Sport | 14:55 / 27.07.2022
18200
17 daqiqa o‘qiladi

Yozning eng uzun seriali. Frenki de Yong atrofidagi voqealar rivoji

Foto: Getty Images

Erik ten Hag «Manchester Yunayted»ga bosh murabbiy etib tayinlanishi bilanoq u Frenki de Yongni «Barselona»dan olib kelishi haqida xabarlar tarqalgan, jiddiy nashrlar ham bu kelishuv deyarli to‘qson to‘qqiz foizga hal bo‘lgani, klublar transfer summasi bo‘yicha kelishib olishgani haqida yoza boshlashgandi. Tabiiyki, bu yozning eng uzun va tushunarsiz seriallaridan biriga aylanishini hech kim kutmagan, ammo...

Goh Laporta chiqib, de Yong hech qayerga ketmasligini aytadi, goh de Yong atrofidagilar futbolchining Chempionlar ligasida o‘ynash niyati tufayli «Yunayted» varianti qiziqtirmasligi haqida xabar tarqatishadi. Bularning orasida ten Hag futbolchi bilan gaplashib olgani-yu, klublar bonuslar bilan 85 million yevroga «qo‘l tashashgani» va hokazolar ingliz klubi muxlislariga umid bersa, Barselonada qandaydir maoshlar bo‘yicha qarzdorlik masalasi ko‘tarilishi boshlanadi. Xo‘sh, bu chigal masala haqida nimalarni bilish kerak?

Frenk de Yong va «Barselona»

2018/19 yilgi mavsumda «Ayaks» Chempionlar ligasida furror ko‘taradi va «Yuventus», «Real» kabi klublarni ortda qoldirib, turnir yarimfinaligacha yetib boradi. O‘sha tarkibda 22 yoshli Frenki de Yong ham asosiy figuralardan biri bo‘lgandi va hatto FIFA ta’sischiligidagi «Eng yaxshi o‘yinchi» nominatsiyasida kuchli o‘nlikka kiradi.

Bunday «javohir»ga Yevropa top-klublari navbatda turishi tabiiy edi, ammo «Barselona» ertaroq otni qamchilagan va qishdayoq futbolchi bilan rasman kelishib qo‘ygandi. Yozda ushbu transfer rasman amalga oshadi va Frenki 75 million yevro evaziga «Barselona» futbolchisiga aylanadi.

Frenk de Yong va Erik ten Hag

Frenki de Yong «Ayaks»ga 18 yoshida kelgan va Erediviziyada boshqa murabbiy – Piter Bosh qo‘l ostida debyut qilgan bo‘lsa-da, asosiy tarkib futbolchisi sifatida shakllanishi aynan Erik ten Hag bilan bog‘liq. 2016/17 yilgi mavsumda Frenki asosiy tarkibda 4 o‘yinda maydonga tushgan, xolos. Keyingi mavsumdan jamoani ten Hag boshqaradi va asta-sekinlik bilan futbolchi jamoaning asosiy figuralaridan biriga aylanadi.

De Yongning «Manchester Yunayted»ga o‘tishida ten Hag omili muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Ikki tomondan ham. De Yong YeChLda qatnashmaydigan klubga rozi bo‘lishiga faqat sobiq murabbiyi bilan yana birga ishlash istagi asos bo‘lishi mumkin.

Umuman, Frenki de Yong hozir ham o‘z ampluasida Yevropaning eng yaxshilaridan biri bo‘lsa-da, faoliyatidagi eng yuqori nuqtaga Erik ten Hag qo‘l ostida chiqqan. «Barselona»dagi uch yilda futbolchi yuzga yaqin o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa-da, jamoaning almashtirib bo‘lmas yetakchisiga aylana olmadi. Buni klubning de Yongga bo‘lgan bugungi munosabatidan ham bilish mumkin. Ko‘p mutaxassislar fikricha, aynan ten Hag futbolchidan maksimal foydalanishni biladi va bu birlashuv de Yongning yana Yevropaning eng yaxshilaridan biri bo‘lishiga zamin yaratadi.

O‘z navbatida, Erik ten Hag Manchesterdagi jamoasini Frenki de Yong atrofida qurmoqchi. Uning fikricha, jamoaga himoya va hujum orasida bog‘liqlikni ta’minlovchi, o‘yin tempini nazorat qiluvchi, qisqa qilib aytganda, Frenki de Yong yetishmayapti. Murabbiyga boshqa nomzodlar (masalan, Tilemans) ham tavsiya qilinayotgan bo‘lsa-da, u «A reja»da qat’iy turib olgan va nima qilib bo‘lsa ham, Frenkini olib kelishni so‘ramoqda.

