Sport | 18:39 / 27.05.2022
33803
17 daqiqa o‘qiladi

Benzema bo‘lmasa kim? «Oltin to‘p»ga munosib yana 10 futbolchi

Fransuz hujumchisi raqobatdan tashqaridek ko‘rinmoqda, ushbu mukofot uchun yana qaysi futbolchilar da’vogar bo‘lishi mumkin?

Foto: Sport-Ekspress

Oxirgi «Oltin to‘p» topshirish marosimi o‘tkazilganidan buyon uni olish mezonlari o‘zgardi: endi futboldagi eng nufuzli individual sovrin kalendar yili yakunlariga ko‘ra emas, balki mavsum yakunlariga ko‘ra topshiriladi. France Football nashri bu yilgi sovrin uchun da’vogar futbolchilar ro‘yxatini 12 avgust kuni e’lon qiladi. Sovrinni topshirish marosimi esa Qatardagi mundial boshlanishidan oldin, 17 oktabr kuni o‘tkaziladi. 

Shubhasiz, asosiy favorit Karim Benzema, ammo fransuz hujumchisidan boshqa munosib futbolchilar ham bir talay.

10. Kristofer Nkunku, 24 yosh

Kristofer Nkunku. Foto AFP

Nkunku «Leypsig» uchun eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi. Bundesliganing 34 o‘yinida ushbu fransuz futbolchisi 20 gol urgan va 13 golli uzatma muallifi bo‘lgan, Chempionlar ligasida esa — yetti gol va bir assist. Uning Germaniya Kubogi finalida «Frayburg» darvozasiga urgan javob goli o‘yinni overtaymga olib o‘tdi hamda leypsigliklar yakunda penaltilar seriyasida g‘olib chiqishdi. Havbekning aql bovar qilmas parvozi murabbiylarning qunt bilan ishlashi ( «Leypsig»da so‘nggi vaqtlarda bir necha bor murabbiy almashdi) samarasidir. Yulian Nagelsmann davrida Nkunku universal futbolchiga aylandi: yarimhimoya va hujumda turli pozitsiyalarda o‘ynashni o‘rgandi — «o‘nlik» ham, «sakkizlik» ham va vinger bo‘lib ham.

Jyessi Marsh boshqaruvi davrida sheriklari bilan uyg‘unlikda harakatlanish va vaziyatlar yaratish borasida mahoratini oshirdi, shuningdek fizik jihatdan kamol topdi — bu o‘sish yakkakurashlarda, ayniqsa ikkinchi qavatdagi harakatlarda yaqqol ko‘rinadi. Domeniko Tedesko kelgach fransuz markaziy forvard pozitsiyasiga mustahkam o‘rnashdi: Nkunku hujumlarni yakunlash bobida kuchaydi, jarima maydoni ichida o‘tkir harakatlar qila boshladi va nihoyat maydonning uchinchi qismida o‘z driblinglaridan foydalan boshladi. Hozirdanoq ushbu havbek uchun top-klublardan iborat uzun navbat hosil bo‘lgani ajablanarli emas. Fichajes ma’lumotiga ko‘ra, Nkunku uchun kurashda «Inter», «Manchester Yunayted», «Arsenal» va «Milan» klublari qatnashmoqda.

9. Eduar Mendi, 30 yosh

Eduar Mendi. Foto AFP

«Chelsi» qatorasiga bir necha mavsum davomida darvozada Kepa Arrisabalagining ishonchsiz o‘yinidan aziyat chekdi. Ispaniyalik darvozabonga katta umidlar bog‘langandi, uning transferi uchun ulkan mablag‘ (80 million yevro — darvozabon uchun to‘langan rekord summa) sarflangandi. Ammo kuchli bosim tufayli ruhiy tushkunlikka tushib qolgan Kepa undan chiqa olmadi.

«Renn»dan Mendini sotib olib, ko‘plar uzoq muddatga darvozabon masalasini yopishdi. «Chelsi» senegallik posbonning debyut mavsumida Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi va APLda top-4 dan o‘rin oldi. Yakunlangan mavsumda ham Mendi yuqori saviyada o‘yin namoyish etishda davom etdi. U bir o‘yinda o‘rtacha bittadan kam gol o‘tkazgan. Senegal termasi bilan Mendi Afrika Kubogida g‘olib chiqdi, «Chelsi» bilan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida (Angliya Ligasi kubogi va Angliya Kubogida final). Bu sovrinlar eng nufuzlilari emas, ammo darvozabonga «Oltin to‘p» uchun kurashda ko‘plab ochkolarni olib keladi.

