Jahon | 08:36 / 25.07.2022
18408
4 daqiqa o‘qiladi

Kissinjyer Rossiyaga Ukraina hududlari bo‘yicha yon bermaslikka chaqirdi

AQSh sobiq davlat kotibining aytishicha, G‘arb va Ukraina Rossiya bilan bo‘lajak muzokaralar jarayonida 24 fevraldan keyin bosib olingan barcha hududlarni qaytarishga intilishi kerak.

Foto: Bloomberg

AQSh sobiq davlat kotibi Henri Kissinjyer G‘arb va Kiyevni Moskva bilan bo‘lajak muzokaralar chog‘ida keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni bermaslikka chaqirdi. Bu haqda u 24 iyul, yakshanba kuni ZDF telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

«Hozirgi vaziyatda demokratik davlatlar yetakchilari nima bo‘yicha muzokaraga tayyor ekanliklarini va nimadan hech qanday sharoitda voz kechishga tayyor emasliklarini aniq tushunishlari kerak», - dedi Kissinjyer. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar faqat agressiya qurbonlari – Ukraina rahbariyati va xalqi bilan «to‘liq hamkorlikda» davom etishi mumkin. U bu yondashuvni «vaziyatni boshqarish uchun yagona asos» deb atadi. 

«Ukraina hududining taslim bo‘lishi biz qabul qila oladigan shart bo‘la olmaydi», deb ta’kidladi sobiq davlat kotibi. «Gap shundaki, Rossiya urush boshlangandan beri egallab olgan barcha hududlarini qaytarishi kerak bo‘ladi», deya ma’lum qildi u. 

May oyida Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida nutq so‘zlagan Kissinjyer Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralardagi bo‘linish chizig‘i «avvalgi status-kvoga qaytish» bo‘lishi kerakligini aytdi. Ko‘plab ommaviy axborot vositalari va siyosatchilar bu so‘zlarni Kiyevni tinchlikka erishish uchun o‘z hududlarining bir qismidan voz kechishga chaqirish sifatida talqin qilishdi. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu taklifni ba’zi Yevropa davlatlarining Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan oldin Hitlerga hududiy yon berish haqidagi chaqiriqlari bilan qiyosladi. «Janob Kissinjyer, masalan, chuqur o‘tmishdan chiqib, Rossiyaga Ukrainaning bir bo‘lagini berish kerakligini aytdi. Go‘yoki Rossiyaning Yevropadan begonalashuvi bo‘lmasligi uchun. Aftidan, janob Kissinjyerda 2022 yilda emas, balki 1938 yilda o‘tirgandek», dedi Zelenskiy. 

Iyul oyi boshida Kissinjyer Time nashriga bergan intervyusida o‘z so‘zlariga aniqlik kiritib, Ukrainani o‘z hududlaridan voz kechishga chaqirmaganini tushuntirdi. «Agar siz aslida aytganlarimni o‘qisangiz, men hech qachon bunday demaganman. Men o‘t ochishni to‘xtatish uchun eng yaxshi ajratuvchi chiziq status-kvo ekanligini aytdim. Ya’ni urush boshlanishidan oldin Ukrainada bo‘lgan hududlardan Rossiyaga qarashli bo‘lgan hududlarga qarshi urush olib bormaslik kerak», - dedi Kissinjyer. 

«Hozir Rossiya urushdan oldingi Ukraina hududining 15 foizini egallab turibdi. Otashkesim o‘rnatilishidan oldin ular Ukrainaga qaytarilishi kerak. Bahsli hudud - Donbassning kichik bir burchagi, taxminan 4,5 foiz va Qrim», - dedi u. «Men hududni berish kerak, deb aytmadim. Shunchaki u har qanday muzokaralarda alohida maqomga ega bo‘lishi kerakligini nazarda tutdim. Men Ukraina erkinligi va uning Yevropadagi muhim rolini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlayman», deb ta’kidladi Kissinjyer. 

Mavzuga oid