Jahon | 20:34 / 05.06.2022
18628
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Bayden Isroil va Saudiyaga safarini qoldirdi

Foto: AP

AQSh prezidenti iyun oyida Yaqin Sharq mamlakatlariga, xususan, Isroil va Saudiya Arabistoniga safarini qoldirgan. Bu haqda qator mahalliy nashrlar yozmoqda.

NBC o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Baydenning iyun oyi oxirida Saudiyaga rejalashtirgan safari iyul oyiga qoldirilgan. AQSh prezidenti Saudiyaga bormoqchi ekani haqida o‘zi ham aytgan, u Ar Riyodda amalda mamlakat boshqaruvchisi bo‘lgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashishni ko‘zlayotgandi.

Baydenning Saudiyaga bormoqchi ekani Vashingtonda turli fikrlarni keltirib chiqargan. Chunki saylov kompaniyasi vaqtida Bayden jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilgani sabab Saudiyaga qarshi salbiy fikrlar bildirgan. 2018 yil AQSh Markaziy razvedka byurosi jurnalist Jamol Qoshiqchi Saudiyaning Istanbuldagi elchixonasida aynan Muhammad bin Salmon buyrug‘i bilan o‘ldirilgan degan qarorga kelgandi.

Bayden Saudiyaga tashrifi vaqtida neft qazib olishni oshirish masalasini muhokama qilishi ham mumkin. Oldinroq Saudiya kunlik neft qazib olish hajmini oshirishi aytilgandi. Chunki urush sabab bozorda neft narxining oshishiga Rossiyada qazib olishning kamaygani ham ta’sir qilmoqda.

Shuningdek, Bayden Saudiyadan keyin Isroilga ham borishi kutilgandi. OAV bu safar ham qoldirilgani haqida yozmoqda. Bunga sabablardan biri sifatida Isroil bosh vaziri Naftali Bennetning hukumatdagi «kursisi qimirlab qolgani» ham ko‘rsatilmoqda. Isroil nashrlarining yozishicha, Bayden Isroildagi hukumat o‘zgarishiga aloqadordek ko‘rinib qolmaslik uchun Yaqin Sharq safarini kechiktirgan.

 

Mavzuga oid