O‘zbekiston | 15:16 / 18.07.2022
38481
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar oqibatida yana 3 kishi vafot etdi

Xizmat burchini bajarayotgan vaqtida tan jarohati olgan 141 nafar huquq-tartibot idoralari xodimi hamda sog‘lig‘i va mulkiga zarar yetkazilgan 16 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb e’tirof etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar oqibatida fuqarolar va tadbirkorlar mol-mulki, davlat va ijtimoiy infratuzilma obektlariga 3 mlrd 147 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Bugun, 18 iyul kuni AOKAda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joriy etilgan favqulodda holat davrida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, joriy yil 16 iyul holatiga ko‘ra, tergov-tezkor guruhi tomonidan o‘tkazilgan tergov harakatlari doirasida hodisa yuz bergan hududlar va joylar ekspert va mutaxassislar ishtirokida to‘liq ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 550 dan ortiq ashyo va narsalar rasmiylashtirib olindi.

Tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan 274 nafar fuqaroga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatildi, shundan 16 nafar fuqaro tibbiy muassasalarda qolmoqda. 

Yana 3 nafar fuqaro ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgani bois, shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan, vafot etgan. 

Ommaviy tartibsizliklar oqibatida jabrlangan shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilayotgani aytildi. O‘z xizmat burchini bajarayotgan vaqtida tan jarohati olgan 141 nafar huquq-tartibot idoralari xodimi hamda sog‘lig‘i va mulkiga zarar yetkazilgan 16 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb e’tirof etildi.

Jinoyat sodir etgan shaxslarni fosh etishga qaratilgan tadbirlar doirasida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, belgilangan tartibda ushlangan fuqarolar himoya huquqi advokat orqali amalga oshirishi to‘liq ta’minlangan, ular ushlangani va qamoqqa olingani hamda saqlanayotgan joyi haqida yaqin qarindoshlariga belgilangan tartibda xabar berilgan.

Mavzuga oid