Samarqand shahriga viloyatdagi tumanlardan elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi
Samarqand shahrida transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimotida viloyatning Past Darg‘om va Bulung‘ur tumanlarini Samarqand shahri bilan bog‘laydigan elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.
Yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash rejalari bo‘yicha ham axborot berildi. Bu yil Samarqand shahrida 160 kilometr yo‘l ta’mirlanadi, 5 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi boshlanadi. 102 ta yangi bekat tashkil qilinib, mavjudlari tartibga keltiriladi.
Davlat rahbari yo‘llar qurish va ta’mirlash bilan birga ularni sifatli saqlash ham zarurligini ta’kidladi.
«Biz ko‘p yo‘l qurdik, lekin uning ekspluatatsiyasi bilan aytarli shug‘ullanilmadi. Yo‘llarning balansi, foydalanish muddatining tahlili yo‘q. Sarflanayotgan mablag‘ maqsadli emas. Ba’zan yo‘l ustiga yana yo‘l quriladi. Shuning uchun qayerga yo‘l qurish, qaysini ta’mirlashni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati aytishi kerak. Chunki ko‘chalardagi tirbandlik, xavfsizlik shunga bog‘liq», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning shu yil 4 apreldagi «Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari hududiy ichki ishlar organlarining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari huzuriga o‘tkazildi.
Taqdimotda Samarqand viloyati maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar ham ko‘rib chiqildi. Samarqand shahridagi 49 ta chorrahada «transport oqimini raqamli boshqarish» tizimi joriy etilishi, 140 ta chorrahaga zamonaviy svetoforlar o‘rnatilishi, markaziy ko‘chalar zamonaviy yo‘l belgilari bilan jihozlanishi qayd etildi. Natijada svetoforda turish vaqti 31 foizga, harakat vaqti 36 foizga, harakat tezligi 17 foizga yaxshilanadi.
Yo‘l quruvchi tashkilotlar va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini o‘qitish, malakasi va dunyoqarashini oshirish, tanlov asosida ishga olish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.