O‘zbekiston | 16:34 / 31.08.2022
33721
7 daqiqa o‘qiladi

ShHTning geosiyosiy o‘rni va O‘zbekiston manfaatlari - Samarqand sammiti oldidan ekspertlar bilan suhbat

O‘zbekiston katta siyosiy tadbir arafasida. 15−16 sentabr kunlari Samarqandda Shanhay hamkorlik tashkilotining (ShHT) navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi.

Sammit doirasida tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy va xavfsizlik borasida hamkorlikni kuchaytirishni ko‘zlovchi bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Sammit va unda ko‘riladigan masalalar Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan urush bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelishi dunyo davlatlari e’tiborida bo‘lib turibdi.

Kun.uz muxbiri Shanhay hamkorlik tashkiloti va uning Samarqand sammiti, buning O‘zbekiston uchun natija va oqibatlari borasida O‘zbekistonning ShHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatilla Nurimbetov, siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Suhrob Bo‘ronov bilan intervyu uyushtirdi.

— Samarqand sammiti haqidagi savollarga o‘tishdan avval uning o‘zi qanday tashkilot, minimum va maksimum maqsadlari, rejalari qanday, degan savolga javob izlasak.  Xo‘sh, dastlab “Shanhay beshligi” bo‘lib ochilgan tashkilot maqsadlari, rejalari qaysi evolyutsiyalardan o‘tdi-yu, bugun qayoqqa qarab boryapti?

Rahmatilla Nurimbetov:

— O‘zbekiston tashqi va ichki siyosati uchun juda muhim tadbir arafasida turibmiz. Sammit ilk bor Samarqandda, ancha kengaytirilgan formatda o‘tishi kutilyapti. Bu o‘zbek diplomatiyasi uchun katta mas’uliyat.

Bevosita ShHT haqida gapiradigan bo‘lsam, bu tipologiya bo‘yicha yangi turdagi tashkilot. Yangi mintaqaviylikka borib taqaladi, desak xato bo‘lmaydi. U XX asr oxirida klassik xalqaro tashkilotlardan farqli o‘laroq, boshqa bir makon, boshqa bir siyosiy, iqtisodiy, madaniy, jo‘g‘rofik makonda yuzaga kelgan.

Biz bu tashkilotning chuqur tarixiy ildizlarini ham ko‘rishimiz mumkinki, aslida bu Xitoy va Sovet ittifoqi o‘rtasida chegara masalalari, chegara hududlarida o‘zaro ishonch choralarini, ya’ni harbiy qo‘shinlarni kamaytirish, xavfsizlik masalalarida boshlangan muloqotning davomi desa bo‘ladi.

Sobiq ittifoq parchalanarkan, bu jarayon ishtirokchilari o‘zaro chegaradosh davlatlar sifatida Xitoy, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonga o‘zgardi. Bu orqali ularda yangi muloqot mexanizmi yuzaga keldi. Buni biz “Ad hoc” — maxsus masalalar uchun diplomatiya desak ham bo‘ladi.

Vaqt o‘tib shu narsa ko‘rindiki, buni qandaydir doimiy muloqot formatiga aylantirish ham mumkin. Tomonlarda bunga ehtiyoj mavjudligi ko‘rindi.

Bu orqali qisqa vaqt ichida bir qancha katta muammolar ham hal bo‘ldi va shu jihat “Shanhay beshligi” yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Buning boshqa jihatlari ham ko‘p. Masalan, Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan vaziyat – bu yerda mustaqil davlatlarning shakllanishi, siyosatshunoslar tili bilan aytganda, Rossiyaning kuchsizlanishi yoki Xitoyning dunyoga ochilishi, iqtisodiy kuchayishi va uning xavfsizlik sohasidagi manfaatlari.

Mana shularning evolyutsiyasi va tashkilotga O‘zbekistonning qo‘shilishi bilan 2001 yil biz bilgan Shanhay hamkorlik tashkiloti yuzga keldi.

