Jamiyat | 15:30 / 01.06.2022
19704
2 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyojmand aholiga bir martalik yordam pulining 76 foizi tarqatib bo‘lindi

O‘zbekistonda toifasiga qarab 200, 300 va 400 ming so‘m miqdorlardagi bir martalik yordam pullari 8 903 751 nafar fuqaroga (ularning 4,5 mln nafari – bolalar) tarqatilmoqda. Moliya vazirligi axborotiga ko‘ra, 1 iyun soat 09:00 holatiga yordam oluvchilarning 75,8 foiziga pullar yetkazib berilgan.

Bir martalik moddiy yordam 8,9 mln fuqaroning yarmiga naqd, naqd bank kartasi orqali berilishi ko‘zda tutilgan. Bir martalik aksiyada jami 2,2 trillion so‘m mablag‘ tarqatilmoqda.

Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, 25 maydagi prezident qaroriga asosan, Pensiya jamg‘armasi hisobida turuvchi jami 4 mln 256 mingdan ortiq pensiya va nafaqa oluvchilarga jami 1,3 trln so‘m quyidagicha miqdorlarda to‘lanmoqda:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yashovchi pensioner va nafaqaxo‘rlarga – 300 ming so‘mdan;
  • Toshkent shahrida yashovchi pensioner va nafaqaxo‘r fuqarolarga – 400 ming so‘mdan.

Shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali 4 mln 647 mingdan ziyod kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga – 200 ming so‘mdan moddiy yordam berish uchun 929,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Qarorga muvofiq, bir nechta toifa bo‘yicha bir martalik moddiy yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam har bir toifa bo‘yicha to‘lab beriladi. 

Mavzuga oid