O‘zbekiston | 13:20 / 19.07.2022
22031
6 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonga oid takliflar va referendum – Jahongir Shirinov bilan intervyu

Konstitutsiyaviy loyiha muhokamasi muddatlari nega uzaytirilmoqda? Qoraqalpog‘istonga aloqador takliflarni kim bergan edi? Loyiha qachon va qay tartibda referendumga chiqariladi? Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Jahongir Shirinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shu kabi savollarga javob berdi.

- Assalomu alaykum! Ma’lumki, Konstitutsiyaviy loyiha muhokamasi muddatlari bir necha marotaba uzaytirildi. Xo‘sh, nima sababdan muhokama muddatlari bir necha marotaba uzaytirilmoqda?

- Konstitutsiyaviy loyihani birinchi marotaba umumxalq muhokamasiga qo‘yganimizda, biz shunaqangi salmoqli takliflarning kelishini kutmagan edik. To‘g‘ri, ayrim fuqarolarimiz takliflarini alohida huquqiy qolipga sola olmagandir, lekin ularning bergan takliflari kerak bo‘lsa mutaxassislarni jalb qilishni talab etmoqda.

Konstitutsiyani tayyorlash uchun birgina huquqshunos bo‘lishning o‘zi yetarli emas ekan. Bu jarayonda vaqti kelsa, ekolog, pedagog, tibbiyot xodimi bo‘lish ham kerak. Chunki konstitutsiya barcha sohalarni qamrab oladigan bosh hujjat hisoblanadi. Shuning uchun bu jarayonga tor doiradagi mutaxassislarni jalb qilishga to‘g‘ri keldi.

Deputatlarimiz joylarda 2 mingga yaqin uchrashuvlarni tashkil qilishdi. Mana shu uchrashuvlarda fuqarolarimiz deputatlarga takliflari borligi va yana yuborishlarini aytishmoqda. Koll-markazi, boshqa vositalar orqali kelib tushayotgan murojaatlarda ham muhokamalarni davom ettirishni so‘rashyapti. Bularning bari qonun loyihasi muhokamasi dolzarbligini, uni davom ettirish kerakligini ko‘rsatadi.

Bu – xalqimizning talabi, xalqimiz loyihani yanayam muhokama qilishni xohlayapti va bu to‘g‘ri. Nima uchun? Konstitutsiya – mamlakatimiz, xalqimiz, millatimizning kelajagini belgilab beruvchi bosh hujjat. Buni shoshma-shosharlik bilan qabul qilib bo‘lmaydi.

- Loyiha yuzasidan kelib tushayotgan o‘n minglab takliflar qay tartibda saralab olinadi? Buni ko‘rib chiqishga Konstitutsiyaviy komissiya yoki Parlament ulguryaptimi?

- Rostini aytsam, diqqatimiz, eng katta mehnatimizni sarflayotgan masala yuzasidan savol berdingiz. Haqiqatdan, qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga chiqarilganidan beri, 87 mingdan ortiq taklif kelib tushdi. Shuncha taklif…

Mana shu takliflarni ko‘rib chiqishga Parlament quyi palatasining bitta emas, ikkita qo‘mitasi mas’ul qilib belgilangan. Ya’ni ish hajmi katta ekanligi ilgaridan hisobga olingan.

Ikkinchidan, bizga Konstitutsiyaviy komissiya yaqindan yordam beryapti. Bilasiz, komissiyaning ikkita katta guruhi bor, ya’ni ular takliflarni yig‘ish va umumlashtirish hamda takliflarni tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Bu guruhlar bizga juda ham yaqindan yordam beryapti, aniqrog‘i, bir xil mazmundagi takliflarni umumlashtirib berishlari ham bizning ishimizni ancha osonlashtirmoqda. Yoki umuman konstitutsiyaviy islohotga aloqasi yo‘q bo‘lgan ayrim takliflarni ajratib olishmoqda. Umuman, shu yo‘llar bilan ishimizni ancha yengillashtiryapti.

