Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Xorazm viloyatida sog‘lomlashtirish aksiyasi o‘tkazilmoqda
Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati jamoasi, ixtisoslashtirilgan markazlar mutaxassislari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-shifokorlari, jami 150 nafardan ortiq yetakchi mutaxassislar Xorazm viloyatida sog‘lomlashtirish aksiyasini o‘tkazdi.
Bu yerda bo‘lib o‘tayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi orqali, avvalo, mahalliy aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularda aniqlangan kasalliklar bo‘yicha hududlar kesimida bemorlar ro‘yxatini shakllantirish maqsad qilingan.
Shundan so‘ng xastalikka chalinganlar og‘irlik darajasi bo‘yicha tasniflanib, yuqori texnologik amaliyotlarga muhtoj toifa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan operatsiyaga tavsiya etilyapti.
Aksiya doirasidagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar turli xavfli xastaliklar tufayli to‘shakka mixlanib qolgan fuqarolarni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q.
Rustam Rahimov — Qo‘shko‘pirning Bahoriston mahallasidan. 37 yoshda. Olti yildirki, jigar sirrozi xaltaligidan aziyat chekadi. Dard bilan kurashib, ahvoli ancha yomonlashgan.
Mahalliy shifoxonalarda rejali muolajalar olib kelayotgan bo‘lsa-da, poytaxtning yetakchi tibbiyot muassasalarida davolanish uchun oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmaydi.
Sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida Toshkentdan Xorazmga kelgan tajribali mutaxassislar Qo‘shko‘pirdagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarni yakunlab, Rustam Rahimovning xonadonida ham bo‘ldi. Bemor tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgach, mazkur shifo maskani klinikasida davolanadigan bo‘ldi.
Kam invaziv usulda, ortiqcha jarohatlarsiz, innovatsion yondashuvlar asosida poytaxtlik yetakchi mutaxassislar tomonidan sanoqli kunlar ichida bajarilgan amaliyotlar natijasida esa 100 nafardan ortiq bemorlar bir necha soat, hatto sanoqli daqiqalar ichida uzoq yillik og‘ir xastaliklardan xalos bo‘ldi.
Isobek Hayitboyev — Gurlan tumanidan. O‘ttiz olti yoshda. Keyingi yillarda bo‘g‘imlarida og‘riqlar kuchayib, bir oyog‘i ikkinchisidan 4 santimetr qisqarib, yurishga qiynalib qolgach, shifokorlarga murojaat qilgan.
Mutaxassislar unga chap tomonlama displastik koksartroz xastaligi tashxisini qo‘ydi. Chanoq-son bo‘g‘imida endoprotezlash operatsiyasini o‘tkazish tavsiya etildi.
“Bu murakkab amaliyot hisoblanar ekan. Qolaversa, uning sarf-xarajatlari juda qimmatga tusharkan. Buning ustiga, poytaxtga borib operatsiya qildirishim kerakligini aytishdi. Ochig‘i, shuncha mablag‘ni qayerdan topishimni bilmay, tuzalishdan umidimni uzgan edim.
Shunday kunlarda Toshkentdan kelgan malakali shifokorlar mahallalarda o‘rganishlar o‘tkazib, meni ham davlat hisobidan operatsiya qilinadigan bemorlar ro‘yxatiga qo‘shibdi.
Avvaliga ishongim kelmadi. Lekin hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Kechaning o‘zidayoq viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari boshchiligida chap oyog‘imga endoprotez o‘rnatishdi. Mana, hozir ahvolim yaxshi. Do‘xtirlarning aytishicha, bir necha kun o‘tib bemalol yura olaman”, deydi u.
Aksiya doirasida Xonqa, Shovot, Yangibozor tumanlarida, ularga yondosh hududlar aholisi ishtirokida o‘tkazilgan sayyor tibbiy ko‘riklar natijasida ham yuzlab bemorlar salomatligi bilan bog‘liq muammolariga yechim topdi.
