Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, munosabatlar, yordam va sanksiyalar
Ukrainada Rossiya armiyasi bilan ikki oydan ziyod davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlar va urush atrofidagi voqea-hodisalarga oid so‘nggi rasmiy xabarlar va yangiliklarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.
Ukraina tomonining bayonotlari
Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatnomasida janglarda vafot etgan jurnalistning yaqinlariga ta’ziya izhor qildi.
«Bugun taniqli jurnalist Aleksandr Maxov vafot etdi. Xarkov oblastida, Izyum shahri ostonasidagi janglarda. U 36 yoshda edi. Men uning yaqinlari va do‘stlariga samimiy ta’ziyamni izhor qilaman.
Uning o‘g‘li Vladislav bilib qo‘yishi kerak: Rossiya bu o‘lim uchun javob beradi. Biz albatta Ukraina uchun g‘alaba qozonamiz. Aminmanki, bu Aleksandrning ham orzusi bo‘lgan. Biz uni amalga oshiramiz. U va Ukraina uchun jon fido qilgan barcha qahramonlarimizning yodi abadiy!» — degan Zelenskiy.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga «Azovstal» zavodi hududidan barcha yaralanganlarni olib chiqishda yordam berishni so‘rab murojaat qildi.
Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Dushmanning 11 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
- 5 ta tank, 7 ta harbiy zirhli texnika, 5 ta avtomobil yo‘q qilingan.
- Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida 2 ta Su-30 samolyoti, «Orlan-10» va «ZALA-421» tipidagi 2 ta pilotsiz uchar qurilmalarni urib tushirgan.
Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining ma’lumotlari:
- Rossiya aviatsiyasining 2 ta samolyoti (taxminan Su-30 qiruvchi samolyotlari), «Orlan-10» tipidagi 4 ta pilotsiz uchar qurilma, 3 ta qanotli raketa urib tushirilgan.
«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:
- Rossiya qo‘shinlari bitta hujum uyushtirgan. Dushmanning yo‘qotishlari: 36 nafar shaxsiy tarkib, 2 ta piyodalar zirhli mashinasi (BMP), 2 ta zirhli transportyor (BTR), 3 ta artilleriya nuqtalari.
Rossiya tomonining bayonotlari
Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Ispaniyaning «ABC» nashriga bergan intervyusidan parchalar:
«Moskva Ukrainaga taqdim etilayotgan hududiy talablar kelishuvlarni qiyinlashtirmoqda, deb hisoblaydimi?» degan savolga Zaxarova quyidagi javob bergan:
«Bu allaqachon yuzaga kelib bo‘lgan hududiy voqelikdir, uni Kiyev ham, boshqa davlatlar ham tan olishi kerak. Bu voqelik 2014 yilda neonatsistik davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyat tepasiga kelgan Kiyev hokimiyatining siyosati tufayli paydo bo‘lgan. Qrim Rossiyaga qaytdi, «DXR» va «LXR» mustaqil davlatlarga aylandi. Xalqlarning qonuniy va ongli tanlovi, BMT ustavida belgilangan xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini hurmat qilish kerak».
«Rossiyaning Checheniston, Janubiy Osetiya va hozir Ukrainadagi xatti-harakatlari mutlaqo qonuniy, biroq Donbassda genotsid uyushtirgan va o‘z mamlakatida ruslarga oid barcha narsalarni yo‘q qilishga uringan Kiyev hokimiyatining harakatlari legitim emas, antikonstitutsiyaviy va axloq qoidalariga xilof», — degan Zaxarova.
Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan kun davomida 4 ta artilleriya batareyalari, uchta o‘q-dori omborlari, 20 ta jonli kuch va harbiy texnika jamlanmasi, AQShda ishlab chiqarilgan aksilbatareya kurashi radiolokatsion stansiyasi yo‘q qilingan.
- Tezkor taktik va armiya aviatsiyasi yordamida 77 ta jonli kuch va harbiy texnika jamlanmasi nuqtasiga zarba berilgan. 310 nafargacha askarlar, 36 ta qurol-aslaha va harbiy texnika yo‘q qilingan.
- Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan BM-21 «Grad» birvarakayiga o‘t ochish tizimi batareyasi o‘t ochish pozitsiyasida yo‘q qilingan, shuningdek jonli kuch va harbiy texnika jamlanmasining 83 ta nuqtasi nishonga olingan.
- RF havo hujumidan mudofaa tizimlari yordamida 6 ta pilotsiz uchar qurilma, «Smerch» birvarakayiga o‘t ochish tizimining ikkita reaktiv snaryadi urib tushirilgan.
- Maxsus harbiy operatsiya boshidan buyon: 146 ta samolyot, 112 ta vertolyot, 712 ta pilotsiz uchar qurilma, 287 ta ZRK, 2817 ta tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 323 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari, 1292 dala artilleriyasi va minomyotlar, shuningdek 2624 ta harbiy avtomobil texnikasi yo‘q qilingan.
Ukrainaga ko‘mak
Ukraina hududiga raketa zarbalari seriyasini berayotgan RF qo‘shinlari o‘ta muhim infratuzilmalarni ishdan chiqarishga harakat qilishmoqda. Biroq AQSh avvalgidek harbiy yordamni yetkazishga qodir, deya Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbining so‘zlarini keltirmoqda CNN.
«AQSh qurol-yarog‘ va boshqa resurslar Ukrainaga hamon uzluksiz yetkazilayotganidan xabardor, chunki biz ular bilan har kuni gaplashib turibmiz», — degan Kirbi.
AQSh Mudofaa vazirligining baland martabali mulozimi, general Jozef Hilbert 2015 yildan buyon Ukrainaning 17 turli bataloni va 11 ta turli brigadalaridan 23 mingdan ziyod harbiy xizmatchilari o‘qitilganini aytib o‘tdi.
