Farg‘ona NQIZ Kiprda ro‘yxatda o‘tgan ofshor kompaniya ixtiyoriga o‘tdi
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 100 foiz ulushi 100 mln dollarga “Sanoat Energetika Guruhi” MChJga sotildi. Bu kompaniyaga ofshor hudud hisoblanuvchi Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan “Belvor Holding Limited” egalik qiladi.
“Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ ustav fondidagi 100 foiz davlat ulushi 100 mln dollarga “Sanoat Energetika Guruhi” MChJ XKga sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “UzAssets” investitsiya kompaniyasi ma’lum qildi.
Rasmiy e’londa, bu kompaniya ochiq savdo g‘olibi deb tanlanishiga “belgilangan malaka talablariga muvofiqligi”, “hudud neft va gaz sanoatidagi katta tajribasi”, “zavod faoliyati uchun zarur bo‘lgan xomashyo konlarining mavjudligi” va “korxonaning bahosidan yuqori sotib olish narxini taqdim etgani” sabab bo‘lgani qayd etilgan.
Bitim doirasida xaridor quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:
- zavodni modernizatsiya qilish orqali zamonaviy va ekologik toza benzin, Yevro-5 talablariga javob beradigan dizel yoqilg‘isi, Jyet a-1 reaktiv yoqilg‘isi va suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish;
- neft agregatlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini kamida 2 million tonnaga oshirish;
- yuqoridagi maqsadlar uchun 380 mln dollardan ortiq investitsiya kiritish.
“Sanoat Energetika Guruhi” MChJ kimga tegishli?
2017 yil iyun oyida “O‘zbekneftgaz” (ulushi – 60 foiz) va “Gas Project Development Central Asia” (“Gazprom International” shu’ba korxonasi, ulushi – 40 foiz) tomonidan “Jizzakh Petroleum” qo‘shma korxonasi tashkil etiladi. Keyinroq, “O‘zbekneftgaz” hukumatdan qo‘shma korxonadagi ulushini 30 foizgacha kamaytirishni so‘rab murojaat qiladi. Xorijiy ta’sischilarning ulushi esa 70 foizgacha oshiriladi.
2020 yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, “Jizzakh Petroleum” ta’sischilari ro‘yxati quyidagicha ko‘rinish oladi: Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan “Belvor Holding Limited” kompaniyasi (68 foiz), “O‘zbekneftgaz” (30 foiz) va “Gas Project Development Central Asia” (2 foiz).
2021 yilning oktabr oyida esa “O‘zbekneftgaz” “Jizzakh Petroleum” ta’sischilari tarkibidan butunlay chiqdi va korxona o‘z nomini “Sanoat Energetika Guruhi” MChJ xorijiy korxonasi deb qayta nomladi. Bungacha qo‘shma korxonaning 49 foizi “O‘zbekneftgaz”ga, 49 foizi “Belvor Holding Limited”ga tegishli bo‘lgan.
Yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, “Sanoat Energetika Guruhi” MChJning 98 foiz ulushiga “Belvor Holding Limited”, 2 foiz ulushiga esa “Gas Project Development Central Asia” kompaniyasi egalik qiladi.
“Sanoat Energetika Guruhi”ning ofshor hudud hisoblanadigan Kiprdagi ta’sischisi – “Belvor Holding Limited” kompaniyasi 2014 yil 16 iyunda tashkil qilingan.
Qiziq jihati, “Belvor Holding Limited” ro‘yxatdan o‘tgan manzilda samarqandlik tadbirkor Baxtiyor Fozilovning “Drupola Holding Limited” va “Ferkensco” kompaniyalari ham ro‘yxatga olingan.
“ERIELL Group” va “Enter Engineering” kompaniyalarining boshqaruv raisi Baxtiyor Fozilov 2020 yil may oyida bne IntelliNews nashriga bergan intervyusida “Ferkensco” kompaniyasining boshqaruvchisi ekanini aytib o‘tgan.
Avvalroq, budjet mablag‘lari hisobiga bunyod etilgan Samarqand xalqaro aeroporti va aerodrom kompleksi modernizatsiyasi hamda boshqaruvi huquqi to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sischisi “Drupola Holding Limited” bo‘lgan “Air Marakanda” MChJga DXSh shartlari asosida topshirilishi ma’lum qilingandi.
Bundan tashqari, Baxtiyor Fozilov, Samarqandda 212 gektar maydonda turizm markazini qurayotgan “Samarkand Touristic Centre” kompaniyasining ham 60 foizlik egasi ham hisoblanadi.
Taqdim qilingan soliq imtiyozlari
O‘zbekistonda 2022 yildan yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari pasaytirilgan. Xususan, neft va tabiiy gaz bo‘yicha stavkalar 10 foizgacha (oldingi stavkalar neft uchun 20 foiz, tabiiy gaz uchun 30 foiz bo‘lgan) kamaytirildi. Ammo bu tartib NKMK, OKMK va “O‘zbekneftgaz” uchun o‘zgarmasdan qoladi.
Tegishli farmon qabul qilinganidan bir necha kun o‘tgach esa “Jizzakh Petroleum” “O‘zbekneftgaz” tarkibidan butunlay chiqib ketgan.
Kun.uz so‘roviga javoban, “O‘zbekneftgaz” aksionerlar guruhidan chiqishini “shartlar to‘g‘ri kelmagani” bilan izohlagan.
Davaktiv ma’lumotiga ko‘ra, “Sanoat Energetika Guruhi” O‘zbekistondagi eng yirik xususiy vertikal integratsiyalashgan neft va gaz kompaniyasi hisoblanadi. Ayni paytda kompaniya yer qa’ridan foydalanish huquqiga ega 103 ta konga egalik qiladi va neft qazib olishning taxminan 80 foizini, tasdiqlangan gaz zaxiralarining esa taxminan 22 foizini tashkil qiladi.
Neft va gaz qazib olishdan tashqari, kompaniya benzin, dizel, neft, aviatsiya kerosini va boshqa bir qator yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaradi.
Kompaniya rahbari lavozimida esa avvalroq “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi rahbari va iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan Shokir Fayzullayev faoliyat yuritadi.
Shu oy boshida Adliya vazirligi “Oxirgi benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestri to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilganini xabar qilgandi. Loyiha ayrim tadbirkorlik sub’yektlariga (asosan ofshor zonalar va chet ellik elementi mavjud tadbirkorlik sub’yektlari) o‘zlarining oxirgi benefitsiar mulkdorlarini oshkor qilish majburiyati yuklashni nazarda tutadi.
Mavzuga oid
20:00 / 13.11.2024
«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd so‘mga sotildi
19:11 / 04.10.2024
Tashkent city hududidagi banklar binolarini sotib olishga 4 investor qiziqish bildirdi – Davaktiv
19:55 / 12.09.2024
Chirchiq metall tuzilmalar zavodi 39,9 mlrd so‘mga sotildi
17:46 / 12.09.2024