Jahon | 09:27 / 02.06.2022
20749
2 daqiqa o‘qiladi

Abramovich, Fridman va Aven Yevroittifoq kengashini sudga berdi 

Rossiyalik ishbilarmonlar Roman Abramovich, Mixail Fridman va Petr Aven Ukrainada urush boshlanganidan keyin ularga nisbatan sanksiyalar joriy etgan Yevropa ittifoqi kengashi ustidan Yevropa ittifoqi sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi.

Foto: Picture Alliance

«Chelsi» futbol klubining sobiq xo‘jayini Roman Abramovich, shuningdek, Alfa Group konsernining hammuassislari Mixail Fridman va Petr Aven Yevropa ittifoqining ularga nisbatan qo‘ygan sanksiyalarini bekor qilishni talab qilmoqda, deya xabar berdi Fransiyaning AFP axborot agentligi 1 iyun, chorshanba kuni Yevropa ittifoqi sudiga tayanib.

Sud vakilining so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyaning Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtiruvchi harakatlari bilan bog‘liq cheklov choralari» ustidan shikoyat bo‘yicha qaror Umumiy sud tomonidan chiqariladi. Bu Yevropa ittifoqi sudi tarkibidagi quyi instansiya sudidir.

31 may kuni Delfi.lv internet nashri biznes hamkorlar hisoblangan Petr Aven va Mixail Fridman 23 va 24 may kunlari mos ravishda YeI sudiga Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari munosabati bilan 2022 yil 28 fevral kuni ularga nisbatan sanksiyalar joriy etgan YeI kengashiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilgani haqida yozgan edi. Sud ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, Roman Abramovichning da’vosi 25 may kuni berilgan. Uchala sud jarayonida ish yuritish tili sifatida fransuz tili ko‘rsatilgan.

Rossiyalik tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlar Yevropa ittifoqiga kirishni taqiqlash va ularning Yevropa ittifoqi hududidagi aktivlarini muzlatib qo‘yishni nazarda tutadi. 

Mavzuga oid