Jahon | 13:33 / 12.07.2022
21384
8 daqiqa o‘qiladi

«Azot» zavodi xarobalari, Xarkivga navbatdagi hujum oqibatlari. Urush suratlari

Ukrainadagi urushning 138-kuni o‘tdi. So‘nggi ma’lumotlar: 

  • 11 iyul kuni Davlat dumasi Rossiyaga «qurolli bosqinni qaytargan» chegarachilarga faxriy maqomini berishni taklif qildi. 
  • Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarning Xerson oblasti Nova Kaxovka shahrida joylashgan harbiy omborxonasiga zarba yo‘lladi. Bu shahar urushning ilk kunidan buyon Rossiya nazorati ostida qolmoqda. Xarkiv oblasti va Zaporijjyaning Melitopol rayonida — «yangi tayinlangan» hukumat vakillariga navbatdagi suiqasdlar uyushtirildi.
  • Donetsk oblastidagi Chasiv Yar shahriga berilgan raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar soni 34 kishini tashkil etmoqda. Qurbonlar orasida to‘qqiz yoshli bola ham bor.
  • Ukraina bug‘doy olib ketish uchun kelgan sakkizta xorijiy kema haqida ma’lumot berdi.
  • Donetsk oblastidan aholining 80 foizi evakuatsiya qilingan. U yerda tinch aholi vakillari bo‘lgan 340 ming kishi qolmoqda.
  • Ukraina TIV Vladimir Putinning ukrainaliklarga RF fuqaroligini berish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qarorini «mamlakatni bosib olish kursini davom ettirish» sifatida baholadi.
  • Rossiyada urush boshidan buyon 5300 sayt bloklangan. Jumladan, barcha mustaqil nashrlar, Tvitter, Instagram va Feysbuk ham.
  • Seshanba kuni Ukrainaning bosib olingan hududlaridan boshqa barcha regionlarida havo hujumidan ogohlantiruvchi trevogalar yangradi. Mikolayiv shahrida kuchli portlashlar ro‘y bergan, shahar meri Aleksandr Senkevich aholidan bombapanagohlarni tark etmaslikni so‘ragan.

Quyida 11 iyul kuni Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar:

Xerson

Xerson oblasti aholisi pensiya uchun navbatda turibdi. May oyi boshida oblastning okkupantlar tomonidan tayinlangan ma’muriyati pensiyalar endi rublda berilishini e’lon qilgandi. Foto: Sergey Bobilev / TASS
Xerson ko‘chasidagi rossiyalik harbiy. Mart oyi boshidan buyon Xerson oblastining katta qismi rossiyaliklar tomonidan ishg‘ol etilgan, so‘nggi vaqtlarda Ukraina qurolli kuchlari ushbu hududdagi qator qishloqlarni ozod qilib kelmoqda. Foto: Sergey Bobilev / TASS

Xarkiv 

Ukrain o‘t o‘chiruvchilari Xarkivning tinch aholi yashovchi hududiga bergan zarbalari vaqtida yonib ketgan avtomobil olovini o‘chirmoqda. Ukraina hukumati so‘nggi hujumlar oqibatida olti kishi halok bo‘lganini xabar qilgan, qurbonlar orasida ushbu mashinada ketayotgan bo‘lgan ota va uning 17 yoshli o‘g‘li ham bor. Foto: Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
11 iyul tongida Xarkiv bo‘ylab uchirilgan raketalardan biri turar joy binosiga kelib tushgan.
Nacho Doce / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiya raketasi Xarkivdagi ko‘p qavatli uyga kelib tushishi oqibatlari.
Vyacheslav Madiyevskyy / Ukrinform / SIPA / Scanpix / LETA
Rossiya raketasi Xarkivdagi ko‘p qavatli uyga kelib tushishi oqibatlari. Foto: Ukraina FVDX
Xarkivdagi rossiyaliklar raketasidan shikastlangan olti qavatli uy ahli qutqaruv amaliyotining borishini kuzatmoqda.
Vyacheslav Madiyevskyy / Ukrinform / SIPA / Scanpix / LETA
Rossiya zarbasidan halok bo‘lgan xarkivlikning tanasini olib chiqayotgan qutqaruvchilar.
Nacho Doce / Reuters / Scanpix / LETA

