Poyezd yo‘lovchisi vagon derazalari changligidan shikoyat qildi. Tozalikka mas’ul ikki xodim ishdan olindi
Olot-Toshkent yo‘nalishida harakatlangan poyezd yo‘lovchisi vagon derazalari sanitariya talablariga javob bermasligidan shikoyat qildi. «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Kun.uz’ga mazkur holatni tasdiqlab, vagonda tozalikka mas’ul ikki nafar vagon kuzatuvchisi ishdan olinganini bildirdi.

Kun.uz’ga Olot-Toshkent yo‘nalishida harakatlangan poyezd yo‘lovchilarining biridan vagon derazalari changib ketgani tasvirlangan suratlar kelib tushdi. «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» vakilining ma’lum qilishicha, poyezd derazalari germetiklab tashlanganiga qaramay, Qorako‘l bekatida to‘xtagan vaqtda qum bilan to‘lgan, uni tozalamagan ikki nafar vagon kuzatuvchisi ishdan bo‘shatilgan.
Tahririyatga murojaat qilgan fuqaro 7 aprel kuni Buxorodan Toshkentga qatnovchi Olot–Toshkent yo‘nalishidagi poyezdga mingani va 10-raqamli vagon sanitar talablarga javob bermaganini ma’lum qildi.
«Poyezd abgor holatda: yoqimsiz hid, chang bosgan, «rozetka»lar ishlamaydi. Oynalari ochilmaydi, juda issiq. Vagon kuzatuvchisining aytishicha, derazalarni germetiklab tashlashgan. Hojatxonasida axlat uchun chelak yo‘q, odamlar qog‘ozni unitazning o‘ziga tashlayapti», – deydi fuqaro.
Yo‘lovchi e’tirozlarining isboti tariqasida bir necha surat va videolarni taqdim qilgan. Unda derazalar chang bilan qoplanganini yaqqol ko‘rish mumkin.
Kun.uz holat yuzasidan «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sunatillo Hamidov bilan bog‘landi. Rasmiy vakil holat yuzasidan o‘rganishlar olib borilgani va vaziyat haqiqatan ham murojaatchi aytganidek bo‘lganini tasdiqladi.
Hamidovning tushuntirishicha, derazalar aslida qum kirmasligi maqsadida germetiklangan, ammo «Qorako‘l» bekatida kuni bo‘yi to‘xtab turganida, vagon ichi chang bilan to‘lgan.
«Chang kirgani to‘g‘ri, hozirda ko‘p qum kelyapti, bu eski qolib ketgan qumlardan emas. Biz qum kirmasligi uchun [oynani] germetiklab qo‘yganmiz. Mana shunday ozgina ochib qo‘ysa ham ichi qumga to‘lib ketyapti. Hozir vagonlardagi konditsionerni ishlatishni boshladik.
Holatni bartaraf etdik, haqiqatan ham Qorako‘ldan, cho‘l zonadan kelgan ekan. Kechqurun «Qorako‘l» bekatida kuni bo‘yi to‘xtaydi, o‘sha yerdan chang kirgan, tozalashmagan. [Bunga mas’ul bo‘lgan] ikki nafar «provodnik»ni ishdan oldik. Qolgan hammaga dars bo‘ladi», – deydi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» vakili.
Eslatib o‘tamiz, poyezdlardagi sanitar vaziyatning talabga javob bermasligiga oid masala birinchi marta ko‘tarilayotgani yo‘q. Avvalroq Toshkent–Urganch reysi yo‘lovchisi vagondagi ko‘rpachalarning kirligi, suvaraklar yurgani va havo almashtirish tizimi yaxshi ishlamasligini aytib chiqqandi. Undan avval esa Urganch–Volgograd yo‘nalishida ham o‘xshash vaziyat kuzatilgandi. O‘z navbatida tanqid ortidan «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» poyezdlarda sanitariya nazorati kuchaytirilishini e’lon qilgan.
Mavzuga oid

20:13 / 08.04.2025
Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi Rossiya kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berildi

23:03 / 07.04.2025
Toshkentdagi qahvaxonada til bilan bog‘liq holat muhokamalarni keltirib chiqardi

12:52 / 31.03.2025
O‘zbekiston va Qozog‘iston temiryo‘l tutashuvlarida o‘tkazish qobiliyati oshiriladi

20:49 / 27.03.2025