Biz mana shu yo‘l bilan har bir taklifni qo‘shma qo‘mitalar guruhida ko‘rib chiqib, mutaxassislarni jalb qilyapmiz va shu tariqa birortasini e’tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qilyapmiz.

- Umuman, yangi yo‘nalish yoki mavzudagi takliflar bo‘lsa, uni loyihaga kiritish-kiritmaslik masalasini kim hal qiladi?

- Amaldagi qonunchiligimizga muvofiq, qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga kiritilganidan keyin kelib tushadigan barcha takliflarni ko‘rib chiqib, qonunni takomilga yetkazish bu qo‘mitalarning zimmasidagi mas’uliyat hisoblanadi. Hozir ikkita qo‘mitamiz ham bu borada ish olib borishmoqda. Bir taklifni kiritamiz, boshqasi keladi, birinchisiga qarama-qarshi bo‘lib qolgan holatlar ham bo‘ladi. Ya’ni bu – to‘xtamayotgan jarayon.

Shuning uchun men yuqorida aytdim, bu yerda huquqshunos bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Qo‘mitalar jarayonga mutaxassislarni ham jalb qilib, barcha ishlarni ko‘rib, qonun loyihasini takomilga yetkazish bilan shug‘ullanishmoqda.

- Xabaringiz bor, noroziliklardan so‘ng Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga aloqador moddalar o‘zgarishsiz qoladigan bo‘ldi. O‘zi bu taklifni kim bergan edi?

- Konstitutsiyamizning 83-moddasi bor, qonun tashabbuskorligi sub’yektlari, ya’ni kimlar qonun tashabbuskorligiga egaligi aks ettirilgan. Ular orasida deputatlar, Bosh prokuror, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi va boshqalar ham mavjud. Shuningdek, bu ro‘yxatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi nomidan Jo‘qorg‘i Kenges ham kiritilgan. Uning qonun loyihasini kiritish vakolati ham bor, shundan foydalanib Qoraqalpog‘iston Respublikasining Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan qonun loyihasi kiritilgan.

Endi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasiga ham e’tibor qaratadigan bo‘lsak, qoraqalpoq xalqi nomidan ish olib borishga uning Jo‘qorg‘i Kengesi vakolatli hisoblanadi.

Bu yerda hech qanday huquqiy jihatdan qonunbuzilish holati yoki noto‘g‘ri ish yo‘q, hamma konstitutsiyaviy vakolatidan foydalangan. Jo‘qorg‘i Kengesning ham qonun loyihasini kiritishga, ham xalq nomidan ish ko‘rishga vakolati bor.

Qonun loyihasi tashabbusi bilan chiqishgach, deputatlarimiz ikkita loyihani birlashtirdi hamda xalqning muhokamasiga chiqarishdi. Bundan ortiq demokratiya bo‘lishi mumkinmi? Kimdir buni tayyor qonun loyihasi yoki qabul qilindi, deb ham o‘yladi. Yo‘q, bu – muhokama chiqarilgan loyiha, takliflardan kelib chiqib yana xalqning o‘ziga beriladi. 

- Qonun loyihasi qachon referendumga chiqarilishi kutilmoqda?

- Kelib tushgan takliflarga qaraymiz. Mana 15 kunga uzaytirildi, lekin shunga qaramay ulgurmayapmiz. 1 avgustgacha xalqimiz qonun loyihasini yana muhokama qilishni so‘rasa, yana davom ettirishimiz mumkin.

Yoki agar taklif tugaydigan bo‘lsa, deputatlarimiz bilan maslahatlashamiz. Bu qonunning qanchalik takomillashganiga bog‘liq. Loyiha milliy qonunchiligimiz, xalqimizning manfaatiga hamda xalqaro normalarga mos bo‘lganidan keyingina, uni referendumga chiqarishni e’lon qilishimiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid