Prezident Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga oid moddalarini o‘zgartirmaslik kerakligini aytdi
Nukusga yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev, Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 70–75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahriga keldi. Davlat rahbari Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, Qoraqalpog‘iston faxriylari va faollari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
“Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70-, 71-, 72-, 74-, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ta’kidladi”, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyani takomillashtirishga oid qonun loyihasining 25 iyundan boshlangan jamoatchilik muhokamasi 4 iyulgacha (shu kuni ham) davom etadi.