Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar
Ukrainada Rossiya armiyasi bilan ikki oydan ziyod davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlar va urush atrofidagi voqea-hodisalarga oid so‘nggi rasmiy xabarlar va yangiliklarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.
Ukraina tomonining bayonotlari
Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatnomasida uzoq muddat tayyorlangan Mariupol shahridagi «Azovstal» zavodidan evakuatsion operatsiya nihoyat o‘zining birinchi natijasini berganini aytib o‘tdi.
«Bu katta sa’y-harakat va turli vositachiliklarni talab qildi. Bugun Zaporojyega 156 kishi yetib keldi. Ular asosan ayollar va bolalar. Ular ikki oy mobaynida yerosti omborlarida jon saqlashgan. Tasavvur qiling! Masalan, olti oylik go‘dak umrining ikki oyini yer ostida bomba va o‘qlardan qutulib qolish uchun o‘tkazgan. Nihoyat bu insonlar to‘liq xavfsizlikda. Ularga barcha zarur yordam ko‘rsatiladi», — degan Zelenskiy.
Zelenskiy The Wall Street Journal direktorlar kengashi sammitida Ukrainaning pirovard maqsadi Qrim bilan qo‘shib hududiy yaxlitlikni tiklashdan iborat ekanligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «hududiy yaxlitlikni tiklash — birinchi raqamli vazifa. Bu Rossiya Federatsiya qo‘shinlarini 24 fevralgacha bo‘lgan chegaragacha siqib chiqarish». Zelenskiy Qrim ham yana Ukraina qismlaridan biri bo‘lishidan umid qilishini aytgan. Uning talqiniga ko‘ra, bunga urush tugagach diplomatik yo‘l bilan erishish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, Ukraina prezidenti Rossiya tovon puli to‘lashi kerakligini ham aytgan: «Rossiya Ukrainaning tiklanishida o‘z rolini o‘ynashi kerak, bu holda butun Yevropa va G‘arb davlatlarining qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘ladi».
Zelenskiyning baholashicha, Ukraina iqtisodiyoti va infratuzilmasini tiklash uchun taxminan 600 milliard dollar kerak bo‘ladi.
Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Dushmanning 12 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
- 6 ta tank, 5 ta artilleriya tizimi, 15 ta harbiy zirhli texnika, bitta harbiy maxsus mashina va 9 ta avtomobil yo‘q qilingan.
- Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida bitta qanotli raketa va «Orlan-10» tipidagi 3 ta pilotsiz uchar qurilmalarni urib tushirgan.
Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining ma’lumotlari:
- Rossiya Kaspiy hududidan turib Tu-95 va Tu-160 samolyotlaridan Ukraina shaharlari tomon 18 ta raketa uchirgan.
- Ukraina Harbiy havo kuchlari va quruqlikdagi qo‘shinlari havo hujumidan mudofaa tizimlari 8 ta qanotli raketani urib tushirgan.
- 7 ta pilotsiz uchar qurilmalar va bitta aviatsion raketa urib tushirilgan.
«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:
Rossiya qo‘shinlari 6 ta hujum uyushtirgan. Dushmanning yo‘qotishlari:
- Shaxsiy tarkib — 40; tanklar — 5; BMP — 2; artilleriya taktik nuqtalari — 7, minomyot hisoblari — 1.
«Pivden» («Janub») tezkor qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, sutka davomida dushmanning umumiy yo‘qotishlari 47 nafar askar, 15 ta texnika: jumladan 2 ta pilotsiz razvedka uchog‘i, radiolokatsion stansiya va dizel generator, 3 ta zenit raketa kompleksi va 8 ta avtomobil texnikasidan iborat bo‘lgan. Shuningdek, dushmanning 7 ta ombori, o‘q-dori va yonilg‘i-moylash materiallari ortilgan kolonnasi ham yo‘q qilingan.
