O‘zbekiston | 09:45 / 25.07.2022
18173
2 daqiqa o‘qiladi

Kimlar sanatoriy-kurortlarga bepul yo‘llanma olishi mumkinligi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda kimlar sanatoriy-kurortlarga bepul yo‘llanma olishi mumkin ekani to‘g‘risida ma’lumot berildi.

“Huquqiy axborot” kanalida yozilishicha, quyidagi nogironlar va keksalar toifasiga bepul sanatoriy-kurort yo‘llanmalari taqdim etiladi: 

  • urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar beva xotinlari (beva erlari);
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
  • Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar;
  • yadro poligonlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar;
  • I va II guruh nogironlari, ko‘zi ojiz I-guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxs;
  • yolg‘iz keksalar;
  • pensionerlar.

Yo‘llanma olish uchun quyidagi hujjatlar Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi hududiy bo‘linmalariga topshirilishi lozim:

  • ariza;
  • pasport nusxasi;
  • yuqoridagi fuqarolar imtiyozdan foydalanish huquqini beruvchi hujjatlar (nogironlikni tasdiqlovchi, pensionerlar uchun guvohnoma va b.);
  • tibbiy xulosa.

Yo‘llanmalarni berish davriyligi quyidagicha:

har yili (navbat asosida): 

  • urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga; 
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslarga; 
  • Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar, Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslarga; 
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga;
  • yolg‘iz keksalarga; 

2 yilda 1 marotaba (navbat asosida):

  • urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga; 
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar beva xotinlariga (beva erlariga); 
  • I va II guruh nogironlari, ko‘zi ojiz I guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxsga; 
  • sanatoriylarda bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan taqdirda 3 yilda 1 marotaba (navbat asosida) — pensionerlarga.

Yo‘llanmalar 12 kunga, yo‘llanmalar amal qilish muddati boshlanishidan kamida 10 kun oldin beriladi.

Mavzuga oid