Foto: Getty Images

«Barselona» futbolchini nega sotmoqchi?

Ikki asosiy sabab bor. Biri taktik, ikkinchisi moliyaviy.

Taktik yondashuvga ko‘ra, Frenki amplua bo‘yicha markaziy yarimhimoyachi, pleymeyker. Uning maydondagi ideal pozitsiyasi 4-3-3 da markazdagi uchlikning pastki qismida, 4-2-3-1 da esa, ikki tayanch yarimhimoyachilaridan biri sifatida. Ammo ba’zi shartlar bor.

De Yong Kante yoki Kazemiro kabi yaqqol tayanch futbolchisi emas. 4-3-3 da oldingi chiziqdagi yarimhimoyachilardan biri (Vidal, masalan) himoyalanishda faol bo‘lishi kerak. 4-2-3-1 da esa, tayanchdagi sherigi ko‘proq himoyaviy rolda bo‘lishi, de Yong esa, to‘p nazoratida muhim rol bajarishi lozim. Bu vazifalarni de Yong mukammal tarzda bajara oladi, ammo sezib turganingizdek, «Barselona»da de Yongning ideal o‘yini uchun sharoit mavjud emas. Chunki Serxio Buskets ismli yana bir futbolchi bor. Tabiiyki, «Barselona» va Xavi sistemasida Buskets ustunroq. Ispaniyalik futbolchi maydonda aynan de Yong yaxshi eplaydigan vazifalarni bajaradi. 4-2-3-1 da Buskets – Frenki juftligi u qadar yaxshi g‘oya emas, bu futbolchilar bir-birini to‘ldirish o‘rniga, xalaqit berishi mumkin. 4-3-3 da Frenkini oldinga qo‘yishdan ham mantiq yo‘q – Busketsning yoshi o‘tib bormoqda, tabiiyki, yarimhimoyada uning sheriklari sifatida ancha faol bo‘lgan Pedri-Gavi juftligi foydaliroq ko‘rinadi. Kessening kelishi ham bekorga emas, Gavining o‘rniga de Yong emas, himoyalanishda faol bo‘lgan Kesse ko‘proq mos keladi.

Albatta, mavsum katta, jarohatlar bor, hech qaysi murabbiy de Yong kabi futbolchidan ajralgisi kelmaydi. Lekin masalaning moliyaviy tomoni bor. Ispaniyada maoshlar limiti qattiq amal qiladi, ya’ni klub maoshlar uchun daromadga proporsional shaklda ma’lum chegaradagi summani sarflay oladi. Klub og‘riqliroq pozitsiyalar uchun Levandovski, Rafinya, Kesse, Kristiansen kabi futbolchilarni olib keldi, katta ehtimol bilan Kunde ham sotib olinadi. Bu esa, shundoq ham chegarada bo‘lgan klub vedomostini qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Kimnidir katta pulga sotib, muammoni hal qilish kerak.

Agar Pedri, Gavi, Fati kabi tarbiyalanuvchilarni inobatga olmasak, «Barselona» tarkibida yaxshi pulga sotilishi mumkin bo‘lgan aktivlar u qadar ko‘p emas. Pike, Buskets va Albaning yoshi katta, ular faoliyatini tugatish arafasida bo‘lgan futbolchilar, Depay, Dest kabi futbolchilarga esa, 20 million yevrodan ko‘p taklif qilishmaydi.

Bunday sharoitda katta pulga sotib, butun muammolarni birdaniga hal qilish imkoniyati – de Yong. Naqd xaridor bor, yuqorida aytganimizdek, futbolchi maydonda yaqqol pozitsiyaga ega emas. Xavi ham, har qancha futbolchini yuqori baholamasin, Levandovski kabi ijrochilarning kelishiga aynan de Yongning ehtimoliy transferi yo‘l ochganini yaxshi tushunadi. Ammo...

Maosh bo‘yicha ziddiyat qayerdan kelib chiqdi?

Futbolchi «Barselona» bilan 2025 yilgacha shartnoma imzolagan va klub har yil uchun 14 million yevro maosh to‘lashi lozim edi. Ammo oraga pandemiya inqirozi tushadi va klublar salkam bir yarim yil tomoshabinlarsiz o‘ynashlariga to‘g‘ri keldi. «Matchdey» daromadlarisiz klub qiyin ahvolga tushib qoldi va bir qator yetakchi futbolchilarning maoshini qisqartirgandi. Lekin bu shunchaki, maoshning yarmidan kechib yuborish emas, keyingi yillarda qo‘shib to‘lash sharti bilan amalga oshgan.

