O‘zbekiston | 10:05 / 19.08.2022
18519
2 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi ziyoratgohdan o‘g‘irlab ketilgan Qur’oni Karim mushafi topildi

Namangan viloyati Chortoq tumani «Sulton Uvays Qaroniy» ziyoratgohidan o‘g‘irlab ketilgan Qur’oni Karim mushafi topildi.

Foto: Kun.uz

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, boshqarma tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida qo‘lyozma nusxasi Namangan shahridagi xonadonlardan biriga yashirib qo‘yilgani aniqlangan.

O‘g‘irlikda gumon qilinayotgan ikki nafar shaxs qo‘lga olingan.

XIX asr oxirida yozib tugatilgan mazkur Qur’oni Karim mushafi Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohida saqlanayotgandi. 

Qur’oni Karim mushafi to‘liq ipak matodan tayyorlangan bo‘lib, u 1874 yilda yozib tugatilgan. Kitobning bo‘yi 74 santimetr, eni 51 santimetr va qalinligi 12 santimetr bo‘lgan. 426 betdan iborat kitobning har bir betiga 13 qatordan oyatlar yozilgan.

Qo‘lyozma Mavlono Xoja Lutfulloh Chustiy xonaqohi va mozoriga daxldor hisoblanadi. U 1995 yilgacha Qirg‘izistonning O‘zgan shahrida, Toshkentda imomlik qilgan va yashagan Eshonxon Oqilov xonadonida saqlangan. 1995 yilda kitobni namanganlik Kamolxon Muhiddinov o‘z yurtiga olib kelgan. 2017-2019 yillarda, Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohi ta’mirlangandan so‘ng qo‘lyozma o‘sha yerga olib chiqib qo‘yilgan edi.

Mavzuga oid