O‘zbekiston | 19:03 / 02.07.2022
7613
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Qodiriy bog‘ining ta’miri nima bo‘ldi?

Kun.uz Toshkent shahri markazidagi ta’mirtalab holatda qolayotgan, shu sababli aholi foydalana olmayotgan Abdulla Qodiriy bog‘i bo‘yicha voqealar rivojini yoritib kelmoqda. Bog‘ning holati haqidagi qator maqolalarimizdan keyin bu yerda ta’mirlash ishlari boshlangandi.

Bog‘ning ta’mirlangan qismi / Foto: Olmazor Business City

Bahor boshida bergan xabarimizda “Olmazor Business City” direktori Umid Umarovga asoslangan holda, bog‘ rekonstruksiyasi 7 martdan boshlanishi va 3 oyda tugallanishi kutilayotgani haqida yozgandik.

Ma’lum bo‘lishicha, shundan keyin bog‘da muayyan ta’mirlash ishlari olib borilgan, biroq mablag‘ ajratilishi masalasidagi kechikishlar sabab ishlar bir muddat to‘xtab qolgan.

“Olmazor Business City” direksiyasi vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, may oyi oxirida xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori bilan bog‘ni loyihalash, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun shahar budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 990 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.

Foto: Olmazor Business City
Foto: Olmazor Business City

Kompaniya rasmiysi ayni paytda bog‘ loyihasi bo‘yicha loyihalash tashkilotlari o‘rtasida tanlov o‘tkazishga hozirlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Yozning qariyb yarmiga yaqinlashayotganimizni hisobga olsak, rekonstruksiya ishlarini imkon qadar tezroq boshlash va yakunlash maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Albatta, bunda ta’mirni tez bajarish ishlar sifatida ta’sir qilmasligi lozim.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid