Jahon | 18:44 / 21.06.2022
22827
10 daqiqa o‘qiladi

Batumi - sayyohlar maskani. Dengiz bo‘yidagi shahardan reportaj

Batumining bir tomoni dengiz, bir tomoni tog‘lar. Bu yerga tashrif buyurib, nafaqat dengiz sohilida dam olish, balki ekoturizm imkoniyatlaridan bahramand bo‘lish mumkin.

Foto: Kun.uz

21 may kunidan Uzbekistan Airways kompaniyasi Gruziyaning Batumi shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni boshladi. Hozirda Toshkent-Batumi-Toshkent yo‘nalishida haftaning chorshanba va shanba kunlari samolyotlar qatnamoqda.

Ushbu shaharda 15 iyun kuni turizm mavsumi ochildi, shu kuni Uzbekistan Airways va Gruziya tomoni hamkorligida o‘zbekistonlik jurnalistlar va blogerlar ishtirokida mediatur tashkil etildi. Shu sanadan koronavirus bilan bog‘liq barcha cheklovlar bekor qilindi - endi aeroportda PsRning manfiy natijasi yoki emlanganlik haqidagi sertifikatni ko‘rsatish talab etilmaydi.

Kun.uz vakili ham 18 iyunga qadar davom etgan ushbu sayohatda ishtirok etdi, quyida ushbu turdan reportaj taqdim etiladi.

Ajariya

Ajariya — Gruziyaning eng ajoyib burchaklaridan biri. Bu yerga tashrif buyurgan inson bu yerda turizm tez sur’atlarda rivoj topayotganiga amin bo‘ladi. Buning sabablari ko‘p. Ajariya tabiati boyligi va turli-tumanligi bilan maftun qiladi: Qora dengiz sohili va purviqor tog‘lar, mehmondo‘stlik, madaniy obidalar, qal’alar, qadimiy ko‘priklar, chiroyli ko‘llar va qishloqlar. Bu yerda o‘zingiz uchun qadimiy an’analarga amal qilib keluvchi tamaddixonalarni kashf etishingiz, ekoturizm va haqiqiy gruzincha mehmondorchilikni his qilishingiz mumkin. 

Batumi - Ajariyaning asosiy markazi, Gruziyaning Tbilisidan keyingi ikkinchi yirik shahridir. Ikki ming yillik tarixga ega ushbu shahar arxitekturasi rang-barang, iqlimi subtropik va Sharqiy Yevropa mintaqasida asosiy sayyohlik yo‘nalishlaridan sanaladi.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston aholisi ham Gruziyaga vizasiz kirishi mumkin. Bugungi kunda Gruziya dunyoning eng xavfsiz mamlakatlaridan biriga aylangan. Batumiga o‘zbekistonliklar Tbilisidan avtomobil, avtobus yoki poyezd orqali yetib olishi mumkin edi, endi esa to‘g‘ridan to‘g‘ri Toshkentdan samolyotda ham uchish mumkin.

Gruziya milliy valutasi - gruzin larisi hisoblanadi. 10 lari 3 dollarga baholanadi. Shaharda barcha joyda (restoranlar, kafelar, marketlar, shopping-markazlar) bank kartalari bilan xarid qilish mumkin. Ammo shahar tashqarisiga chiqqanda hamyonda naqd pul ham bo‘lishi kerak.

Boshpana

Batumi kunduzi ortiqcha shovqinsiz, birmuncha osuda shahar, lekin tunda ham hayot to‘xtamaydi. Bu yerga dunyoning turli chekkalaridan sayyohlar kelishadi, u yerga yolg‘iz ham, oilaviy bo‘lib ham borish mumkin.

Mediatur ishtirokchilari besh yulduzli Hilton mehmonxonasiga joylashtirildi. Shaharda Radisson, Sheraton kabi boshqa mashhur mehmonxonalar brendi ham mavjud. 

Besh yulduzli mehmonxonalarda nomer bron qilish yozgi mavsumda tabiiyki qimmatlashadi va 200-250 dollargacha chiqadi, lekin bu paytda 30-40 dollarga ham yaxshi joylar topiladi. 

Mehmonxona yoki kvartira qayerda joylashgan bo‘lmasin, dengizga yaqin bo‘ladi, sal uzoqroqqa ketib qolsangiz ham shahar jamoat transporti va taksi xizmati juda yaxshi rivojlangan, narxlar ham arzon - istalgan joyga tezda yetib borish muammo emas.

Umuman olganda, Batumida mehmonxona, apart-mehmonxona, guest-mehmonxona, kvartiralar topishda Airbnb yoki Booking’dan foydalanish mumkin.

Hilton mehmonxonasi yaqinidagi ko‘l / Foto Kun.uz
Sohilning tungi ko‘rinishi / Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

Milliy taomlar

Foto: Telegram / Sayohatdagi qaydlar

Gruziya oshxonasida pishloqdan keng foydalaniladi, bu yerda hatto pishloqli sho‘rva ham qilishadi. Eng mashhur mahalliy taom - xachapurining ko‘plab turlari bor (ajarcha, megrelcha, imeretincha, lobiani, kubdari va boshqalar) va ularning barchasida pishloq ishlatiladi. Xachapuri 2019 yilda Gruziya madaniy merosi yodgorligi maqomini olgan.

Gruzinlarning suyuq ovqatlarida sabzavotlar deyarli ishlatilmaydi, sho‘rvalardan eng mashhuri esa xarcho (mol go‘shti va guruchdan), shuningdek, qo‘ziqorinli chixirtma, mol oyog‘idan xashi, shechamandi (unda ham pishloq bo‘ladi).

