Jamiyat | 16:34 / 06.07.2022
19619
6 daqiqa o‘qiladi

Chorsu va Sirk oldidagi chorrahalar: O‘zgarishlar va aholi fikri

Toshkent markazida, Alisher Navoiy shohko‘chasining boshlanish qismidagi ikki chorraha yangi loyiha asosida rekonstruksiya qilindi. Kun.uz ta’mirlash ishlaridan keyingi yangiliklar, piyodalar va haydovchilar fikri bilan qiziqdi. Ular chorrahalardagi yangi tartib avvalgisidan qulayroq bo‘lganini aytishdi.

Shu yil fevralda Toshkent shahar hokimligi Alisher Navoiy shohko‘chasi rekonstruksiya qilinishini e’lon qilgandi. Hokimlik bu o‘zgarishlar orqali “tirbandliklarni kamaytirish, haydovchilar hamda piyodalarga qulaylik yaratish” maqsad qilinganini bildirgandi.

Dastlabki loyihaga jamoatchilik jiddiy e’tiroz bildirgach, keyinroq hokimlik loyihalashtirish ishlariga xorijlik mutaxassislarni jalb etdi. Kun.uz ta’mirlash ishlaridan so‘ng Alisher Navoiy shohko‘chasi qanday ko‘rinish kasb etgani, shahar hokimligi va’da qilgan qulayliklar nechog‘li amalga oshgani bilan qiziqdi.

“Oldingiga qaraganda hozir ahvol yaxshiroq. Oldin “probka” bo‘lardi. Hozir Samarqand darvozadan kelishda ikki qatordagilar Alisher Navoiy ko‘chasiga, yana ikki qator Beruniy ko‘chasiga buriladigan qilingani uchun avvalgidan yengilroq o‘tib-qaytyapmiz”, deydi yo‘nalishli-taksi haydovchisi.

“Hozir ancha yaxshi tomonga o‘zgargan. Oldingiga nisbatan yaxshi bo‘ldi. Ilgari bu ko‘chalar tiqilinch, tirband bo‘lardi, hozir unday bo‘lmayapti”, deydi avtobus haydovchisi.

“Yo‘l o‘zgartirilmasidan avval bu yerdagi “probka”lar Samarqand darvoza savdo markazi joylashgan chorrahagacha borayotgandi. Hozir unaqa narsa yo‘q”, deydi yana bir haydovchi.

Yuqoridan olingan tasvirlardan ko‘rish mumkinki, ta’mirlash ishlaridan so‘ng chindan ham Samarqand darvoza, Beruniy ko‘chalari va Alisher Navoiy shohko‘chasida tirbandliklar kamaygan, yo‘llarning o‘tkazuvchanligi oshgan, ilgari avtomobillar bir ko‘chadan ikkinchisiga o‘tish uchun uzoq vaqt kutib qolgan bo‘lsa, hozirga kelib bu muammo bartaraf etilgan.

Bundan tashqari, yo‘llarning o‘rtasida orolchalar tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda piyodalar svetoforning yashil chirog‘i yonishini kutib turishadi va shundan so‘ng yo‘llarida davom etishadi. Orolchalardan bir vaqtning o‘zida turli nuqtalarga o‘tib olish mumkin. Xo‘sh, piyodalar ushbu o‘zgarishlardan qanchalik mamnun?

“Yo‘l juda chiroyli va piyodalar uchun qulay qilib ta’mirlandi. Hamma uchun yaxshi bo‘ldi, ilgari faqat yerosti yo‘lidan o‘tish mumkin edi, u yerga tushib-chiqish qari odamlarga qiyinchilik tug‘dirardi. Hozir chorrahaning o‘zidan hamma tarafga o‘tish mumkin, juda yaxshi joy bo‘ldi. Men o‘zgarishlardan juda xursand bo‘ldim”, deydi piyodalardan biri.

“Yo‘lda juda ko‘p yuraman. Chorsu chorrahasida piyodalar o‘tadigan yo‘l yo‘q edi. Qiynalardik, ba’zida qoida buzishga ham to‘g‘ri kelardi. Ta’mirlash ishlaridan so‘ng piyodalar uchun qulayliklar yaratildi. Eng asosiysi va quvonarlisi, yo‘llardagi tirbandliklar juda ham kamaygan.

Poytaxtdagi juda ko‘p chorrahalarda, yo‘llarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, zamonaviy yondashuv natijasida ko‘plab tirbandliklarning oldi olingani, buning natijasida haydovchilarga qulayliklar yaratilgani va piyodalarning ham xavfsizligi ta’minlanganini ko‘rish mumkin. Boshqa chorrahalarda ham mana shunday ishlarning davom etishini kutib qolamiz”, deydi boshqa bir piyoda.

Furqat, Alisher Navoiy, Sebzor va Zarqaynar ko‘chalari kesishuvida joriy etilgan yangiliklar ham tirbandliklarni kamaytirgani, bir ko‘chadan ikkinchi ko‘chaga o‘tish, qayrilib olishni osonlashtirganini ko‘rish mumkin.

Jumladan, ilgari Furqat ko‘chasidan (Xalqlar do‘stligi maydoni tomondan) kelib Chorsu tarafga bormoqchi bo‘lgan haydovchilar Navoiy ko‘chasiga burilib, Milliy akademik drama teatri yonidan ortga qayrilib olishlari, buning uchun esa uzoq vaqt kutishlari talab etilardi. O‘zgarishlardan so‘ng haydovchilarga Furqat ko‘chasidan keliboq Chorsu tomonga harakatlanish imkoniyati yaratilgan.

Bundan tashqari, endi transport vositalari Alisher Navoiy ko‘chasidan – Furqat ko‘chasiga burilishlari ham mumkin.

Ta’mirlash ishlaridan keyin Zarqaynar ko‘chasidan Alisher Navoiy ko‘chasiga o‘tish ham ancha qulaylashgan. Shuningdek, kuzatuvlarimiz piyodalar uchun ham yetarlicha qulayliklar yaratilganini ko‘rsatdi.

Xulosa qilish mumkinki, Toshkentdek katta shaharda, minglab odamlar foydalanadigan infratuzilmani rejalashtirishda zarur holatlarda xorijlik tajribali va o‘z ishining ustasi bo‘lgan ekspertlar yordamiga murojaat qilish maqsadga muvofiq.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Suratlar muallifi va montajchi: Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid