O‘zbekiston | 17:46 / 24.07.2022
17424
11 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy davlatlar rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni tabriklamoqda

Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 65 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan qo‘shni davlatlar va mintaqaning boshqa mamlakatlari rahbarlaridan tabriklar kelmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. 

Tojikiston

Dastlab Tojikiston prezidenti O‘zbekiston rahbari bilan telefon orqali muloqot qilgan. Suhbat avvalida Tojikiston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Ikki tomonlama kun tartibidagi hamda mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Joriy yil 2-3 iyun kunlari Tojikiston prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni bajarish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi. Eng avvalo energetika sohasidagi kooperatsiya loyihalarini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yil sentabr oyida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Qozog‘iston

Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali muloqotida ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida Qozog‘iston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan chin dildan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta zafarlar tiladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo va logistika, sanoat va agrosanoat sohalarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari darajasida yaqindan aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Shu hafta Qirg‘izistonda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari yuksak baholandi. Mintaqada yirik infratuzilmaviy loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishni boshlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan ham muloqot qildi. Qozog‘istonning birinchi prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan qutlab, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Suhbatda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib, O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi. Shu yilning 20-21 iyul kunlari Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining yakunlariga yuksak baho berildi.

Qirg‘iziston

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqotda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar kun tartibi muhokama qilindi.

Suhbat avvalida Qirg‘iziston prezidenti davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Ikki mamlakat hukumatlari savdo shartnomalari va sanoat kooperatsiyasi bitimlarining yangi to‘plamini, shuningdek, O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sherikligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlashi muhimligi qayd etildi.

Energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Ozarboyjon

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muloqotda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ozarboyjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, birodar O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

Prezidentlar joriy yil 21-22 iyun kunlari mamlakatimizda o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlarning sermahsul natijalarini yuqori baholadilar. O‘zbekiston-Ozarboyjon muzokaralari yakunida qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Hukumatlar va idoralar darajasida faol muloqotlar va almashinuvlar davom etayotgani, o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sish sur’atlari yuqori va barqaror ekani, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha birgalikda samarali ishlanayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Shuningdek, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga, shu jumladan shu yili noyabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.

Turkmaniston

Turkmaniston sobiq prezidenti, Milliy Kengashi xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Xalq Maslahati raisi Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va birodar turkman xalqi nomidan davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan dildan muborakbod etib, O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Joriy yil 14-15 iyul kunlari mamlakatimizga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifning samarali yakunlari yuqori baholandi. Qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida erishilgan kelishuvlarni, shu jumladan Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘rta muddatli dasturni, Chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish loyihasini, birinchi Hududlar forumi va Ishbilarmonlar kengashi yakunida imzolangan savdo shartnomalari va bitimlarini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Samarali yo‘lga qo‘yilgan parlamentlararo muloqot doirasida olib borilayotgan faol aloqalar va almashinuvlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi, jumladan, joriy yil noyabr oyida Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining sammitini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Rossiya

RF prezidenti Vladimir Putin ham O‘zbekiston rahbariga telefon qildi, muloqotda ikki tomonlama va mantaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama etildi.

Suhbat avvalida Rossiya yetakchisi prezidentimizni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat hamda O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi davlatchilik faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Shuningdek, Vladimir Putin kuni kecha Shavkat Mirziyoyevni do‘stlik va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida farmon imzolangani haqida xabar berdi. Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentiga O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi darajasiga yuksak baho bergani va ularni yanada mustahkamlash masalalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Hukumatlararo darajada yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik mexanizmlari doirasida, shu jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlikning yuqori sur’atini ta’minlash va ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida birgalikdagi faol ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari hududlar o‘rtasidagi samarali aloqalar va almashinuvlarni ham mamnuniyat bilan qayd etib, ularni yanada kengaytirish lozimligini ta’kidladilar. Mintaqaviy kun tartibiga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Belarus

Aleksandr Lukashenko ham O‘zbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, do‘st O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Prezidentlar keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Belarus munosabatlari jadal rivojlanib, aniq mazmun bilan boyib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

O‘zaro savdo hajmi ortayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari soni oshayotgani, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuv kengayayotgani ta’kidlandi.

Hukumatlar rahbarlari darajasida muntazam va samarali muloqot yo‘lga qo‘yilgani yuqori baholandi. Mashinasozlik, agrosanoat majmui, kimyo, farmatsevtika va elektrotexnika tarmoqlarida, amaliy hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda. 

Xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibidagi masalalar muhokama qilindi.

Turkiya

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqotda ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Turkiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, farovonlik va katta zafarlar, shuningdek, birodar O‘zbekiston xalqiga taraqqiyot va ravnaq tiladi.

Rajab Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash borasidagi qat’iy sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

Ikki tomonlama hamkorlik va global siyosatning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Oliy darajada erishilgan, shu jumladan o‘zaro savdo hajmini oshirish, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish sohalarida, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalarini jadallashtirish hamda gumanitar almashinuvni faollashtirish borasidagi kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston, Turkiya va Ozarboyjonning tashqi ishlar, savdo va transport vazirlari darajasida ko‘p tomonlama maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish tashabbusining amaliy ahamiyati qayd etildi. Joriy yil noyabr oyida Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining sammitini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Mavzuga oid