Didsizlik va boshboshdoqlikka qo‘yilgan haykal: Samarqanddagi «qo‘ziqorin» bino buzilmaydi. Buzisholmaydi
Internetda shov-shuv bo‘lgan, ayrimlar masxara qilayotgan, kimlargadir yoqqan Samarqanddagi «qo‘ziqorinsimon» bino buzilishi lozimligi haqida Qurilish vazirligi xulosa bergan. Biroq ayni damda uni buzish amalda ilojsiz.
Mutasaddilarning gap-so‘zlaridan ma’lum bo‘lyaptiki, did hamda puxta loyiha bilan emas, kimningdir o‘z bilganicha qarorlari tufayli osmon qadar qad rostlagan bu binoni buzish hali ko‘p boshog‘riq bo‘ladi.
10 yil avval boshlangan qurilish
Bino egasi F.Xalilov qurilish ishlarini o‘ziga tegishli yer uchastkasida 10 yil muqaddam — 2012 yilda boshlagan. Shu sababdandir, hattoki hokimning qarori ham olinmagan. Google Maps dasturi arxivi ham 2014 yildayoq binoning 9 qavati ko‘tarilib bo‘lganidan dalolat berib turibdi.
Biroq mutaxassis bo‘lmagan ko‘z ham binoning 4 qavati yoniga yopishtirilgan konsol ustiga besh qavat asosiy bino, yana 3 qavat mansarda qismi mindirilganini ko‘rishi mumkin.
Mutaxassis bo‘lmagan odam ham biladiki, ko‘p qavatli binolarda yuqoriga ko‘tarilgan sari bino perimetri torayib borishi kerak, aslo kengaymasligi kerak.
Samarqand 9 ballik seysmik zonada joylashgani hisobga olinsa, bu binoning zilzilabardoshligi aniq shubha ostida. Kuchli zilzilani-ku qo‘yaturing, shunchaki bino o‘z og‘irligiga dosh bermasdan cho‘kadigan (axir qoziq shaklida!) yoki qulaydigan bo‘lsa ham, yondagi qo‘shni turar joylar ustiga qulaydi. Chunki qurilish vazirligi bino ustunlarida darz ketgan joylar aniqlanganini bildirgan.
Qolaversa, binoning yerto‘la qismidan muzlatkich sifatida foydalanish nazarda tutilgan ekan. Bu ham xavfsizlik talablariga mutlaqo zid. Sovuqda beton ustunlar va uning ichidagi armatura torayadi. Bu ham deformatsiyaga albatta sabab bo‘ladi. Chunki ustida 12 qavatli yuk turibdi. Muzlatkichga mo‘ljallangan binolar esa bejizga bir qavatli qilib qurilmaydi.
Turgan gapki, bunday bino yon-atrofida yashash xavfsizlik texnikasiga to‘g‘ri kelmaydi, undan foydalanib bo‘lmaydi. Qurilish vazirligi xulosasiga ko‘ra u buzilishi kerak.
Haqli savol tug‘iladi: nega bino qurilishi 10 yil avval boshlangan ekan, bugunga kelib uni buzish to‘g‘risida qaror qilinmoqda? Biroq, bino qurilishi noqonuniy ekanligi borasida Samarqand tuman hokimligi F.Xalilov bilan 7 yildan buyon sudlashadi.
Qolaversa, ushbu binoga yaqin hududda Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasi kengaytirib ochildi. Samarqand turizm markazi tomon yangi yo‘l o‘tkazildi. Samarqand qog‘ozi markazi ham shu atrofda joylashgan. O‘z-o‘zidan bino so‘nggi paytlarda Samarqand shahriga kelgan sayyohlarning ham, respublika darajasidagi rahbarlarning ham nigohiga tez-tez tusha boshladi.
Binoni buzish uchun huquqiy asos qanday vujudga keladi?
Samarqandda so‘nggi 3-4 yilda yangi quriladigan binolar shaharsozlik me’yorlariga to‘g‘ri kelish-kelmasligi ochiq majlisda muhokama etilmoqda. Unda soha mutaxassislari, jurnalistlar, talabalar ham ishtirok etmoqda. Majlis onlayn tarzda Samarqand viloyat hokimligining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida e’lon qilib boriladi.
Xullas, endilikka kelib Samarqandda bu borada qat’iy talablar shakllandi. Biroq, shaharda avvalroq qurilgan noqonuniy binolar va noqonuniy ravishda qo‘shilgan qo‘shimcha qavatlarga ega binolarning qavatlarini pasaytirish hanuzgacha muammo bo‘lib turgani rost.
Samarqandda noqonuniy qurilgan va buzilishi lozim bo‘lgan binolarni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov shaxsan sanab o‘tgan edi. Qurilish vaziri Botir Zokirov esa noqonuniy qurilgan va ustiga noqonuniy qavatlar qo‘shilgan binolarni buzish uchun maxsus uskunalar kerak bo‘lishini bildirgan edi.
Bu ishda eng hayratlanarlisi, qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xodimlari bino mutlaqo texnik talablarga to‘g‘ri kelmasligi, undan foydalanish va yashash xavfli ekani haqida aniq va asoslangan xulosa bergan taqdirda ham Qurilish vazirligi yoki uning hududiy bo‘limlaridan birortasi borib, binoning egasiga bu bino shaharsozlik va qurilish qoidalari va me’yoriy hujjatlariga zid ekan, buz, deb talab qo‘ya olmaydi.