8. Son Hyon Min, 29 yosh

Son Hyon Min. Foto Reuters

«Tottenhem» so‘nggi yillarda jiddiy inqirozni boshdan kechirdi. 2018/19 yilgi mavsumda Chempionlar ligasi finalida o‘ynagan inglizlar yuqori darajani saqlab qola olishmadi. O‘yin sifati yomonlashishi, yetakchilar ketishi mumkinligi bilan bog‘liq intrigalar, rahbariyat va murabbiylar o‘rtasidagi tushunmovchiliklar — bularning bari londonliklarni chuqur inqirozga uchratdi.

Transferlar uchun kamtar budjetdan oqilona foydalanib kelgan Maurisio Pochettinodan keyin «shporlar»ni Joze Mourino va Nunu Eshpiritu Santu boshqardi. Ammo himoyaviy uslubga ega bo‘lgan bu portugaliyalik mutaxassislar hujumkor o‘yin borasida deyarli ish olib borishmadi. Shu tufayli jamoani ikki yetakchi — Harri Keyn va Son Hyon Min o‘zi yetaklab yurishiga to‘g‘ri keldi. 2019/20 va 2020/21 yilgi mavsumlarda bu forvardlar butun jamoa futbolchilaridan ko‘proq gol urishdi.

Ammo «shporlar» boshqaruviga Antonio Konte kelgach, Keynda pasayish boshlandi - u o‘tgan yozda «Siti»ga transferi barbod bo‘lganidan keyin tushkunlikka tushgan va uzoq vaqt davomida avvalgi sport formasini tiklay olmadi. Shuning uchun birinchi planga Son chiqdi. Koreyalik hujumchi «Tottenhem» safidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi: mavsum yakunlariga ko‘ra hujumchi APLning 35 o‘yinida 23 gol urdi va yetti assistni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi hamda Muhammad Saloh bilan birga turnirning eng yaxshi to‘purariga aylandi — u «shporlar»ning chempionatdagi barcha gollarining 40 foizidan ortig‘ida ishtirok etgan. Agar forvard shunday o‘ynashda davom etsa, «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish uchun real imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

7. Luka Modrich, 36 yosh

Luka Modrich. Foto Reuters

Karlo Anchelottining «Real»i — unikal jamoa. Madridliklar mavsumga jiddiy transferlarsiz kirishgandi (erkin agent sifatida kelgan David Alabani hisoblamaganda) va tarkibni kuchaytirish ustida ish olib borilmadi.

Shuning uchun jamoani eski yetakchilar olg‘a boshlashda davom etishdi. Ulardan biri — Luka Modrich. Sentyabrda 36 yoshga to‘ladigan xorvatiyalik maydon markazida raqiblarni o‘z atrofida yugurtirishda davom etmoqda. Ba’zida havbek orqaroqqa qaytadi va to‘pni oldingi chiziqqa olib chiqadi, ammo ko‘pincha maksimal darajada yuqori pozitsiyada joylashadi va to‘pni aylantirish va uzun uzatmalari orqali raqib himoyasini parokanda qiladi.

Modrichning maydon markazi bo‘ylab reaktiv harakatlanishi «qaymoqranglilar» jamoaviy tuzilmasidagi kamchiliklar o‘rnini to‘ldiradi va asosiy kuchlarni raqib himoyalanadigan hududga tashlash imkonini beradi. Hozirda qayta qurish jarayonida turgan «Real» to‘p harakati uchun ham, chiziqlar orasidagi o‘yin uchun ham javob bera oladigan, shu bilan birga butun o‘yin mobaynida chidamliligini yo‘qotmaydigan futbolchiga ehtiyoj sezadi. Modrich esa aynan shunday futbolchidir.

Uning sharofati bilan «Real» butun chempionatni xotirjam o‘tkazdi, yakunda la ligada g‘olib chiqdi va pley-offdagi murakkab o‘yinlardan o‘tib YeChL finaliga chiqdi. 2018 yilda Modrich jahon chempionatidagi yorqin o‘yini evaziga «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgandi. Bu safar u yana real nomzodlar safida.

6. Fil Foden, 21 yosh

Fil Foden. Foto Reuters

Pep Gvardiola boshchiligidagi «Manchester Siti» ko‘p yillardan buyon jahon arenasida mutlaq yetakchi bo‘lishga intilmoqda va bu safar ham jamoa idealga yaqin keldi. «Shaharliklar» har qanday raqibga qarshi o‘z futbolini namoyish etishga intilmoqda: to‘p va hududlar nazorati, raqibni pressing orqali maydonning ikkinchi qismida qamab qo‘yish, aniq rejalashtirilgan hujumlar orqali futbolchilar bir-birini qulay zarba berish pozitsiyalariga chiqarishi va hokazo.

