Jahon | 08:36 / 11.05.2022
27719
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainadan o‘g‘irlangan donni Suriyaga jo‘natgani ma’lum qilindi

Ukraina Mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari tomonidan olib chiqib ketilgan Ukraina doni O‘rta Yer dengizidagi yuk kemalarida saqlanmoqda va Suriyaga jo‘natish uchun tayyorlanmoqda.

Foto: TASS

Rossiya qo‘shinlari Ukrainadan o‘g‘irlangan hosilni Rossiya hududiga, Qrimga va O‘rta Yer dengizidagi yuk kemalariga olib o‘tmoqda, u yerdan esa Suriyaga jo‘natishi mumkin. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi 10 may, seshanba kuni xabar berdi.

«Hozirgi vaqtda Ukrainadan o‘g‘irlangan donning salmoqli qismi O‘rta Yer dengizida Rossiya bayrog‘i ostidagi yuk kemalarida ekani ma’lum bo‘ldi. Yuk Suriyaga yuborilishi mumkin. U yerdan don Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlarga kontrabanda orqali olib o‘tilishi mumkin», deyiladi razvedka hisobotida.

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Zaporojye viloyatidan Rossiya hududiga don va kungaboqar urug‘larini tashishga ham tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ukraina harbiylariga ko‘ra, mintaqadagi omborxonalardan olingan g‘alla ortilgan Rossiya yuk mashinalari karvoni Qrimga yo‘l olgan. 

Rossiya chegarasi yo‘nalishida Xarkov viloyatidan ham g‘alla olib chiqib ketilmoqda, Xerson viloyatidan Qrimga yana 1500 tonna g‘alla olib kirilgan, deya xabar berdi razvedka. Ukraina harbiylarining aytishicha, Rossiya qo‘shinlari dondan tashqari, Qrimga «Ukrainada o‘g‘irlangan katta hajmdagi sabzavotlar – lavlagi, kartoshka, karam»ni ham olib ketmoqda. 

Ukraina ommaviy axborot vositalari Rossiya ishg‘ol qilingan hududlarda ukrainalik fermerlardan qishloq xo‘jaligi texnikasi va minglab tonna g‘allani o‘g‘irlayotgani haqida bir necha bor xabar bergan. Bu haqda CNN ham manbalarga tayanib yozgan. Bu jarayon so‘nggi haftalarda mamlakat janubida qishloq xo‘jaligi hosiliga boy Xerson va Zaporojye viloyatlarida Rossiya qo‘shinlarining kuchayishi fonida ortdi, deb ta’kidlagan telekanal. 

Kiyev Iqtisodiyot maktabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning harbiy harakatlari arafasida Ukrainadan eksportga chiqarish uchun 6 million tonna bug‘doy va 15 million tonna makkajo‘xori tayyor turgan, ularning aksariyati mamlakat janubida bo‘lgan. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya Ukrainadan olib chiqib ketilgan donni sotishni rejalashtirayotgani va buning uchun xaridorlar topganini aytdi. «Men hozir bu haqda gapirmoqchi emasman. Ukrainadan o‘g‘irlangan ekinlarimizni Rossiyadan sotib olish uchun ortdan turib shartnoma tuzayotgan aniq davlatlarni aytishni istamayman. Bizda bu davlatlarning nomlari bor», - dedi Zelenskiy Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Urushdan oldin Ukraina bug‘doy va makkajo‘xori yetishtirish bo‘yicha dunyodagi eng yirik mamlakatlardan biri edi. 2020 yilda mamlakatda 30 million tonna makkajo‘xori va 25 million tonnaga yaqin bug‘doy hosili yig‘ib olindi. Shimoliy Afrikaning ko‘plab mamlakatlari Ukrainadan g‘alla eksportiga bog‘liq edi. 

Birlashgan millatlar tashkiloti Jahon oziq-ovqat dasturining Germaniyadagi direktori Martin Frikning aytishicha, Rossiya harbiy harakatlari tufayli Ukraina portlarida deyarli 4,5 million tonna don qolib ketgan. 

Xalqaro tashkilotlar va davlat rahbarlari Ukrainadagi urush tufayli dunyoda real oziq-ovqat tanqisligi tahdidi yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari oqibatida 1,7 milliardga yaqin odam qashshoqlik va ocharchilikka duchor bo‘lishi mumkin, deya ogohlantirdi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish. 

Mavzuga oid