Jahon | 09:02 / 23.05.2022
5592
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha prezidenti Ukrainaning Yevroittifoqqa qo‘shilishida yordam berishini ma’lum qildi 

Faqat Ukraina o‘z kelajagini belgilashga haqli, dedi Polsha rahbari Anjyey Duda Oliy radada.

Foto: Reuters

Polsha rasmiylari Ukrainaga mamlakatning Yevropa ittifoqiga kirishi uchun barcha zarur yordamni taqdim etadi, dedi Polsha prezidenti Anjyey Duda 22 may, yakshanba kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida Oliy radada so‘zlagan nutqida. Uning nutqi videosini «Yevropa birdamligi» partiyasidan Oliy rada deputati Oleksiy Goncharenko Facebook’da tarqatdi. Dudaning nutqidan parchalar uning kanselyariyasi tomonidan ham Twitter’da joylashtirildi.

«Polsha Ukrainaning Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lishi uchun qo‘lidan kelganini qiladi», — dedi Polsha prezidenti. 

Duda Rossiya harbiy harakatlari boshlanganidan beri Ukraina parlamenti minbaridan nutq so‘zlagan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi. 

Polsha rahbari o‘z kelajagini faqat Ukraina hal qilish huquqiga ega ekanligini ta’kidladi. «Ukraina Rossiya prezidenti Vladimir Putinning talablariga bo‘ysunishi kerak, degan ovozlar paydo bo‘ldi. Lekin o‘z kelajagini belgilashga faqat Ukraina haqli», - dedi u qarsaklar ostida va Ukraina haqida istalgan qaror Ukrainasiz qabul qilinmasligi kerakligini qo‘shimcha qildi. 

Anjyey Dudaning fikricha, xalqaro hamjamiyat Rossiyadan Ukraina hududini butunlay bo‘shatib qo‘yishni talab qilishi kerak. «Agar Ukraina iqtisodiy sabablarga ko‘ra yoki siyosiy ambitsiyalarga ko‘ra o‘z hududining bir santimetrini ham qurbon qilsa, bu nafaqat Ukraina xalqi, balki butun g‘arb dunyosi uchun katta zarba bo‘ladi», - dedi u. 

Ukraina Rossiyaning harbiy harakatlari boshlanganidan ko‘p o‘tmay YeIga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 9 may kuni YeI Kiyevning arizasiga iyun oyida rasmiy javob berishini ma’lum qildi. Agar Bryussel Ukrainaga nomzod maqomini berishni tavsiya qilsa va Yevropa ittifoqiga a’zo barcha 27 davlat bunga rozi bo‘lsa, uning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralar boshlanadi. 

Mavzuga oid