Prezident Oliy sud raisi lavozimiga Baxtiyor Islomov nomzodini taqdim etdi
Shavkat Mirziyoyev o‘z maslahatchisi Baxtiyor Islomov nomzodini Oliy sud raisi lavozimiga, Kozimjon Komilov nomzodini Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga ko‘rsatib, Senatga taqdimnomalar kiritdi. Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari tugayotgan 6 nafar sudyasi o‘rniga ham nomzodlar taqdim etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy sud raisi lavozimiga Islomov Baxtiyor Jahongirovich nomzodini ilgari surdi.
Baxtiyor Islomov bungacha prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida ishlab kelayotgandi.
Oliy sud raisi lavozimida ishlab kelgan Komilov Kozimjon Fozilovich esa Konstitutsiyaviy sud sudyasi vakant lavozimiga nomzod sifatida taqdim etildi.
Bu borada Senatga tegishli taqdimnomalar kiritilgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Prezident, shuningdek, Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari joriy yil 24 avgust kuni tugayotgan 6 nafar sudyasi o‘rniga nomzodlarni ham Senatga taqdim etgan. Ushbu nomzodlar:
- Balkibayeva Janagul Ismoilovna;
- G‘afurov Asqarjon Boyisovich;
- Davletova Karomatjon Xudoybergenovna;
- Ismaylov Raxat Aminbayevich;
- Rahimov Abdumannob Qo‘ziyevich;
- Rahmonov Akmal Ergashevich.
Ular Senat tomonidan saylangan taqdirda, o‘z vakolatlariga 24 avgustdan boshlab kirishadi.
Ma’lumot uchun, 9 nafar sudyadan iborat O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudiga 2021 yil fevralidan buyon Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov raislik qilmoqda.
Kozimjon Komilov ikki oy avval Oliy sud raisi lavozimiga qayta saylangandi. Muqaddam Oliy xo‘jalik sudi raisi bo‘lgan Komilov Oliy sudni 2017 yildan buyon boshqarib kelayotgandi.
Baxtiyor Islomov muqaddam Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida sudyalik qilgan, 2020 yil noyabrigacha jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi bo‘lgan. U 2020 yil noyabrida prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenovning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Oradan bir yil o‘tib, Rustam Inoyatov o‘rniga prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ish boshlagandi.
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024