Donbass shimoli 

Severodonetskdagi «Azot» kimyoviy kombinati hududida snaryad parchalaridan ilma-teshik bo‘lgan temiryo‘l ko‘rsatkichi. Donbass shimolidagi ushbu yirik transport uzeli uchun shiddatli janglar olib borildi, ammo ukrain kuchlari iyun oyi oxirida bu yerdan chekindi. Foto: Stanislav Krasilnikov / TASS
«Azot» kombinati hududi Ukraina va Rossiya armiyasi o‘rtasidagi qaqshatqich janglar chog‘ida jiddiy jabrlangan. Foto: Stanislav Krasilnikov / TASS
Metin Aktas / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Qutqaruvchilar Donetsk oblastidagi Chasiv Yar shahridagi vayronalar ostidan jasadlarni olib chiqishmoqda. 9 iyul kuni rossiyalik harbiylar shahar bo‘ylab raketa zarbasi yo‘llashdi, natijada, RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, «uch yuzdan ortiq natsionalist» yo‘q qilingan. Raketalardan biri turar joy binosiga kelib tushgan, so‘nggi maxlumotlarga ko‘ra, xarobalar ostidan olib chiqilgan tinch aholi vakillari soni 34 nafarga yetgan, yana to‘qqiz kishi tirik holda qutqarilgan.

AP Photo/Nariman El-Mofty

70 yoshli pensioner Valeriy Ilchenko evakuatsiya bo‘lishdan bosh tortgan mahalliy aholi vakillaridan biri. Ilchenko sovet armiyasida xizmat qilgan va hozirda ruslar imkon qadar tezroq ortga qaytishini istaydi. «Men hech qayerga ketmayman. U yerda nima ham qilaman. Bu yerda hech bo‘lmasa o‘tirib, televizor ko‘rishim mumkin», — deydi u bir xonali kvartirasida turib bergan intervyusida.  

Ukrain askarlari Kramatorskdagi ko‘p qavatli uy hovlisida muzqaymoq yeyishmoqda. Foto: AP Photo/Nariman El-Mofty
Kramatorskka raketa zarbasi yo‘llangan vaqtda xavfsiz joyga qochayotgan ukrain askarlari. Foto: ​​​​​AP Photo/Nariman El-Mofty
AP Photo/Nariman El-Mofty

Politsiyachilar Kramatorskda tinch aholi yashovchi kvartalga raketa zarbasi berilgach yaralangan keksa ayol va erkakka yordam ko‘rsatmoqda. Donetsk oblasti gubernatori Pavel Kirilenko o‘tgan haftada oblast hududida qolayotgan 350 mingdan ortiq kishini xavfsiz joylarga ketishga chaqirgan va tinch aholi evakuatsiyasi ukrain armiyasi shaharlarni Rossiya bosqinidan yaxshiroq himoya qilishga imkon berishini aytgandi. Ammo ko‘pchilik ketishni istamayapti.

(AP Photo/Nariman El-Mofty)

O‘z uylaridan ketishni istamagan aholi vakillari Kramatorsk shahar kengashi binosi oldida gumanitar yordam uchun navbatda turibdi. Ularning aksari pensionerlar yoki kam ta’minlangan oilalar vakillari hisoblanishadi, bunday qatlam o‘z uyidan uzoqda o‘zini moliyaviy ta’minlay olmaslikdan xavotirda.

AP Photo/Nariman El-Mofty

Slovyanskdan ketayotgan 26 yoshli Nataliya Tkachenko qo‘lida sakkiz oylik o‘g‘li Oleksiy bilan. Ular Ukraina sharqidagi Pokrovsk shahri temiryo‘l vokzalidan poyezdda Dniproga yo‘l olishgan. Rossiya nishoni ostida qolayotgan shaharlardan har kuni yuzlab kishilar nisbatan xavfsiz hududlarga ketishmoqda.

AP Photo/Nariman El-Mofty

 Ona shahri Kramatorskni tashlab keta olmagan keksa kishi daryoda baliq ovlamoqda. Undaylar ketishdan bosh tortishining bir necha sababi bor - ularning ko‘pchiligi pensionerlar yoki begona joylarda pulsiz qolishdan xavfsirovchi qashshoq kishilar. Boshqalar esa ularni Ukraina g‘arbida yaxshi qabul qilmasliklaridan qo‘rqishadi. Ularning xavotiri mamlakat g‘arbidagi aholi rus tilli ukrainlarni sharqdagi urushda ayblashiga asoslangan. Shuningdek, rasmiylar fikricha, qolayotganlarning bir qismi rusparast hisoblanadi va rossiyalik harbiylar kelishini kutmoqda. Qolayotganlar orasida Ukraina yoki Rossiya nazorati ostida bo‘lishdan hayotida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi, deb fikrlovchilar ham bor.

Mavzuga oid