O‘zbekiston | 12:14 / 08.07.2022
86084
3 daqiqa o‘qiladi

Dauletmurat Tajimuratov qamoqqa olindi

Bloger Dauletmurat Tajimuratov xalqni noqonuniy mitingga chorlab, o‘zini qoraqalpoq eliga bosh qilishni so‘ragandi. Jurnalist Lola Qallixanova ham jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bosh prokuratura Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ma’lumot berdi. Ma’lum qilinishicha, tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlangan.

Qayd etilishicha, shakllantirilgan Bosh prokuratura tergov guruhi zimmasiga yuz bergan hodisalarning barcha holatlarini aniqlash, tergov harakatlarini xolisona hamda qonunchilikka qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.

«Tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlandi.

Shu jumladan, Tajimuratov D.M. va Turdanov A.T.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilindi. Ularga nisbatan sudning qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Qallixanova L.O.ning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari aniqlandi. U jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlandi.

Tergovga jalb etilgan fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi, qiynoq, zo‘ravonlik, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy nazoratga olingan.

Gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga himoya huquqi to‘la ta’minlangan holda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar ta’minlangan. Sog‘lig‘i va saqlash sharoitlari bo‘yicha e’tirozlari mavjud emas», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan 2022 yil 2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq 2022 yil 1 iyul kuni soat 14:50 da «El xizmetinde» gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov Telegram’dagi «Makan.uz» kanali orqali videomurojaat yo‘llab, videomurojaatida fuqarolarni joriy yilning 5 iyul kuni soat 17:00 da Qoraqalpog‘iston Respublikasining “ozodligi”ni so‘rab Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgani ma’lum qilingandi.

Jurnalist Lola Qallixanova «Makan.uz» kanali asoschisi va muallifi hisoblanadi, u ham kanal orqali videomurojaat qilib, xalqni mitingga chorlagan.

Mavzuga oid