Jamiyat | 16:49 / 10.05.2022
13286
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sel Jiguli mashinasini oqizib ketdi

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 2022 yil 9-10 may kunlari Samarqand viloyatining bir qator tumanlarida yomg‘ir yog‘ib, kuchli sellar kelgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining ayrim tumanlarida kuchli sel kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unda aytilishicha, 2022 yil 9 may kuni tunda Samarqand tumani “Yuqori Ohalik” MFYda ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘ishi natijasida ushbu hududdan oqib o‘tuvchi soyga yomg‘ir suvlari sig‘may, toshib chiqishi holati yuzaga kelgan.

Hodisa oqibatida taxminan soat 23:30 larda ushbu mahallada yashovchi fuqaro M.A.ga tegishli bo‘lgan “Jiguli VAZ-21011” mashinasi yashash uyi yaqinidagi soy suv yo‘lida qolganligi sababli sel uni taxminan 40-50 metr masofaga surib borgan. Oqibatda mashinaga qisman zarar yetgan.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Mazkur holat yuzasidan Samarqand tuman FVBga fuqarolar tomonidan murojaatlar kelib tushmagan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bugun, 2022 yil 10 may kuni ham Samarqand viloyatining bir qator tumanlarida yomg‘ir yog‘ib kuchli sellar kelgan. Jumladan, Urgut, Nurobod, Samarqand tumanlarida soylar va ayrim ko‘chalar to‘lib suv oqqan.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi qishloqlardan birida 40 dan ortiq xonadonni suv bosgan va 230 nafardan ortiq fuqaro xavfsiz joyga ko‘chirilgandi.

Shuningdek, 2022 yil 3 may kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar Surxondaryo viloyatining bir qator hududlarida kuchli sellarni keltirib chiqardi. Sel yengil mashina va chorva mollarini oqizgan. Bundan tashqari, yuqori kuchlanishli elektr liniyasi temir ustunini yiqitgandi.

Bundan tashqari, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida yengil mashinalarni sel oqizib ketgandi.

“O‘zgidromet” 9-13 may kunlari yog‘ingarchilik oqibatida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Avvalroq, 2022 yil 20 aprel kuni yog‘gan yomg‘irlar Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlarida kuchli sellar kelishiga sabab bo‘lgan. Oqibatda, ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obektlari, ekin maydonlari sel oqimlaridan zararlangandi.

Forish tumanida 4 nafar fuqaro (1 nafar erkak, 3 nafar ayol) sel oqizib ketishi natijasida halok bo‘lgan. Ushbu tumanda bir nechta qishloqni sel bosgan, xonadonlar suv ostida qolgan, mashinalarni suv oqizgandi.

Mavzuga oid