
«Bugundan boshlab biz Rossiyaga har qanday bog‘liqlikdan xalos bo‘ldik. Bizning omborlarimiz avvalgidek to‘la, biz har kuni ularni 100 foizga to‘ldirib qo‘yamiz. Bugunga kelib gazning 78 foizi shimol, janub va g‘arbdan kelmoqda, shuningdek o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda», — degan Moravetskiy.
Rossiya gazi uchun rublda haq to‘lanishini talab qilish Yevropa Ittifoqining sanksiyalar rejimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri zid, dedi Daniya tashqi ishlar vaziri Yppe Kufud.
Ukraina iqtisodiyoti taxminan 60–70 foiz darajada faoliyat ko‘rsatishda davom etadi — YeTTB.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Fransiya TIV rahbari Jan-Iv Le Drian bilan telefon orqali gaplashib, jumladan Ukrainaga harbiy yordamni ko‘paytirishni muhokama qilgan.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025