O‘zbekiston | 13:51 / 18.07.2022
14465
2 daqiqa o‘qiladi

MIB: Toshkent shahar hokimligining bankdagi hisob raqamlariga band solingan

Tadbirkor foydasiga 88 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lovlarini undirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Qaror bor ekan, u albatta ijro etiladi, deb bayonot berdi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi markaziy apparati.

Toshkent shahar hokimligi hisobidan undiruvchi “Xisorak Beshyogoch” mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) foydasiga 88 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lovini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati ijrosiz qolayotgani tanqid qilingan edi.

Mazkur maqolaga Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi markaziy apparati munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 25 martdagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor Toshkent shahar hokimligi hisobidan undiruvchi “Xisorak Beshyogoch” mas’uliyati cheklangan jamiyat foydasiga 88 mlrd 566 mln 751 ming so‘m kompensatsiya to‘lovi undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati joriy yilning 4 aprel kuni Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining markaziy apparati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilib, taraflarga yuborilgan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari jarayonida O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan qarzdorning bankdagi tegishli hisob raqamlariga band solingan.

Shuningdek, ijro harakatlari davomida ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror Toshkent shahar hokimligi tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ijro uchun yuborilganligi aniqlangan.Ushbu kompensatsiya to‘lovlarini qoplash masalasi Toshkent shahar hududiy kuzatuv kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Hozirda mazkur ijro ishi yuzasidan majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda (Joriy yilda olib borilgan ijro harakatlari davrida, 82 mlrd. so‘mdan ortiq 49 ta ijro ishlari bo‘yicha kompensatsiya mablag‘lari undirib berilgan), deyiladi MIB axborotida.

Mavzuga oid