Jahon | 11:58 / 19.06.2022
28046
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina delegatsiyasi rahbari Rossiya bilan tinchlik muzokaralari tiklanishi muddatini aytdi

Muzokaralar avgust oyi oxirigacha tiklanishi kutilmayapti.

Foto: Vesti Ukraina

Moskva va Kiyev o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari avgust oyi oxirida, Ukraina o‘z kuchlarini mustahkamlaganida davom ettirilishi mumkin. Bu haqda «Amerika ovozi» uchun bergan intervyusida muzokara jarayonida ukrainlar delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan David Araxamiya ma’lum qilgan.

«Muzokaralarga avgust oyi oxirida qaytishimiz mumkin. Biz rossiyaliklar bilan o‘z rejalarimizni bo‘lishishni istamaymiz, chunki ular buni ochiq manbalar orqali ko‘rishi mumkin. Ammo men o‘ylaymanki, biz ayrim joylarda qarshi hujum amaliyotlari o‘tkazamiz», — degan u.

«Biz Istanbulda taklif qilganimiz kabi qandaydir siyosiy kelishuvni ko‘rib chiqishimiz mumkin. Biz, masalan, bir necha yilgacha Qrim masalasiga tegmadik. Biz buni harbiy yo‘l bilan qilmayapmiz, ammo diplomatik va siyosiy yo‘llardan foydalanyapmiz», — deya qo‘shimcha qilgan Araxamiya.

  • Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvlar so‘nggi bor mart oyi oxirida Istanbulda o‘tkazilgandi. Uning yakunlariga ko‘ra, ikki tomon ham muzokaralar jarayonida ma’lum o‘sishga erishilgani haqida ma’lum qilgandi. Shundan keyin tomonlar videoaloqa orqali muloqotlarni davom ettirishgan.
  • May oyida delegatsiyalar vakillari davlatlar o‘rtasidagi muzokaralar to‘xtab qolganini aytishdi, tomonlar bunda bir-birini aybladi.
  • 14 iyun kuni Volodimir Zelenskiy Rossiya urushni to‘xtatib, Ukraina hududidan chiqib ketishga tayyor bo‘lgan holatda Vladimir Putin bilan uchrashishi mumkinligini aytdi.

Mavzuga oid