Bolgariya parlamenti Ukrainaga humanitar, moliyaviy va harbiy yordam berish haqida qaror qabul qildi. Harbiy yordam Ukrainaning ziyon ko‘rgan harbiy texnikalarini ta’mirlab berishdan iborat bo‘ladi. Avvalroq shunday ta’mir va modernizatsiya borasidagi ko‘mak haqida Chexiya va Slovakiya qaror qabul qilgan edi.
Germaniya Ukrainaga Panzerhaubitze 2000 gaubitsalari aniqligini oshiruvchi Cobra radiolokatsion stansiyalarini yetkazishga tayyor, deb xabar beradi Die Welt nashri. COBRA (Counter Battery Radar) radar texnologiyasi artilleriya razvedkasi tizimi bo‘lib, dushmanning 80 mm.dan yuqori gaubitsalari va minomyotlarini topa oladi. Bittasi 50 mln yevro turuvchi radar ikki daqiqada 40 ta o‘t ochish pozitsiyasini aniqlab beradi.
Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yaqin kunlarda joriy etiladigan sanksiyalarining oltinchi paketi tafsilotlari bilan tanishtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Sberbank» va yana ikkita yirik bank (ular «Rosselxozbank» va «Moskovskiy kreditniy bank» bo‘lishi mumkin) SWIFT tizimidan uzilishi kutilmoqda, shuningdek rus harbiylari va uchta davlat telekanaliga nisbatan sanksiyalar qo‘llanadi. Bundan tashqari, Rossiya neftiga nisbatan to‘liq embargo joriy etiladi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi doirasida Yevropa davlatlari kemalari va kompaniyalariga Rossiya neftining jahon bo‘ylab tashuvi, shuningdek sug‘urta sohasida xizmat ko‘rsatishni taqiqlashni taklif qilmoqda, deb yozadi hujjat loyihasi bilan tanishgan Bloomberg.
Shuningdek, yangi sanksiyalar bilan Rossiya fuqarolariga va yuridik shaxslariga Yevropa Ittifoqi hududida ko‘chmas mulk xarid qilish taqiqlanishi ham mumkin
Coca-Cola kompaniyasi Rossiya bozorini to‘liq tark etishi mumkin, degan kompaniya bosh direktori Jyeyms Kvinsi.
Buyuk Britaniya VGTRK va Rossiyaning boshqa OAVlari hamda jurnalistlariga nisbatan sanksiyalar joriy etmoqda. Britaniya TIV ijtimoiy tarmoqlar, internet-servislar va ilovalar do‘koni RT va Sputnik kontentini bloklashi kerakligini ta’kidlagan.
Kaliningraddagi «Avtotor» holdingi «korxonadagi murakkab iqtisodiy ahvol» tufayli o‘z xodimlarini «qo‘shimcha ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash» maqsadida, istovchilarga 10 sotixdan haydalgan ekin maydoni ajratishga qaror qilgan. Ushbu korxonada BMW, Kia va Hyundai avtomobillari yig‘ilgan. 1 maydan boshlab mashinalar uchun butlovchi qismlar kelmay qo‘ygani sababli xodimlar jamoaviy mehnat ta’tiliga chiqarilgan.
Yevroittifoq davlatlarining doimiy vakillari hozir Rossiya nefti embargosi masalasida kelisha olishmayapti, deya xabar bergan Reuters manbalari.
- Chexiya embargoni qo‘llashi, biroq boshqa manba topilguncha 2-3 yillik o‘tish davriga muhtoj ekanini bildirgan.
- Slovakiya ham unga 3 yillik o‘tish davri taqdim etilsa embargoga rozilik bildirgan. Biroq Slovakiya energetika vaziri Rossiya neftini taqiqlash Yevropa iqtisodiyotini tanazzulga uchratishini aytgan.
- Vengriya Rossiyadan quvurlar orqali neft olishga istisno taqdim etilmasa embargoni qo‘llamasligini bildirgan.
Yevropa diplomatlari NYTga Vengriya va Slovakiyaga Rossiya energiya resurslarini 2023 yil oxirigacha xarid qilish imkoniyati taqdim etilishi muhokama qilinayotganini bildirishgan.
Rossiya gazi importining to‘xtatilishi Italiyada 565 ming ish o‘rni yo‘qotilishiga olib keladi, deyiladi Corriere della Sera nashri chop etgan tadqiqot natijasida.
Rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov o‘zining sanksiya ro‘yxatiga qo‘shilganidan shikoyat qilib, Yevropa sudiga da’vo arizasi kiritgan.
Moskva birjasida 1 AQSh dollari kursi 2020 yil martidan buyon ilk marta 67 rublgacha tushgan. Yevro kursi 2020 yil fevralidan buyon ilk marta 70 rubldan pastlagan.
Moskva Yaponiya bosh vaziri va tashqi ishlar vaziriga Rossiyaga kirishni taqiqlab qo‘ydi. RF TIVning xabariga ko‘ra, sanksiyalar Yaponiyaning 63 fuqarosiga nisbatan joriy etilgan.
Xalqaro hamjamiyatning munosabati
AQSh prezidenti Joy Bayden Amerika Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llashga ochiq ekanini aytib, bu borada G7 davlatlari a’zolari bilan maslahat qilishini bildirgan.
AQSh Ukrainaning ham jang maydonidagi, ham muzokaralar stolidagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun barcha kuch-quvvatini ishga soladi, degan Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki.
Xitoy TIV vakili SSSR va AQSh o‘rtasidagi 1990 yilgi, NATOni sharq tomon kengaytirmaslik to‘g‘risidagi Gorbachyov va Beyker o‘rtasidagi kelishuvni eslatgan.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025