Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Hududgaz Buxoro”: “17 kilometrdan ortiq gaz quvurlari rekonstruksiya qilinadi”
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Viloyatning barcha hududlarida gaz maromlash qurilmalari taftish qilinib, gaz quvurlari tartibga keltirilmoqda, bo‘yalmoqda. Bu haqda filial matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda viloyatda 262 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchisi bor. Ularning tabiiy gaz ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda mavjud muammolarning oldini olish uchun gaz ta’minoti xodimlari tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda.

“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Sirojiddin Avezovga ko‘ra, 2022–2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik davomida 17 km.dan ortiq gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
“7 mingdan ortiq gaz maromlash qurilmasi taftish qilinadi, 374 km gaz quvurlari havo bosimi yordamida tozalanadi va 502 km.dan ortiq quvurlarda tartibga keltirish, bo‘yoqlash ishlari bajariladi. Bu borada joylarda mutaxassislar tomonidan barcha ishlar samarali tashkil etilishiga e’tibor qaratilmoqda. Bugunga qadar 400 ga yaqin gaz maromlash qurilmasi tartibga keltirilib, taftish qilindi. 2 km.dan ortiq gaz quvurlari rekonstruksiya qilingandi. Shuningdek, 52 km.dan ortiq qvurlarda bo‘yoqlash ishlari olib borildi”, — deya ta’kidlaydi Sirojiddin Avezov.

Viloyatning olis hududi – Qorovulbozor tumanida 5 087 nafar aholi va 136 ta ulgurji iste’molchiga “Qorovulbozortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Tumanning Cho‘lquvar mahallasida joylashgan 2 ta gaz maromlash qurilmasi taftish qilindi, bo‘yoqlash ishlari olib borilgan. 400 metr gaz quvurlari esa bo‘yoqlanmoqda. Hududda 753 nafar iste’molchi muammosiz tabiiy gaz bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, tumanning Imom al-Buxoriy mahallasida joylashgan gaz maromlash qurilmasi orqali 955 nafar fuqaroga tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Ushbu gaz maromlash qurilmasi ham soha xodimlari tomonidan to‘liq taftish qilinib, xavfsiz holga keltirilgan. Hozirgacha tumandagi 22 ta gaz maromlash qurilmasi to‘liq taftish qilingan bo‘lib, jami 4 kmdan ortiq gaz quvurlari bo‘yoqlanib, tartibga keltirilgan.