O‘zbekiston | 21:29 / 01.07.2022
40717
3 daqiqa o‘qiladi

Tonirovkachilar: “O‘n yil eslamagan tanishlarimiz ham eslab qolishdi”

Kun.uz Toshkentda avtomobil oynalarini qoraytirish bilan shug‘ullanayotgan ustalar va ularning xizmatidan foydalanayotgan haydovchilardan narx-navo va “tonirovka”ning turlari haqida so‘radi.

Bugundan boshlab O‘zbekistonda avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish uchun pul to‘lab ruxsat sotib olish tartibi bekor qilindi.

Avtomobilning old eshiklari “tonirovka”si uchun ruxsatnoma narxi esa 6 barobarga arzonlashib, 2 mln 160 ming so‘mga tushdi.

Talab oshgani ortidan, oyna qoraytirish uchun ishlatiladigan plyonkalar va ularni yopishtirib berish xizmatlarining narxi ham ko‘tarilgan.

Toshkentda Kun.uz suhbatlashgan ustalarning aytishicha, avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirib berish (plyonka va xizmat narxi qo‘shilganda) narxi 200 ming so‘mdan, orqa va old yon oynalar “tonirovka”si 600 ming so‘mdan boshlanadi.

Avtomobilning rusumi va plyonkaning sifatiga qarab, narxlar ko‘tarilib boraveradi. Sifatli plyonkalar quyoshdan samaraliroq saqlanish va avtomobil ichidan tashqarini yaxshiroq ko‘rish imkonini berishi bilan ajralib turadi, bu xususiyatlarini uzoq yillar saqlab qoladi.

“Har kuni ko‘p odam avtomobil oynasini qoraytirishga kelishyapti. Bugun 15 tacha odam keldi. Har kuni kechqurungacha qolib ishlayapmiz”, deydi oyna qoraytirish bilan mashg‘ul ustalardan biri.

“Jarayon tezlashib ketdi, xuddi hayot tezlashib ketganidek. 10 yil oldin tanishgan insonlar ham eslashmoqda. Telefon raqamlarimiz hammaga tarqalib ketdi”, deydi boshqa bir “tonirovka”chi.

Biz mijozlarning fikri bilan ham qiziqdik.

Orqa oynalarni qoraytirish tekin bo‘lganidan juda xursandmiz. Old oynalar uchun ham bugun my.gov.uz portalidan ruxsatnoma oldik. Orqa oynalarimizga 100 foizli, old oynalarimizga esa 50 foizli “tonirovka” qildirdik. Umumiy narxi 100 dollarga aylandi. Mana endi quyoshga chiqib yurib ko‘ramiz”, deydi Captiva haydovchisi.

“Men hozircha avtomobilimning orqa yon oynalariga “tonirovka” torttirdim. Birinchi o‘rinda farzandlar va yoshi ulug‘ insonlarni o‘yladik. Keyinroq old oynalarini ham qoraytiramiz. Orqa oynalarimiz uchun 200 ming so‘m sarfladik. Narxi yaxshi. Ha, endi avtomobillar soni ko‘proq, lekin navbat bilan kutsak, qilib berishadi”, – deydi boshqa bir mijoz.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyuldan avtomobillarning orqa yon oynalarini 70 foizgacha qoraytirishga ruxsat berildi, bungacha cheklov 50 foizlik edi va aksariyat amaliyotda bunga rioya etilmayotgandi. 

Mavzuga oid