Bunday uslubda o‘ynashda Gvardiolaga uning sevimli futbolchilaridan biri — Foden yordam bermoqda. «Bu yigitcha o‘smoqda. U har safar oldinga qadam tashlamoqda. Hozirda uning o‘yinimizga ta’siri ulkan darajada. U to‘psiz holatda ham tajovuzkor va jiddiy futbolchiga aylanadi. Shunday yigitlar borki, ularni 19-20 yoshida ham to‘xtatib bo‘lmaydi. Ayrimlar 29-30 yoshda ham bunday bo‘la olmaydi. Hozirning o‘zida, ayniqsa so‘nggi o‘yinlarda Fil shunday muhim futbolchi bo‘ldi. Maydonning raqib darvozasi joylashgan qismida u o‘yinga jiddiy ta’sir o‘tkazadi», — deya havbekning o‘yinidan hayratini yashirmaydi murabbiy.

Yulduzli sheriklaridan farqli o‘laroq, Fodenning ko‘rsatkichlari kamtargina — uning harakatlarini statistika bilan ta’riflash qiyin. Angliyalik futbolchining asosiy mahorati shundaki, u maydon bo‘ylab aql bilan joyini o‘zgartirib harakatlanadi, makon va vaqtni to‘g‘ri his qilishidan foydalanadi, raqiblarni o‘ziga jalb etib, sheriklariga bo‘sh hududlar yaratadi va ularga erkin yugurish imkoniyatini beradi. Uning ko‘zga tashlanmas harakatlari evaziga «Siti» to‘pni tezroq harakatlantiradi va buni imkon qadar vertikal bajarishga intiladi. Fodenga ham, butun jamoaga bo‘lgani kabi, biroz pragmatizm yetishmayapti, ammo u mavsum davomidagi o‘yini bilan qandaydir mukofotga loyiq.

5. Robert Levandovski, 33 yosh

Robert Levandovski. Foto Reuters

«Oltin to‘p» — Robert Levandovski uchun haqiqiy drama. U ikki yil oldin bu sovrinni o‘ziniki qilishi kerak edi, o‘shanda u Germaniya chempionatida 31 o‘yinda 38 gol urgan hamda «Bavariya» bilan bir yilda beshta sovrin qo‘lga kiritgandi, ammo France Football pandemiya tufayli mukofot topshirmadi.

Keyingi mavsumni Levandovski yanada yaxshi o‘tkazdi, bundesligada 41 gol va 7 assist muallifi bo‘ldi. Ammo bu safar polshalik futbolchini jamoasi mukofotdan quruq qoldirdi — «Bavariya» Chempionlar ligasini chorakfinaldayoq tark etdi, Polsha termasi esa Yevropa chempionatida guruhdan ham chiqa olmadi. «Oltin to‘p» esa Argentina bilan Amerika Kubogida zafar quchgan Leo Messiga nasib etdi.

Ammo bu yilda baholash mezonlari o‘zgardi: birinchi navbatda individual yutuqlar hisobga olinadi, sovrinlar esa ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘ladi. Levandovskining yakunlangan mavsumdagi ko‘rsatkichlari ham yuqori (Bundesliganing 34 o‘yinida 35 gol va 3 golli uzatma), shunday ekan, polyak futbolchisi mukofot uchun kurashish imkoniyatiga ega.

4. Vinisius Junior, 21 yosh

Vinisius Junior. Foto Reuters

Vinisius «Real»ga to‘rt yil muqaddam «Flamengo»dan o‘tgandi. Transfer qiymati 45 million yevroni tashkil etgan. Ko‘plab mutaxassislar bu 17 yoshli yigitcha uchun juda ko‘plik qilishini aytishgandi va dastlabki vaqtlarda ularning xavotirlari o‘rinli bo‘lib chiqdi.

Braziliyalik vunderkindga tajriba yetishmayotgani yaqqol ko‘rinib turardi — jarima maydoniga yaqinlashar ekan, Junior o‘zini yo‘qotib qo‘yar va to‘pni nima qilishni bilmasdi, shu tufayli ko‘p hollarda u yoki driblingga berilib, to‘pni yo‘qotar yoki ortga qaytishga majbur bo‘lar, natijada keskinlik yo‘qolardi. Yakunlangan mavsumda esa barchasi o‘zgardi.