Gruziyaga borganda o‘zbek oshxonasiga begona bo‘lmagan chaxoxbili, mantilar onasi - xinkali, buzoq yoki mol go‘shtidan tayyorlanadigan chashushuli, chanaxi yoki chakapuli kabi taomlardan ham tatib ko‘rish tavsiya etiladi.

Foto: Telegram / Sayohatdagi qaydlar

Dengiz, plyaj va eski bulvar

Dengiz porti. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

Qora dengiz bo‘yidagi Batumidagi toshli plyaj uzunligi 7 kilometrdan oshadi - u janubda aeroportdan shimolda portga qadar uzangan.

Plyaj tekin. Bu yerda lejaklar 5 lari, soyabon 10 lari. Sohilda ko‘p yomg‘ir yog‘adi, lekin bu iliq yomg‘ir bo‘lib, yomg‘ir ostida ham dengizga tushish mumkin - dengiz suvi ham iliq.

Plyaj. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

Shaharda eski port ham mashhur, bu yerda unikal arxitektura yodgorliklarini uchratish mumkin.

Sohilga parallel joylashgan bulvar ham bor.

Sohil yoqalab o‘tgan bulvar. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

19-asrda paydo bo‘lgan bu bulvar bugungi kunda mahalliy aholi va sayyohlar tashrif buyuradigan va aylanadigan asosiy joyga aylangan.

Oltin mo‘yna tutib turgan Medeya. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova
Nino va Ali yodgorligi. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

Bulvarda ko‘plab kafelar, restoranlar va bolalar maydonchalari joylashgan.

Batumidagi aholi yashovchi uylar. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

Eski shahar doim sayyohlar bilan gavjum. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

Ekoturizm

Maxunseti sharsharasi.

Batumida 1912 yilda asos solingan, 108 gektar maydonni egallagan Botanika bog‘i ham mavjud. Bu yerda Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerika, Yangi Zelandiya, Janubiy Amerika, Himolay, Meksika, Avstraliya, O‘rta Yer dengizining nam iqlim sharoitli sohillari va Kavkazda o‘suvchi daraxt va o‘simliklar jamlangan. Tashrif buyuruvchilar bog‘ hududini piyoda yoki bog‘ga kirishda ijaraga beriladigan elektromobillarda sayr qilishlari mumkin.

Maftunkor tabiati tufayli ekoturizm Ajariyaning yetakchi turizm turlaridan hisoblanadi. Mintaqaning o‘simlik va hayvonot dunyosi boyligi, shuningdek tarixiy va madaniy yodgorliklar ko‘pligi ekoturizm uchun qulay sharoit hosil qiladi. Ajariyada to‘rtta qo‘riqlanadigan hudud mavjud: «Mtirala» milliy parki, «Kintrishi» milliy parki, «Machaxela» milliy parki hamda Kobuleti qo‘riqxonasi. Bu joylar qalin o‘rmonzorlardan iborat va subtropik o‘simliklarga boy.

Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

Dengiz yoqasidagi Botanika bog‘i / Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova
Botanika bog‘i / Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova
Tog‘ qishlog‘idagi uzumzor / Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

Madaniy turizm. «Gonio-Apsaros» qal’asi

«Gonio-Apsaros» qal’asi devoridan turib olingan surat. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

Ajariya madaniy turizmning turli turlarini taqdim etadi: san’at obidalari, qadimgi arxitektura, haqiqiy gruzin mehmondorchiligi, unikal oshxona va dinamik tungi hayot. Qadimgi zamonlarda paydo bo‘lgan «Xorumi» va «Ajaruli» raqslari gruzin milliy o‘zligini namoyon etadi. Ajarlarning «Gandagana» raqsi Gruziya nomoddiy madaniy merosiga kiritilgan. Ajariya turli diniy yo‘nalishlarga tolerant hudud - bu o‘lkada masjidga ham, cherkov yoki monastirga ham, sinagogga ham tashrif buyurish mumkin. Regionda ko‘plab tarixiy va zamonaviy arxitektura binolari mavjud, jumladan «Gonio-Apsaros» va «Petra», rimliklar davrida qurilgan ko‘priklar.

«Gonio-Apsaros» Batumidan 12 km masofada, Choroxi daryosining so‘l sohilida joylashgan va milodiy 1-asrda rimliklar tomonidan barpo etilgan. O‘zining strategik joylashuvi tufayli qal’a Qora dengiz sharqida dastlab rimliklar uchun, keyinroq vizantiyaliklar va usmonli turklar uchun tayanch qal’a vazifasini o‘tagan. «Gonio-Apsaros» tarixi argonavtlar haqidagi mif bilan ham bog‘lanadi. Afsonaga ko‘ra, shoh Aet bu yerga Yason tomonidan o‘ldirilgan o‘g‘li Apsarosni dafn etgan.

«Gonio-Apsaros» qal’asi. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova (az_maxmood)
«Gonio-Apsaros» qal’asining ichki ko‘rinishi. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova
«Gonio-Apsaros» qal’asining ichki ko‘rinishi. Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova
«Gonio-Apsaros» qal’asining ichki ko‘rinishi / Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova
«Gonio-Apsaros» qal’asining ichki ko‘rinishi / Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova
«Gonio-Apsaros» qal’asining ichki ko‘rinishi / Foto muallifi Aziza Saidmaxmudova

Nima bo‘lganda ham bir marta Batumiga boring, keyin u sizni o‘ziga qayta va qayta chorlayveradi. Batumiga boring va Yevropaning sharqiy chekkasidagi «Qora dengiz javohiri» haqida boshqalarga ham so‘zlab bering.

Mavzuga oid