Iqtisodiyot | 07:24 / 15.07.2022
24021
4 daqiqa o‘qiladi

Naqd pulga bo‘lgan talab oshishiga sabab bo‘layotgan omillar ma’lum qilindi

PMTI ekspertlari so‘nggi oylarda naqd pulga talab oshishiga sabab bo‘layotgan omillarni tahlil qilishdi.

Foto: Kun.uz

Naqd pulga talab oshishiga uzoq muddatli omillar (iqtisodiy o‘sish, demografik o‘zgarishlar va moliya sektorining rivojlanishi) bilan bir qatorda, mavsumiy iqtisodiy faollikning oshishi, chet eldan pul o‘tkazmalari ko‘payishi, valuta kurslari barqarorligi ta’sir ko‘rsatmoqda.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil 1 iyun holatiga muomaladagi naqd pullar hajmi 36,9 trln so‘mga yetib, 2017 yilning 1 iyun holatiga (13,2 trln so‘m) nisbatan 2,8 barobar oshdi.

Shunday bo‘lsa-da, naqd pullarning keng ma’nodagi pul massasi tarkibidagi ulushi kamayib bormoqda. Ushbu ko‘rsatkich 2017 yil 1 iyun holatiga 31,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil 1 iyun holatiga kelib 23 foizgacha kamaydi.

Qayd etilishicha, 2017 yildan boshlab naqd pulga bo‘lgan talab mavsumiy xarakterga ega bo‘lib kelmoqda.

Aprel-may oylaridan boshlab iqtisodiy faollik jadallashuvi (to‘y va shunga o‘xshash marosimlar soni ko‘payishi, qurilish ishlari tezlashishi, yozgi pishiqchilik, dam olish va ular bilan bog‘liq xarajatlar ortishi) naqd pulga bo‘lgan talabni oshiradi va ushbu tendensiya noyabr oylariga qadar davom etadi.

Noyabrdan mart oyigacha bo‘lgan davrda muomaladagi naqd pul hajmi sezilarli darajada kamayadi.

Aprel-noyabr oylarida chet eldan pul o‘tkazmalari ko‘payishi bilan aholi tomonidan valuta sotuvi hajmi ham oshib boradi. So‘mning AQSh dollariga nisbatan qadri mustahkamlanishi yoki barqarorligini saqlab turishi sharoitida ushbu tendensiya yanada jadallashadi.

 Joriy yil 5 oyida pul o‘tkazmalari hajmi 4,19 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, 2021 yilning mos davriga (2,61 mlrd AQSh dollari) nisbatan 61 foizga (1,58 mlrd AQSh dollariga) ko‘paydi.

Mazkur davrda banklar tomonidan jismoniy shaxslardan 4,32 mlrd AQSh dollari miqdorida valuta sotib olindi va bu o‘tgan yil mos davriga (2,72 mlrd AQSh dollari) nisbatan 59 foizga ko‘proq hisoblanadi.

Katta hajmdagi oldi-sotdi operatsiyalari (uy-joy, mashina oldi-sotdisi) xorijiy valutada (AQSh dollari, yevro) amalga oshirilganda, o‘z o‘zidan milliy valutaga talab kamayadi.

Ichki valuta bozorida so‘mning AQSh dollariga nisbatan qadri oshishi ortidan aholining ko‘pchiligi valutadagi jamg‘armalarini milliy valutaga o‘tkazishni afzal ko‘ra boshlashdi, deyiladi ma’lumotda.

Valuta kursi barqarorligi saqlanib turgan bir sharoitda, 2022 yil 15 iyuldan 200 000 so‘mlik banknotalar muomalaga chiqarilishi katta hajmdagi naqd hisob-kitoblarni osonlashtirib, dollarlashuv darajasini yanada kamayishiga xizmat qilishi mumkin.

So‘nggi 4 yilda to‘lov tizimi rivojlantirilishi natijasida naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmi sezilarli darajada oshdi. Muomaladagi bank kartalari soni 1,7 barobarga (01.06.2018 yil holatiga 17,7 mln donadan 01.06.2022 yil holatiga 29,4 mln donaga), o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 1,8 barobar (241 mingtadan 433,2 mingtaga), o‘rnatilgan bankomat va infokioskalar soni 2,7 barobar (6,1 mingdan 16,7 mingga) ko‘paydi.

2022 yil yanvar-may oylarida to‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar hajmi 58,2 trln so‘mga yetdi va 2021 yil mos davriga (39,9 trln so‘m) nisbatan 1,5 barobar (2018 yil yanvar-may oylariga (23 trl so‘m) nisbatan 2,5 barobar) oshdi.

Bildirilishicha, ushbu tahlil 2013 yil yanvaridan 2022 yil may oyigacha bo‘lgan oylik ma’lumotlarga asoslanib amalga oshirilgan. Axborotlar Markaziy bank ochiq statistik ma’lumotlaridan olingan.

Mavzuga oid