Rossiya tomonining bayonotlari
Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotidan:
- Ukraina xavfsizlik xizmatining Ukraina hokimiyati xatti-harakatlarini qoralovchi mahalliy fuqarolarga qarshi reydlari Xarkov, Nikolayev, Sumi va boshqa shaharlarda o‘tkazilgan;
- Ukraina qo‘shinlari zirhli texnika va birvarakayiga o‘t ochish tizimini Nikolayevdagi maktab hududiga joylashtirgan;
- RF QK «DXR», «LXR» va Ukraina hududidan 11,5 mingdan ortiq kishini Rossiyaga evakuatsiya qilgan;
- Ukrainaning yettita portida 17 davlatdan 75 ta kema bloklangan holda turibdi.
Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- RF HKK Ukrainaning 39 ta harbiy obektiga zarba bergan;
- Rossiya HHM tizimlari Ukrainaning «Tochka-U» raketasini urib tushirgan va «Smerch» tizimining to‘qqizta snaryadini ushlab olgan;
- RF o‘zining yuqori aniqlikdagi raketalari bilan kun davomida Ukrainaning 3 ta «S-300» ZRK, bitta «Tochka-U» kompleksi, 3 ta «Grad» birvarakayiga o‘t ochish raketa tizimini yo‘q qilgan;
- Rossiya HKK kun davomida oltida o‘q-dori va raketa-artilleriya qurol-yarog‘lar omborlari, bitta AQShda ishlab chiqarilgan radiolokatsion tizimni yo‘q qilgan;
- RF QK artilleriyasi 190 ga yaqin Ukraina askarlari, UQKning 31 ta harbiy texnikasini yo‘q qilgan.
Ukrainaga ko‘mak
Germaniya bundesver zaxirasidan Panzerhaubitze 2000 o‘ziyurar gaubitsalaridan 7 tasini Ukrainaga yetkazib beradi.
Buyuk Britaniya frontning old chizig‘iga qurol-yarog‘ va uskunalar yetkazib bera olishi mumkin bo‘lgan Malloy T150 pilotsiz uchar qurilmalarni yetkazadi. Bu Britaniyaning 300 mln funt-sterling miqdoridagi harbiy yordamining bir qismi. Pilotsiz uchoqlar 70 km uzoqlikka parvoz qilib, 68 kg yuk ko‘tara oladi.
Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari
Xitoydagi xususiy neftni qayta ishlash zavodlari Rossiya neftining faol xaridoriga aylangan, deb xabar bermoqda Britaniyaning Financial Times nashri.
May oyi boshidan buyon rekord hajmdagi Rossiya gazi Italiyaga yetkazilmoqda, deb xabar beradi Corriere della Sera nashri Ukraina orqali o‘tuvchi gaz quvurlari operatorlari ma’lumotiga asoslanib. Aniqlik kiritilishicha, bu tendensiya narx tebranishi, shuningdek, Ukrainadagi ziddiyat kuchayishi ortidan spot shartnomalari bo‘yicha ortganligi hamda Polsha va Bolgariyaning gazdan uzilganligi bilan bog‘liq.
Yevropa Ittifoqining oltinchi sanksiyalar paketi Rossiya neftidan yarim yil ichida voz kechish hamda yil oxirigacha neft mahsulotlari importidan to‘liq voz kechishni nazarda tutadi, deb yozadi Wall Street Journal. Bunda Vengriya va Slovakiyaga neft importidan voz kechish uchun 20 oy muddat beriladi. Xuddi shunday imtiyozlarga Chexiya va Bolgariya ham da’vogar. Sanksiyalar tasdiqlanishi uchun Yevroittifoq a’zolarining yakdil ovozi talab qilinadi.
Rossiya Moliya vazirligi sanksiya ostiga tushgan yoki tushishi mumkin bo‘lgan yuridik shaxslarning egalari va aktivlari haqidagi ma’lumotlarni maxfiylashtirishni taklif qildi. Bu haqda hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Rossiyaliklarga Visa kartalarning bloklanishini aylanib o‘tishga yordam berib turgan Bankoff servisi ham bloklandi. Bankoff virtual to‘lov kartasini bankka kelmasdan ochish imkonini taqdim etgan edi. Kecha Visa va Stripe rossiyalik faol foydalanuvchilar soni hamda ularning o‘tkazmalari soni juda ko‘payganligi tufayli Bankoff kartalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan. Kartalar ortiq onlayn va oflayn to‘lovlar uchun yaroqli emas. AQShdagi hisob raqamlarda to‘plangan jami mablag‘lar esa muzlatilgan.