Buning uchun avvalo zarur xulosalar to‘planib, sudga taqdim etiladi. Sud agar buzish haqida qaror chiqarsa, uni buzishni albatta binoni qurgan egasining zimmasiga yuklaydi. So‘ng ijro ishi MIBga o‘tkaziladi. MIB esa ko‘p qavatli binoni buzolmaydi, ayniqsa u turar joy bo‘lsa. Egasini ham majbur qilolmaydi.
Bundan «qo‘ziqorin» bino ham mustasno emas. Uni buzish to‘g‘risida sud qarori bo‘lganda ham uni buzdira olishmaydi. Egasi buzmaydi. «Kerak bo‘lsa buzib olinglar», deydi. Buzadigan odam esa yo‘q. Bino turaveradi. Oradan oylar, yillar o‘taveradi...
Javobgar bo‘lmaslik xususidagi ishonchni sindirish
Ochig‘ini tan olish kerak, noqonuniy qurilish qilish hadisini olganlarda «tezroq bir iloj qilib qurib olsam bo‘ldi, hech kim buza olmaydi», degan metin ishonch shakllanib bo‘lgan.
Sohada nazoratning sustligi, korrupsion omillar, jazo mexanizmi yo‘qligi mana shunday ishonchni yaratgan. Qurilish sohasi mutasaddilari ham bu borada quruvchilarga «aql o‘rgatishi»ga shaxsan men ishonaman. Ular ham qurilish noqonuniy ekanini bilishadi, hujjatlarga imzo chekishmaydi, lekin «quraver, buyog‘iga Xudo poshsho», qabilida «tekin maslahat» berishadi. Yo‘qsa, bunday qurilishlarni hali chalalik vaqtida to‘xtatishardi.
Xullas, bunday ishonchni noqonuniy barpo etilgan binolarni sud qarori orqali namoyishkorona buzish bilangina «sindirish» mumkin. Biroq, buning uchun ma’lum bir qoidalar ishlab chiqilishi taqozo etilmoqda.
Masalan, sud qarori bilan bino buzilishi va uni qurgan egasi buzib olishi haqida xulosa berildi, deylik. Sud avvalo binoni buzish uchun aniq muddat belgilashi kerak. Deylik, kamida 6 oy.
Yarim yil ichida binoni qurgan egasi buzib olmadimi, demak davlatning o‘zi buzishga kirishishi kerak. Lekin bu ishni qaysi tashkilot amalga oshiradi?
Albatta, Majburiy ijro byurosi.
MIB sud qarorini ijro etish uchun ixtisoslashgan kompaniyani yollaydi. Eng oqilona yo‘l — qurilish nazorati inspeksiyasi qoshida mana shunday bo‘lim faoliyat ko‘rsatishi kerak. Ular zarur texnikalar bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lishi lozim.
Buzish ishlariga ketgan xarajatlar noqonuniy bino qurgan yuridik (ta’sischilari, rahbarlari) yoki jismoniy shaxs zimmasiga to‘liq ag‘darilishi kerak. Ulardan davlat budjetiga undirilishi lozim. Undiruv noqonuniy qurilishni amalga oshirgan shaxsning barcha mol-mulklari, boyliklariga qaratilishi, o‘zi esa mamlakatni tark eta olmasligi lozim.
Fuqarolik obektlarini qurishda loyiha hujjatlarini buzib qurilish ishlarini olib borganlik uchun jinoiy javobgarlik ham belgilanishi kerak.
Toki qurilish sohasiga mas’ul idoralar noqonuniy qurilishlarni aniqlab berib, uni buzdira olmas ekan, bunday qurilishlar tugamaydi, avj olaveradi. Sudning qurilish noqonuniy ekanligi, bino buzilishi lozimligi xususidagi qarorlari esa quruq formallikka aylanadi. Yo‘qsa, Jo‘ysoydagi uy bo‘yicha Samarqand tuman hokimligi 7 yildan buyon sudlashib yurmagan bo‘lardi.
Rossiyalik taniqli bloger Ilya Varlamov o‘z telegram kanalida Jo‘ysoydagi «qo‘ziqorin» binoni aslo buzmaslik kerakligini aytib kinoyali post yozdi:
«Bunday shedevrni buzib tashlashni xato deb bilaman. Uni didsizlik va boshboshdoqlik davriga qo‘yilgan haykal sifatida saqlab qolish kerak», degan Varlamov.
Yo‘q. Agar sudda binoning noqonuniy va xavfli ekanligi isbotlansa u buzilishi kerak. Agar buzishning imkoni topilmasa, bino atrofida yashovchilar boshqa joyga ko‘chirilib, Varlamov ta’kidlaganidek, bino shunchaki didsizlikka o‘rnatilgan haykal yanglig‘ o‘rtada qolaverishi kerak. (Albatta, undan foydalanish taqiqlangan holda). Zarari kamroq bo‘ladi.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Mavzuga oid
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
15:06 / 01.11.2024
Samarqand viloyatida isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlandi
10:59 / 25.10.2024
Samarqand viloyati aholisi 4,3 mln kishiga yaqinlashdi
15:49 / 02.10.2024