Jahon | 09:38 / 13.07.2022
5674
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda 800 milliondan ortiq odam ocharchilikka duch kelgani ma’lum qilindi

Qurolli to‘qnashuvlar, iqlim o‘zgarishi va COVID-19 pandemiyasining oqibatlari tufayli dunyoda 811 millionga yaqin odam och qolmoqda, deya xabar berildi Welthungerhilfe yillik hisobotida.

Foto: Reuters

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va u bilan bog‘liq oziq-ovqat narxlarining oshishi sayyoradagi ocharchilik muammosini sezilarli darajada kuchaytirdi. Bu haqda Germaniyaning Welthungerhilfe xayriya tashkilotining 2021 yil uchun 12 iyul, seshanba kuni taqdim etilgan hisobotida aytiladi. Hujjatda aytilishicha, iqlim inqirozi, qurolli mojarolar va COVID-19 pandemiyasining oqibatlari ham sayyorada ochlik muammosining keskinlashuviga olib keladigan asosiy omillardir. 

Welthungerhilfe ekspertlarining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda bir necha oy davomida ocharchilik tahdidiga duchor bo‘lganlar soni ortib, 811 million kishiga yetgan. Ayniqsa, Yaman, Afg‘oniston va Janubiy Sudan, shuningdek, iqlim inqirozi oqibatlari kuchli qurg‘oqchilikka sabab bo‘layotgan Madagaskar va Sharqiy Afrikada vaziyat keskin. Ular «iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘lib, tobora jiddiy gumanitar favqulodda vaziyatlarga olib keladi», deyiladi hisobotda.

Hujjatga ko‘ra, 2021 yilda ko‘plab inqirozlar tufayli oziq-ovqat mahsulotlari narxi 28 foizga oshgan. Ukrainada 2022 yil fevral oyida boshlangan urush narxlarning yanada oshishiga olib keldi. «Afg‘onistondan Zimbabvegacha bo‘lgan hududda yashayotgan odamlar non, don yoki meva narxining 60 foizga oshishi bilan kurashmoqda», dedi tashkilot rahbari Marlen Time. 

O‘z navbatida, Germaniyaning iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vaziri Svenya Shulse global oziq-ovqat inqirozi va Ukrainadagi urush fonida nisbatan qashshoq davlatlarni importdan mustaqil bo‘lish uchun o‘zlari ko‘proq don yetishtirishga chaqirdi. 

«Ko‘pgina mamlakatlar bug‘doy yetkazib berishga juda bog‘liq, masalan, Ukrainadan. Vaziyatni o‘zgartirish uchun mahalliy donni ko‘proq yetishtirish kerak», dedi Shulse 12 iyul kuni RBB-Inforadio radiostansiyasiga bergan intervyusida. 

Welthungerhilfe tashkiloti hisobotida shunday deyildi: «Urushlar oziq-ovqat tizimiga katta ta’sir ko‘rsatadi, masalan, dalalar yoqib yuboriladi, zaxiralar talon-toroj qilinadi yoki hosilni sotish cheklanadi». Shu bilan birga, dunyodagi mojarolar soni, ekspertlarning fikriga ko‘ra, so‘nggi yillarda «yana ko‘paygan». 

Welthungerhilfe Germaniyadagi eng yirik xususiy gumanitar tashkilotlardan biri bo‘lib, siyosiy va konfessional jihatdan mustaqil hisoblanadi hamda asosan xayriyalar hisobidan moliyalashtiriladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, faqat 2021 yilda Welthungerhilfe xorijda 526 ta loyihani amalga oshirib, 36 mamlakatda 16,6 millionga yaqin odamni qo‘llab-quvvatlagan. Jami 190,5 million yevrolik yordamning asosiy qismi Afrikadagi loyihalarga yo‘naltirildi. Osiyodagi 13 ta loyihani moliyalashtirish uchun 55,6 million yevro va Janubiy Amerikadagi ikkita loyihaga 6,3 million yevro ajratildi. 

Mavzuga oid