British Petroleum neft kompaniyasi prezidenti Bernard Lunining baholashicha, Rossiyada neft qazib olish kuniga 1 mln barrelga qisqargan, may oyida kunlik qisqarish yana 1 mln barrelga ko‘payadi. Rossiyada gaz va neft qazib olish hajmi qisqarayotgani bilan, energiya resurslarning narxi oshib borayotgani sababli ularning sotuvidan tushum miqdori kamayayotgani yo‘q.
Xalqaro hamjamiyatning munosabati
AQSh yadroviy urushda g‘olib tomon bo‘lmasligini ta’kidlab, Rossiya hokimiyatini yadroviy qurollar borasidagi ritorikada qizg‘inlikni pasaytirishga chaqiradi, — degan Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki.
Pentagon Rossiya QKning Ukrainadagi taktikasini diqqat bilan kuzatib, RF generaliteti o‘z xatolarini tan olishga qodir emas, degan to‘xtamga kelgan. Bu haqda Kongressdagi chiqishlari chog‘ida Pentagon vakillari bayonot bergan.
AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin va shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi rahbari Mark Milli Senatga bergan hisobotida Rossiya armiyasida jang maydonida tashabbusni o‘z qo‘liga ololadigan tajribali kichik va o‘rta ofitserlar yo‘qligini aytishgan.
«Voqealar yer ustida rivojlangan chog‘da ular o‘zlarini moddiy-texnika ta’minoti bilan ta’minlay olmaganini ko‘rdik, urush avvalida ayrim xato taxminlarga yo‘l qo‘yishgani, yer usti manyovrlariga havodan beriladigan zarbalarni integratsiya qila olishmagani va boshqa bir qator xatolarni ko‘rdik. Men buni quyi darajada munosib rahbariyat yo‘qligiga yo‘ydim», — degan Lloyd Ostin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, frontga muntazam jo‘natib turishi ortidan Rossiya ko‘plab generallaridan ajralgan. Pentagondagilar bu xatolar uzoq davom etuvchi va tizimli xarakterga ega bo‘ladi, deb hisoblashmoqda. Ya’ni Rossiya qo‘shinlari ularni Donbass uchun urush davomida to‘g‘rilay olishmaydi.
Ostin va Milli Ukraina qo‘shinlari aksincha, dinamik jang maydonida markazlashmagan nazoratdan oqilona foydalanib, abjir va chaqqon chiqib qolganini aytishgan.
Fransiyaning qayta saylangan prezidenti Emmanuel Makron RF prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Mariupol va Donbassdagi vaziyatdan tashvishda ekanini bayon etgan. Makron shuningdek, «Azovstal» hududidan evakuatsiyaning davom etishini qo‘llashga chaqirgan. Makron Putinga tinchlikka erishish uchun kelishuvga erishishda yordam berishga tayyor ekanini aytgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 24 fevralidan 2 mayiga qadar BMT Ukrainadagi tinch aholi vakillari orasida 6546 nafar qurbonlarni ro‘yxatga olgan: asosan aviazarbalar va o‘t ochishlar natijasida 3193 kishi o‘ldirilgan (227 nafari bolalar), 3353 kishi yaralangan (321 nafari bolalar). Real yo‘qotishlar karrasiga ko‘proq.
Qozog‘iston hattoki KXShT shartnomasi doirasida ham Ukraina o‘z harbiylarini jo‘natmaydi, — degan Qozog‘iston mudofaa vaziri o‘rinbosari Sulton Kamoliddinov.
Xorvatiya prezidenti Zoran Milanovich agar masala prezidentlar darajasida hal qilinadigan bo‘lsa Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga veto qo‘yishini ta’kidladi. Milanovich shuningdek, bu qarori Rossiya bilan bog‘liq emasligini, u ruslardan ham, ukrainlardan ham qo‘rqmasligini aytdi.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025