Xullas, de Yong 2020/21 yilgi mavsum uchun 3 million yevro, 2021/22 yilgi mavsum uchun 6 million yevro maosh oladi va o‘rtada ikki yil uchun 19 million yevrolik farq yuzaga keladi. Kelishuvga ko‘ra, klub bu pullarni shartnomadagi so‘nggi ikki yilda (2023/24, 2024/25) maoshga qo‘shib, to‘lab berishi ko‘zda tutilgan.

Ana endi, agar klub futbolchini sotib yuboradigan bo‘lsa, o‘sha o‘tgan yillardan qolgan maoshlar nima bo‘ladi? Klub 2 yildan keyin to‘lashi kerak bo‘lgan maoshni jaraqlatib sanab berishga tayyormi? Yoki de Yong «Yunayted»da o‘ynash uchun 19 million yevrodan kechib ketishi kerakmi? Silliq kechayotgan transfer jarayonini mana shu savollar to‘xtatib qo‘ydi.

«Barselona» futbolchini sotmoqchimi o‘zi?

Bir oycha oldin Xuan Laporta «De Yong o‘zimizga kerak, sotilmaydi» deganida boshqa ssenariy uchun yig‘ilgan tomoshabinlar shok holatga tushib qolishgandi. Albatta, bu shunchaki, narx oshirish siyosati ekani ma’lum bo‘ldi va «Yunayted» taklifni 15 million yevroga ko‘targach, tomonlar kelishib olishdi. Shunda ham transfer cho‘zila boshlagani kutilmagan hol edi, zero o‘sha 15 million yevro bekorga qo‘shilmagani, bu summa bilan «Barselona» Frenki oldidagi eski qarzlarini yopishi ko‘zda tutilgani taxmin qilinayotgandi. Ammo futbolchi ham, uning agenti ham «Barselona»dan ketishga qarshi bo‘lib oldi. Tabiiyki, buning sababini tushunish oson – klub haliyam 19 million yevroni to‘lab bermoqchi emas.

Klublar mavsumoldi yig‘inlarini boshladi va de Yong AQShga borib, «Barselona» tarkibiga qo‘shildi. «Inter Mayami», «Real», «Yuventus»ga qarshi o‘yinlarda bir bo‘limdan harakat qildi ham. Ammo markaziy himoyachi sifatida.

«De Yongni juda qadrlayman. Aynan markaziy himoyachi sifatida u bizga kerak bo‘ladi. Ammo bir qator moliyaviy muammolar borki, istagimizga qarshi ularni ham hal qilishimiz kerak», – dedi «Inter Mayami»ga qarshi o‘yindan keyin Xavi. Boshqa manbalarga ko‘ra, klub de Yongga jamoada qolishi mumkinligi, ammo maoshni ikki barobar qisqartirishga rozi bo‘lishi kerakligini aytgan.

Markaziy himoyachi? Axir, Pike bor, Garsiya bor, katta summaga Kunde olib kelinishi arafasida-ku? Moliyaviy muammolar? Maoshni qisqartirish? «Ket» deb qo‘ya qol, to‘g‘rimi? Tabiiyki, «Barselona» ochiq «ket» deya olmaydi, u holda de Yongni ko‘ndirish uchun eski qarzlar bo‘yicha talabini qondirishi kerak. Go‘yoki «Barselona» shunday pozitsiyani egallaganki, avval de Yong birinchi bo‘lib, markaziy himoyada o‘ynamoqchi emasligini yoki asosiy tarkibda ko‘proq maydonga tushish uchun boshqa klubga transfer qilinishini so‘rashi kerak. Ana o‘shanda, «Barselona» o‘z shartlarini qo‘yishni boshlaydi va futbolchidan o‘sha 19 millionning qanchadir qismidan voz kechishni so‘rashi mumkin.

Umuman, klubning bugungi holati o‘zi qarzdor bo‘lib turib, qimmatbaho xaridlar qilib yuradigan odamlarni eslatayotgandek. Klub nafaqat de Yong, boshqa futbolchilarning ham maoshini qisqartirgan, Dembele kamroq maoshga qayta shartnoma imzoladi, Obameyang o‘tgan mavsumda deyarli maoshsiz o‘ynadi. Ammo shu olti oyda Ferran Torres, Levandovski, Rafinya va Kunde transferlari uchun 200 millionga yaqin pul sarflanmoqda. Qiziq.

De Yong rostdan ham «Yunayted»ga o‘tmoqchi emasmi?

Ba’zi xabarlarda futbolchi aslida boshqa jamoaga o‘tishga qarshi emasligi, shunchaki, «MYu»ning YeChLda qatnasha olmasligi to‘siq bo‘layotgani ham takrorlanmoqda. Bu orada «Chelsi» va «Bavariya» klublari ham tilga olinmoqda va agar transfer o‘sha jamoalarga bo‘lsa, de Yong hoziroq ketishga qarshi emasdek.