Jamoaga Karlo Anchelotti kelgach, Vinisius yangi odamga aylandi — u raqib himoyachilari ortiga xotirjamlik va ishonch bilan yugurishni, jarima maydonidagi sheriklarini vaqtida ko‘rib, to‘pni zarba yo‘liga tashlab berishni, asosiysi — to‘pdan o‘z vaqtida qutulishni o‘rgandi. Vinger Ispaniya chempionatida 17 gol urib, 10 golli uzatma muallifi bo‘ldi, Chempionlar ligasida — uch gol urib, olti assist amalga oshirdi. Agar braziliyalik futbolchi «Liverpul» bilan o‘yinda juda kuchli o‘yin namoyish etib yuborsa, u «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylanadi.

3. Kevin de Bryuyne, 30 yosh

Kevin de Bryuyne. Foto Reuters

«Manchester Siti» — muayyan bir futbolchiga bog‘liq bo‘lmagan jamoadir. Gvardiola shunday tizim qilganki, har bir futbolchini boshqasiga almashtirishi mumkin — aynan shu sabab tufayli «shaharliklar» uzoq davom etuvchi turnirlarda juda yaxshi ishtirok etishadi.

Ammo «Siti» tarkibida hech qanday kombinatsiyalarsiz o‘zi gol uyushtira oladigan bir futbolchi bor. Gap albatta Kevin de Bryuyne haqida bormoqda. Belgiyalik futbolchining eng yaxshi sifatlari — uzoqdan beriladigan zarbalar, har qanday masofaga yetkazib beriladigan uzatmalar (jumladan standart vaziyatlardan), boshlang‘ich tezlik olishi, to‘pni o‘zi bilan olib yurishi. U — inglizlar jamoasining o‘ziga xos jokeridir: jamoa o‘yini chiqmayotganida, futbolchilar to‘pni havbekka topshirishadi va u o‘zining yuqori futbol intellekti bilan yakka o‘zi hujumni tashkil etadi.

De Bryuyne avvalgi mavsumlarda ham shunday futbol namoyish etgan, ammo yakunlangan mavsumda uning jamoaga ta’siri yanada o‘sdi. U — «Siti»da gollar bo‘yicha, zarbadan oldingi uzatmalar bo‘yicha, muhim uzatmalar bo‘yicha, o‘rtacha bir o‘yinda berilgan uzatmalar soni bo‘yicha va yaratilgan golli vaziyatlar bo‘yicha peshqadam, assistlar soni bo‘yicha esa ikkinchi. Belgiyalik rasman chap «sakkizlik», zaruratga ko‘ra vinger joyiga o‘tishi, «o‘nlik» va hatto aldamchi «to‘qqizlik» bo‘lishi mumkin. «Siti» yaqqol hujumchisiz maydonga tushadigan o‘yinlarda de Bryuynening roli yanada muhimlashadi.

1-2. Sadio Mane, 30 yosh; Muhammad Saloh, 29 yosh

Muhammad Saloh va Sadio Mane. Foto Reuters

«Liverpul»ning Saloh — Firmino — Manedan iborat hujum chizig‘i futbol tarixidagi eng yaxshilaridan biri bo‘lib qoladi. Vaqtining ko‘p qismini forvardlarning har biri bilan alohida ishlashga sarflagan Yurgen Klopp ularni texnik jihatdan ham, taktik tomonlama ham kuchaytirgan.

Vaqt o‘tgan sari Firminoning o‘yini biroz pasaygandek (garchi u hamon pressing va jamoaviy o‘yinda katta ish bajarayotgan bo‘lsa-da), Mane va Saloh esa birinchi planga chiqib qolgan. Misrlik futbolchi ham, senegallik ham aynan «Liverpul»dagi o‘yini bilan barcha tomonidan e’tirof etila boshlandi.

Bu mavsumda ular yanada ko‘proq diqqat markazida bo‘lishdi. Salohning ko‘rsatkichlari yuqoriroq — APLning 34 o‘yinida 22 gol va 13 golli uzatma. Ammo Mane ham qolishmaydi — chempionatning 33 o‘yinida u 15 gol urib, ikki golli pas muallifi bo‘ldi. Qolaversa, Mane yetakchiligidagi Senegal avvaliga Afrika Kubogida Misrni mag‘lub etdi, keyin JCh-2022 yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi o‘yinda misrliklar ustidan g‘alabaga erishildi. Agar «Liverpul» Chempionlar ligasida g‘olib chiqa olsa, bu ikki futbolchidan birida Benzemani sovrindan mahrum etish uchun real imkoniyat yuzaga keladi.

Mavzuga oid