Jamiyat | 21:30 / 22.06.2022
16745
5 daqiqa o‘qiladi

“Xususiy mulk daxlsizligi konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilmoqda” – ekspert

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga asosan, tadbirkorlarning huquq va erkinliklariga oid normalar Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yilishi kutilyapti. Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori Eldor Mahkamov bilan taklif etilayotgan o‘zgarishning ahamiyati xususida suhbatlashdik.

– Eldor aka, aslida ushbu takliflar shu paytgacha qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Ularning mamlakat bosh qonunida aks etishiga qanchalik zarurat bor?

– Avvalo, konstitutsiyaviy islohotlarning boshlang‘ich nuqtasi, maqsadini aniqlab olish kerak. Bu borada xorijiy tajribaga qaraydigan bo‘lsak, davlat rahbari tomonidan belgilangan yo‘nalishlar asosiy o‘rinda turadi. Masalan, Fransiyada 1958 yildan, ya’ni 5-respublika davridan buyon mamlakat konstitutsiyasiga 24 marta o‘zgartirish va tuzatishlar kiritilgan. Bu o‘zgartirishlar 24 ta konstitutsiyaviy qonunda aks ettirilgan. Bu jarayon bevosita Fransiya prezidentining tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

Mazkur misol bilan shuni aytmoqchimanki, Fransiyada konstitutsiyaviy islohotlar davlat rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilishi odat tusiga kirgan. Shu nuqtayi nazardan ham O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga start berishda prezidentimiz tomonidan 9 ta yo‘nalishdagi islohotlar belgilab berildi. Shularning bittasi iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Eldor Mahkamov, Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori

Umuman olganda, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan barcha yo‘nalishdagi takliflarning tub mohiyatida “Inson qadri uchun” degan tamoyil mujassam. Shu jumladan, iqtisodiy islohotlar jarayonidagi o‘zgarishlarni mamlakatimiz bosh qonunida aks ettirishda ham inson manfaatlarini ta’minlash masalasi birlamchi o‘rinda turadi.

Qanday o‘zgarishlar nazarda tutilyapti? Haqiqatan ham xususiy mulk, uning daxlsizligi davlat tomonidan himoya qilinishi, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi alohida qonun hujjatlarida ham belgilab qo‘yilgan, bu bo‘yicha maxsus qonunlar ham qabul qilingan. Bundan tashqari, bu borada prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari ham bor. lekin bugungi sharoitdan kelib chiqib ushbu qoidalarni konstitutsiya darajasida belgilash maqsadga muvofiq hisoblanadi.

– Ilgari surilayotgan takliflardan biri xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmasligi va bekor qilinmasligiga oid. Ayni paytda davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxona va tashkilotlar, obektlar xususiylashtirilmoqda. Bu jarayon OAVda keng yoritib kelinmoqda. Xususiylashtirish jarayonlarining qayta ko‘rib chiqilmasligi ertaga qandaydir savollarni yuzaga keltirmaydimi?

– 2012 yilda qabul qilingan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunimizda ham bu norma belgilab qo‘yilgan. Qonunda aytilganki, bevosita davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarning tashabbusi bilan xususiylashtirish natijalari bekor qilinmaydi.

Lekin shunga qaramay qaysidir ma’muriy tartib-taomil va protseduraga rioya etilmagani yoki qaysidir davlat organining aybi bilan 20 yil, 30 yil oldin xususiylashtirilgan binolar ko‘pincha egasidan olib qo‘yilgani, xususiylashtirish natijasi bekor bo‘lgani amaliyotda ko‘p uchragan. Buning natijasida qachonlardir xususiylashtirilgan mulkni sotib olgan, sotgan shaxslar, ya’ni xususiylashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan mulkdorlar ham sarson bo‘lishgan, zarar ko‘rishgan.

“Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun 1991 yilda noyabrda qabul qilingan bo‘lsa, dastavval kichik davlat mulklari, keyinchalik davlat ulushi yuqori bo‘lgan o‘rta va yirik strategik ahamiyatdagi ayrim obekt hamda mulklar bosqichma-bosqich xususiylashtirilmoqda. Hozirgi jarayonda yirik davlat obektlari ham xususiylashtirilmoqda. Barchasi auksion orqali amalga oshirilmoqda. Deylik, o‘tgan yili DXXning sobiq binosini xususiylashtirish jarayoni ham OAVda keng yoritildi.

Bugungi kunda bu jarayon Davlat mulkini boshqarish agentligi tomonidan belgilangan tartibda auksion orqali amalga oshirilyapti, ya’ni shaffoflik ta’minlanmoqda. Xususiylashtirilgan mol-mulk qonuniy tartibda qo‘lga kiritilgandan so‘ng o‘z-o‘zidan xususiylashtirish natijasi qachondir bekor bo‘lib ketmasligi kerak, shuning uchun ham bu huquq konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilmoqda.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido

Mavzuga oid