Biznesga aylangan novvoychilik. Yevropacha non semirtirmaydimi?
27 yoshli Muslim artizan non tayyorlashni o‘zi mustaqil internetdan o‘rganib, oyiga 5000 dollar daromad topyapti. Uning nonlari 22 soat davomida tayyor bo‘ladi, narxlari – mehnati va mazasiga yarasha. Business Class bugun “Bread by Muslim” asoschisi bo‘lmish yosh novvoy haqida hikoya qiladi.
Muslim Hakimov g‘ovakli va qarsildoq nonlarini qanday tayyorlashini ko‘rish uchun tong saharda yo‘lga chiqdik. Novvoyga hamrohlik qilib, pechkalarni sozlagan holda ishni boshlab yubordik. Maqsadimiz yong‘oqli non tayyorlab ko‘rish edi.
Ma’lum bo‘lishicha, jarayon xamirturush bilan boshlanadi, aynan xamirturush – novvoyning bosh mahsuloti, usiz non tayyorlab bo‘lmaydi. Qizig‘i, bu xamirturush 4 yildan beri ishlatilib, “boqib kelinayotgan” ekan.
Keyingi bosqichda tayyor mahsulotlarni xamir qorish uskunasiga solib, aralashtira boshladik. Xamir haroratini o‘lchagan holda saryog‘ va yong‘oqlarni astalik bilan qo‘shib bordik. Xamir tayyor bo‘lgach, non yanada mazali chiqishi uchun bug‘doy unidan ham foydalandik. Pechda pishgan tayyor nonlarni tatib ko‘rib, mazasiga baho berdik.
Qahramonimiz Muslim Hakimov novvoylikka qanday kelib qolgani, Moskvada orttirgan tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
“Chizishni juda yoqtirganim uchun maktabda arxitektor bo‘laman, deb yurardim. Ammo hozir ko‘rib turganingizdek arxitektor emas, novvoyga aylandim. Avval Chorsu bozorida kiyim sotardim, undan keyin 3-4 yil davomida savdo agenti sifatida “Pepsi” kompaniyasida ishlab keldim. Ko‘p mehnat qilganimga qaramay, natija ko‘zga ko‘rinmadi.
Shunda qo‘limdagi oshpazlik diplomi bilan 2017 yildan do‘stim bilan restoranda ish boshladim. Lekin bu ishim ham uzoq cho‘zilmadi. 2018 yili Moskvaga borib, konditor bo‘lib ishlay boshladim. O‘sha paytlari men fransiyalik mashhur novvoyning kitobini o‘qib, undagi biznesga bog‘liq barcha sir-asrorlarni o‘rganib borardim.
Katta o‘zgarishlar qilish uchun Toshkentga qaytdim va o‘z xizmatlarimni “Cake Lab”, “BeFit” kabi kafe-restoranlarga tarmoqlariga taklif qila boshladim. Ulardan ijobiy javoblar kelgach, faoliyatimni boshlab yubordim.
Albatta, boshida hammasi oson kechmagan. Sohani yaxshilab o‘rganib olishimcha 2 yil vaqt ketdi, o‘rganganlarimni amaliyotga tatbiq qilishga, xatolarimni to‘g‘rilashga intildim”, deydi suhbatdoshimiz.
Muslim kelishuv asosida kafe-restoranlarga non yetkazib beradi.
“Assortimentlar sonini ko‘paytirish maqsadida hamkorlarimizga shirinliklar ham yetkazib beramiz, u ham non sohasi bilan bog‘liq, albatta. Mahsulotlarimizni har kuni yangilab boramiz”, – deydi u.
Business Class loyihasining asosiy e’tibor qaratadigan jihatlari — bu biznesning raqamlarga oid ma’lumotlaridir. Boshlab olish uchun qancha sarmoya ketadi, non mahsulotlarining tannarxi, uskuna narxlari, xarajatlar va albatta, bu biznesdan qancha daromad ko‘rish mumkin, degan barcha savollarga javob olishga harakat qildik.
Ko‘rsatuvni YouTube'da to‘liq tomosha qiling va video ostiga o‘z fikringizni qoldiring! Eng qiziqarli va kreativ izoh egasi deb topilgan 5 kishiga Bread by Muslim'dan mazali nonlar to‘plami taqdim etiladi. Muddat – 2022 yilning 12 iyuligacha.
Business Class biznesni ichkaridan ko‘rsatishda davom etadi.
Ijodiy jamoa:
Eldor Abdulvohid
Nuriddin Nursaidov
Abzal Tillaxo‘jayev
Ibrohim Samatov
Afzalbek Muhammadjonov
“Bread by Muslim” bilan aloqa:
Mavzuga oid
11:53 / 06.10.2024
O‘quv markazi, kitob do‘koni va SMM: Ikki yilda uchta biznes ochgan yosh tadbirkor hikoyasi
15:32 / 24.04.2024
Rossiyada haydovchilar taqchilligi tufayli non narxi oshdi
08:38 / 13.09.2023
Toshkentda har kuni 3 tonnaga yaqin non chiqindiga tashlanyapti
08:47 / 21.03.2023