O‘zbekiston | 21:06 / 30.08.2022
25675
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari vazir o‘rinbosari bo‘ldi

Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga o‘tgan Aziz Voitov o‘rniga investitsiyalar va tashqi savdo vazirining yangi birinchi o‘rinbosari tayinlandi.

Nozim Xolmurodov investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 

Nozim Qosimovich Xolmurodov 1977 yil Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. 1995 yilda Turkiyadagi Gazi universitetini va 2005 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan. Mutaxassiligi — iqtisodchi-statist.

U 1998-2001 yillarda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tizimida, 2001-2005 yillarda Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasida, 2005-2006 yilda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasida, 2006-2010 yillarda qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

2010-2013 yillarda Toshkent shahar monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarma boshlig‘i, 2013-2015 yillarda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida boshqarma boshlig‘i, 2015-2017 yilda Mehnat vazirligi Mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlari ekspertizasi boshqarmasi boshlig‘i, 2017-2018 yilda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududlarning turizm salohiyatini  rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Nozimjon Xolmurodov 2018-2019 yilda prezident administratsiyasi investitsiya jarayonlari va dasturlarini muvofiqlashtirish shu’basi mudiri sifatida ishlagan. 2019-2021 yillarda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, 2021 yil yanvarida Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. 

Bundan oldinroq 2020 yil mart oyidan buyon investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid