O‘zbekiston | 20:09 / 22.08.2022
46252
8 daqiqa o‘qiladi

Captiva-5 mojarosi. Antimonopoliya qo‘mitasi UzAuto Motors'ni sudga berdi

UzAuto Motors o‘tgan yilda Captiva-5 uchun tuzilgan shartnomalar doirasida avtomobil yetkazib berolmagandi. Kun.uz suhbatlashgan ana shunday mijozlardan biriga ko‘ra, kompaniya yuristi unga: “Qayga borsang bor, senga hech qanaqa mashina ham, to‘lagan puling ham berilmaydi”, degan.

UzAuto Motors 2021 yilda bir qancha iste’molchilar bilan yangilangan Chevrolet Captiva avtomobilini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzgan edi. Kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida Captiva-5'ning QQS bilan qo‘shib hisoblanganda 221 mln 691 ming so‘mdan 309 mln 900 ming so‘mgacha narxda sotuvga chiqarilishi ham e’lon qilingan.

Ammo ma’lum muddat o‘tganidan keyin UzAuto Motors Captiva-5 avtomobillarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni to‘xtatdi. Bunga sabab sifatida esa yangi mashinaning O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmasligi aytiladi.

Oldindan shartnoma imzolagan mijozlarga esa 3 kun ichida to‘langan barcha mablag‘ qaytarilib, to‘lovning 5 foizi kompensatsiya qilinishi yoki Captiva-5 o‘rniga Equinox, Tracker, Malibu, Cobalt, Trailblazer kabi avtomobillardan birini olishi mumkinligi ma’lum qilingan.

Ba’zi mijozlar kompaniyaning “cheksiz” uzrini qabul qilishni istamay, o‘zlarining qonuniy xaq-huquqlarini talab qilib, sudga murojaat qilishgan.

Kun.uz holat yuzasidan O‘ktam Qahhorov va Jamshid Baxshillayevning murojaatlarini o‘rganib chiqdi.

“Qayga borsang bor, senga hech qanaqa mashina ham to‘lagan puling ham berilmaydi”

O‘ktam Qahhorovning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, UzAuto Motors xodimlari unga bosim o‘tkazishib, o‘z arizasiga ko‘ra pulni qaytarib olishni yoki Captiva-5 o‘rniga Damas olishni talab qilishgan.

“Captiva-5 uchun shartnoma berish boshlanganidan keyin, o‘tgan yilning 12 oktabr kuni 85 foiz to‘lovni amalga oshirdim. Shartnomada 2022 yilning 31 mart kunigacha menga avtomobilni yetkazib berish ko‘zda tutilgandi, ammo bunday bo‘lmadi. Shundan so‘ng UzAuto Motors'ning ofisiga bordim. Ular menga: “O‘z xohishimga ko‘ra, to‘lagan pulimni qaytarib olaman”, deb ariza yozasan deyishdi. Tabiiyki, men bundan bosh tortdim.

Mayli, to‘lagan pulim evaziga Lacetti-Gentra avtomobilini berasizlar deb aytdim, ammo bu taklifim ham rad etildi va faqat Damas berishlari mumkinligini aytishdi. Murosaga kela olmadik.

Besh-olti marta urinishlarimdan keyin, kompaniya direktorining mijozlarni qabul qilish bo‘yicha o‘rinbosari bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldim. Mendan nima uchun Captiva-5 sotib olmoqchi bo‘lganimni so‘radi, sabablarini tushuntirdim. Suhbat so‘ngida, avtomobil yetkazib berilishiga va’da berdi va bir haftadan keyin yana kelishimni aytdi. Ikkinchi marta borganimda esa meni qabul qilmadi.

UzAuto Motors'ning yuridik bo‘limida ishlaydigan ikkita yurist va yana 4ta xodim tahdid qilib, bosim o‘tkazishga harakat qila boshladi. “Qayga borsang bor, senga hech qanaqa mashina ham to‘lagan puling ham berilmaydi”, deyishdi.

O‘sha kunning o‘zida bo‘lgan voqea haqida Bosh prokuraturaga xat yubordim, ammo hech qanaqa reaksiya bildirilmadi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga qilgan murojaatim ham o‘z samarasini bermadi. Oxiri Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ariza berdim”, deydi Qahhorov.

Agentlik fuqaroning huquqlarini himoya qilish kerak, degan qarorga keladi va UzAuto Motors AJga qarashli “Avtorum” MChJni fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga beradi.

Da’voda asosiy javobgar sifatida “Avtorum” MChJ, qo‘shimcha javobgar sifatida esa “UzAuto Motors” AJ ko‘rsatiladi va suddan javobgarlar zimmasiga tuzilgan shartnoma bo‘yicha Captiva-5 avtomashinasini fuqaroga yetkazib berish majburiyatini yuklash, har bir kechiktirilgan kun uchun 0,01 foiz penya undirish so‘raladi.