Dilfuza Sultonova — Xonqa tumanidan. To‘qqiz yoshli qizalog‘ini ko‘tarib olgan, farzandi Sevinchoy — og‘ir xasta. O‘ng tomonlama gidrotsifaliya kasalligi bilan tug‘ilgan. Yurolmaydi, erkin harakatlanishga ojiz.
Sayyor tibbiy qabulda shifokorlar uning murojaatiga quloq tutdi. Sevinchoy poytaxtdagi Bolalar milliy tibbiyot markazida davlat hisobidan davolanadigan bo‘ldi.
Yana bir bemor — Azizbek Norboyev 23 yoshda. II guruh nogironi. Tug‘ilganidan buyon ko‘zlari xasta. Aksiya davomida uning ham dardiga darmon topildi. Azizbekning ko‘z gavhari yuqori texnologik operatsiya orqali poytaxtda davlat hisobidan almashtirilishi belgilandi.
Yangiariqlik Gulshan Jumaniyozova esa bu yerga qo‘ltiqtayoq yordamida kirib keldi. Shifokorlar bemorning ikki tizza bo‘g‘imida harakatlari keskin cheklanganini aniqlashdi. Unda zudlik bilan endoprotezlash amaliyotini o‘tkazish zarur. Mutasaddilar Gulshanni Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida muolaja qilishga qaror qildi.
Yangibozor tumanida tashkil etilgan sayyor tibbiy qabul ham shunday o‘tdi. Bu yerda sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligidagi tizim mutasaddilari, Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, poytaxtdagi yetakchi shifoxonalar, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining eng malakali mutaxassislari — jami 150 nafardan ziyod guruh fuqarolarni qabul qilib, ular bilan muloqot o‘tkazdi.
Vazir aholi murojaatlariga quloq tutib, ularning muammoli masalalarini joyida hal etish choralarini ko‘rdi. Qolgan muammoli masalalarning bir qismi esa vazirlik va tibbiyot muassasalari mutasaddilarining nazoratiga olindi.
Murakkab jarrohlik amaliyotlari talab etiladigan, biroq davolanishga imkoni yo‘q bir guruh aholi vakillariga shu yerning o‘zida davlat hisobidan davolanish uchun yo‘llanmalar rasmiylashtirildi.
Yangibozor tumanida yashovchi 68 yoshli Munavvar Jumaniyozova ham bu yerga dard bilan kelgan. U ikki yildirki, yurak sohasidagi og‘riqlardan aziyat chekadi. Tomirlarida hosil bo‘lgan tromb qon bosimi tez-tez ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘layotgandi. Vazir Munavvar Jumaniyozovaning murojaatini tingladi, xastalikdan tezroq xalos bo‘lishi uchun shifokorlarga tegishli topshiriqlar berdi. Unga Toshkentda davlat hisobidan davolanishi uchun yo‘llanma rasmiylashtirildi.
Yana bir murojaat egalari ikki yoshli bemor o‘g‘li — Muhammadalini ko‘tarib kelgan. Bolakay tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan. Qariyb 48 oydirki, ota-onasining halovati yo‘qolgan. Farzandini poytaxtdagi yetakchi shifoxonalardan birida davolatish niyatida. Sayyor tibbiy qabul davomida ushbu murojaat ham o‘z ijobiy yechimini topdi. Muhammadalida tez kunlarda yuqori texnologik operatsiya o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Zafar Sobirovning xastaligi esa oyoqlarida. Tizza bo‘g‘imlaridagi og‘riqlar tufayli bir necha yildirki, qo‘ltiqtayoqda yurishga majbur. Shifokorlar unda davlat hisobidan yuqori texnologik operatsiya o‘tkazishga qaror qilishdi. Bemor endi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida muolaja oladi.
Mavzuga oid
12:07 / 09.11.2024
Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
10:50 / 28.10.2024
Xorazmda ayrim loyihalar uchun Polsha texnologiya va investitsiyalari jalb qilinadi
16:26 / 16.10.2024
Xorazmda yana reyderlik. Sholikorlar hosilini tortib olish ommaviy tus olganmi?
18:40 / 18.09.2024