O‘zbekiston | 21:18 / 22.08.2022
23742
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzor tumaniga hokim, prokuror va ichki ishlar boshlig‘i tayinlandi

​​​​​​​Tumanning sobiq hokimi va prokurori yo‘l kengaytirilishi ishlari sabab yuzdan ortiq ko‘p yillik daraxtga ziyon yetkazilgani voqeasidan keyin ishdan olingan edi.

Saidqahhor Xolxo‘jayev / Foto: Kun.uz

Xolxo‘jayev Saidqahhor Muhammadkarim o‘g‘li Toshkent shahrining Chilonzor tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

U tayinlovga qadar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Saidqahhor Xolxo‘jayev 1981 yilda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2002 yilda Toshkent Moliya institutini tamomlagan.

U o‘z faoliyatini 2002 yilda Asakabank Shayxontohur filialida boshlab, 2015 yilda shu bank tizimida turli lavozimlarda ishlagan. 2015-2017 yillarda Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, bank va moliya tizimlarini isloh qilish, erkin iqtisodiy va kichik iqtisodiy sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti Bank va moliya tizimlarini isloh qilish shu’basining Bank va moliya tizimlarini isloh qilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan.

2017-2019 yillarda “O‘zagrosug‘urta” AJ boshqaruvi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2019 yil martida Markaziy bank raisiga o‘rinbosar bo‘lgan. 2020 yil dekabrda esa iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.

Chilonzor tumani prokurori lavozimini Jahongir Murodov egalladi. Tayinlovga qadar u Bekobod shahar prokurori edi.

Alisher Murodullayev Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi. Bungacha u Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida faoliyat yuritgan. Chilonzorda ichki ishlar tizimini bir yildan buyon podpolkovnik Farhod Jabborov boshqarayotgandi.

  • Chilonzor tumanining sobiq hokimi Shavkat Mavlonov va sobiq prokurori Izzat Bozorov 8 avgust kuni ishdan olingan edi. Iste’foga Chilonzor ko‘chasini kengaytirish chog‘ida yo‘l ikki tomonidagi yuzdan ortiq ko‘p yillik daraxtga shikast yetkazilgani sabab bo‘lgandi.
  • Bu voqeada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berilgandi.
  • Iste’folardan o‘n kun o‘tib, 18 avgustda Chilonzor tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajarish tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Jamoliddin Hojimanovga yuklatilgandi.

Mavzuga oid