Dastlabki sud joriy yilning 5 avgust kuni bo‘lishi kerak edi, lekin javobgar kelmagani uchun qoldiriladi. 17 avgust kuni ham xuddi shu holat yana takrorlanadi.

18 avgust kuni bo‘lib o‘tgan sudda esa UzAuto Motors'ning yuristi da’vo arizasini qabul qilmaslikni va sudni yana boshqa muddatga qoldirishni so‘raydi. Shundan so‘ng sudya F.Qahhorov va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining qarshiligiga qaramay, sud 26 avgust kuniga qoldirilgan.

“Oldindan pulimni olib mashina bermagani yetmaganday, meni sudgayam berishdi”

Boshqa bir iste’molchi Jamshid Baxshillayevning ta’kidlashicha, u ham murosaga kelib, to‘lagan puli evaziga “Lacetti-Gentra” olishga ham rozi bo‘lgan, ammo uning bu taklifini qabul qilishdan bosh tortishgan.

“Captiva-5 uchun yuz foiz to‘lovni amalga oshirgandim. 2021 yilning 10 noyabr kuni avtosalondan telefon qilishib, pulimni qaytarib olish bo‘yicha ariza yozishimni so‘rashdi. “O‘z xohishim bo‘yicha pulimni qaytarib olaman deb ariza yozmayman, to‘g‘ri ishlaydigan tashkilot bo‘lsangiz, o‘zingiz hisobimga pulni qaytarib tashlanglar, chunki shartnomani sizlar bajara olmayapsizlar-ku”, deb aytdim. Shu-shu joriy yilning yanvar oylariga kelib, avtosalondagilar yana qayta-qayta telefon qilishni boshlashdi. Ulardan ikkita Lacetti-Gentra berishlarini so‘radim, chunki to‘lagan pulim yetardi. Bu taklifimni qabul qilishmadi, shu bilan kelisha olmadik.

Keyin Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasiga ariza berdim, ammo ikki marta ulardan rad javobini oldim. Uchinchi martasida qo‘mitaning Buxoro viloyatidagi boshqarmasi ishni ko‘rib chiqib, avtosalonga avtomobil yetkazib berish majburiyatini yuklab berdi. Shundan so‘ng avtosalon qaror yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining o‘ziga qarshi da’vo bilan chiqdi. Ammo ularning murojaati inobatga olinmadi”, deydi Baxshillayev.

O‘z navbatida avtosalonning Savdo-sanoat palatasini orqa qilgan holda sudga kiritgan da’vo arizasi ham qanoatlantirilmagan va sud arizachi “Sitora avto savdo” MChJdan davlat foydasiga 3 mln so‘m boj undirish haqida qaror qabul qilgan.

Agar qaror qonuniy kuchga kirsa, diler qanday bo‘lmasin Captiva-5 avtomobilini fuqaroga yetkazib berishiga to‘g‘ri keladi.

“UzAuto Motors vakillari nima uchun shartnoma shartlarini bajarmayotgani bo‘yicha aniq gap aytayotgani ham yo‘q. Faqatgina sotuv yo‘lga qo‘yilmaganini ta’kidlashdan nariga o‘tmayapti. Unda nega bizga shartnoma berdi, pulimizni oldi?

Xo‘p, kompaniya “lafzsizlik” qilayotgan ekan, nega bizning taklifimizni qabul qilmadi? Men to‘lagan pulimga o‘zlari ishlab chiqarayotgan avtomobilni berishlarini so‘radim. Uniyam bajara olishmas ekan.

Hozir yutqazishlari aniq bo‘lganidan keyin, kelishishga harakat qilishyapti. Endi men da’vo arizamni qaytarib olmoqchi emasman, pul to‘laganimga qariyb bir yil bo‘lyapti. Undan keyin mashinalar narxlarini oshirishdi. Men pul to‘lagan paytda Lacetti-Gentra'ning narxlari arzonroq edi, endi qimmat narxda oldindan to‘lagan pulimga mashina olish qanchalik adolatdan bo‘ladi?

Umuman olib qarasak, kompaniyaning majburiyatni bajarish imkoniyati yo‘q, ishlab chiqarmayapmiz, deyishining o‘zi absurd. Shu paytgacha ham Malibu'dan tortib, Tracker'gacha faqat import qilib kelishardi, qaysi birini o‘zlari ishlab chiqargan?” – deya e’tiroz bildirdi murojaatchi.

Ma’lumot uchun, hozirda Captiva-5 Saudiya Arabistonida 17,1 ming dollardan 19,9 ming dollargacha, Qatar va BAAda 17,7 ming dollardan 20,6 ming dollargacha bo‘lgan narxda sotilmoqda.

Mavzuga oid