Ammo mantiqan olganda, bu xabarlarda asos yo‘q. Chunki, agar de Yong qat’iy ravishda «MYu»ni rad etganida, ingliz klubi ikki oydan beri ushbu transferni kutib o‘tirmasdi. Kelishni istamayotgan futbolchi uchun 85 million yevro taklif berilmaydi. Klub allaqachon boshqa variantlar uchun harakatni boshlab yuborgan bo‘lardi. Ma’lum bo‘lishicha, ten Hag «MYu» rahbariyatidan oxirigacha borishni va imkoniyat bor ekan, transfer oynasining so‘nggi kunigacha harakat qilishni talab qilgan. Agar murabbiy shu paytgacha sobiq shogirdi bilan o‘zaro muloqotda kelishib qo‘ymaganida, bunday talab qo‘yilmasdi.

O‘z navbatida, «Chelsi» yoki «Bavariya» kabi klublar, agar rostdanam de Yong uchun YeChL asosiy prioritet ekanini aniq bilishganda, kutuvchi pozitsiyada bo‘lishmasdi va ayniqsa, transfer bozorida tinmay omadsizlikka uchrayotgan «Chelsi» faolroq harakatni boshlab yuborardi.

Vaziyat qanday yakunlanadi?

Albatta, «Barselona» Frenkini sotmasdan turib ham yashay oladi. Klub keyingi 25 yillik translatsiyadan huquqining bir qismini oldindan boshqa kompaniyaga sotdi va birdaniga katta summa daromad qildi. Ammo yuqorida aytganimizdek, maydondagi o‘rni u qadar ahamiyatli bo‘lmagan futbolchi uchun katta pul olish imkoniyati keyin bo‘lmasligi mumkin.

Yana bir e’tiborli jihat, Frenki de Yong baribir spetsifik futbolchi va ma’lum shartlar va sharoitlar ostida o‘ta foydali bo‘lishi mumkin. «Ayaks»da o‘shanda porlagan deyarli barcha futbolchilar, de Yongdan tashqari, de Ligt, Van de Bek, Ziyosh ham keyinchalik o‘sha darajaga chiqa olmayotganliklarini misol qilsa bo‘ladi. Aytmoqchimanki, de Yong uchun katta pul bera oladigan klublar doim ham bo‘lavermaydi. Ten Hagning Manchesterga kelgani va futbolchi uchun yaxshi sharoit paydo bo‘lgani aynan hozir qo‘l kelyapti, balkim, «MYu» boshqa futbolchi bilan masalani yopsa, de Yongni aytilgan narxga sotish qiyinlashib qoladi.

Futbolchining agenti Ali Dursun Frenki uchun yangi klub tayyor ekanini, ammo birinchi navbatda «Barselona» qarzlarini to‘lashi lozimligini aytdi. Demak, de Yong Angliyaga borishga tayyor lekin, 19 million yevro to‘lanishi kerak.

O‘z navbatida, Niderlandiya futbolchilari kasaba uyushmasi raisi Yevgeniy Levchenko ham Frenki bilan bog‘liq holatga munosabat bildirdi: «Bu tentaklik. «Barselona» futbolchidan maoshni kamaytirishni so‘ramasligi, mas’uliyatni bo‘yniga olishi shart», dedi u. Vaziyatga IFA (Ispaniya futbolchilar assotsiatsiyasi) prezidenti David Aganso ham aralashgani xabar berilmoqda.  

Vaziyat kattalashsa, masalaning yechilishi tezlashishi mumkin. Bu yerda klub tomonidan vazifalarning bajarilmasligi asos qilinib, shartnoma bekor qilinishi, tabiiyki, mumkin emas. Chunki 19 million yevro eski qarzdorlik bo‘lsa-da, 2024 yildan boshlab to‘lanishi kerakligi bo‘yicha kelishuv bor. Ya’ni bu summa qarzdorlik sifatida klassifikatsiya qilinmaydi. Ammo ko‘p tashkilot va shaxslarning aralashuvi klubning nufuziga ham ta’sir qilishi mumkinligi hisobga olinsa, «Barselona» qandaydir yon bosishi ehtimoli bor.

«Barselona» 19 million yevroni darhol berishiga ishonish qiyin. Lekin muzokaralar yordamida, kamroq summaga har ikki tomon ham rozi bo‘lishi mumkin. De Yong oradagi farqni «Manchester Yunayted» bilan kelishuvda maoshini biroz oshirib to‘ldiradimi yoki transfer narxiga yana 4-5 million yevro qo‘shilib, shu yordamida qarzdorlik yopiladimi, u tomoni endi maydaroq masalalar.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid