«Forish» poligonida xalqaro armiya o‘yinlarining O‘zbekiston mezbonligidagi musobaqalari boshlandi
15 avgust kun Jizzax viloyatidagi «Forish» tog‘ poligonida «ArMI-2022» VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan musobaqalari boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti Kun.uz'ga xabar berdi.
Markaziy harbiy okrug poligonida xalqaro armiya o‘yinlarining «Qurolsoz usta», «Xavfsiz muhit» va «Dala oshxonasi» musobaqalar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoalari bu yil mazkur VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining 20 ta yo‘nalishida ishtirok etyapti.
Bu yilgi Xalqaro armiya o‘yinlari 15 avgustdan 27 avgustga qadar davom etadi. Joriy yilgi «ArMI – 2022» o‘yinlarida dunyoning 37 davlatidan jami 257 jamoa ishtirok etmoqda. Musobaqalar 12 ta mamlakat hududida o‘tkazilyapti.
Xususan, O‘zbekiston ilk bor musobaqalarning 5 ta yo‘nalishiga mezbonlik qiladi. Jizzaxdagi «Forish» poligonida «Dala oshxonasi» va «Qurolsoz usta» musobaqalari, Samarqanddagi «Sazagan» poligonida «Xavfsiz muhit», Sharqiy harbiy okrugda «Yo‘l patruli» va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida «Sodiq do‘st» musobaqasi o‘tkaziladi.
2021 yil xalqaro armiya o‘yinlarida 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi o‘zaro kuch sinashgan bo‘lib, unda O‘zbekiston jamoalari 24 yo‘nalishda ishtirok etgan edi.