Yana bir narsani aytib o‘tish kerak, bu tashkilotga O‘zbekistonning to‘laqonli va ta’sischi bo‘lib qo‘shilishi juda muhim edi. Chunki O‘zbekistonning mintaqadagi roli juda muhim. Chunki mintaqadagi har qanday kuchli loyihaga O‘zbekistonday kuchli davlatning qo‘shilmasligi loyiha istiqboliga albatta ta’sir qiladi. Shu tomondan O‘zbkistonning tashkilotga qo‘shilishi uni to‘laqonli mintaqaviy tashkilot bo‘lishiga turtki bo‘ldi.

Kamoliddin Rabbimov:

 Sovet ittifoqi qularkan, Xitoyda kuchli xavotir paydo bo‘ldi. Chunki Xitoy ham tarkibi ko‘p millat va mintaqalardan iborat davlat. Uni xavotirga solgan omillarning birinchisi bu – separatizm. Xitoyda bu xavotir hamon saqlanib qolyapti.

Xitoy ShHTda uchta asosiy xavf bor deydi, bular separatizm, ekstremizm va terrorizm. Uning uchun Markaziy Osiyo davlatlari atrofida va possovet hududida ShHTning tuzilishidan pirovard maqsad bu – “uyg‘ur separatizmi” yoki boshqa xavflar bilan kurashishda mintaqaviy jipslikni ta’minlashdir.

Bu tashkilot yillar o‘tib, endi xavfsizlikdan katta geoiqtisodiy va geosiyosiy formatga ko‘chib boryapti.

Bu tashkilotning ikki ko‘zidan biri xavfsizlik bo‘lsa, ikkinchisi iqtisod.

Bu tomondan Xitoyning xavfsizlik borasida ShHT oldiga qo‘yayotgan masalalari yildan yilga chuqurlashib boryapti. Chunki hozir globallashuv, ijtimoiy tarmoqlar davri.

Xitoy so‘nggi yillarda hududiy yaxlitlik borasida bir qancha inqirozlarni boshdan kechiryapti. Shuningdek, kollektiv g‘arbdan Xitoyning hududlari va ichkaridagi o‘zliklar borasida bosimlar ortib boryapti. Buni hamma biladi.

Bugun masalan, Vashingtonda yoki Bryusselda ko‘plab yuqori lavozimlarga tayinlanayotganlar orasida etnik uyg‘urlar kam emas.

Demak, Xitoy ShHT oldiga u avvalo hududiy yaxlitlikni saqlashi kerak, degan vazifani qo‘ymoqda.

Suhrob Bo‘ronov:

— Bugun ShHTning transformatsiya jarayoni juda qiziq formatda rivojlanmoqda. Xususan, u endigina 21 yoshga to‘ldi, lekin mintaqa va dunyo oldida turgan global muammolarni hal qilish masalasini kun tartibiga qo‘ymoqda.

Shuningdek, ShHTning jo‘g‘rofiy jihatdan kengayishi boshqa tashkilotlarga qaraganda ajralib turadi. Masalan, Yevropani Yevropa uyiga qiyoslashsa, ShHTni Osiyo uyiga qiyoslashadi. Yevropada Breksit jarayonlari vujudga kelayotgan bir paytda Shanhay hamkorlik tashkilotida yangi a’zolarni qabul qilish jarayoni kuchayib boryapti.

Bu esa siyosatshunoslar tili bilan aytganda, ko‘p qutbli dunyo shakllanishiga sabab bo‘lyapti.

Bundan tashqari, ShHTda ko‘rsatilayotgan tashabbuslar ko‘lamidan mintaqalararo muloqotning kengayayotganini kuzatishimiz mumkin. Masalan, Hindiston va Pokistonning tashkilotga qo‘shilishi orqali Janubiy Osiyo mintaqasidan, Eronning tashkilotga a’zo bo‘lishidan yaqin sharq mintaqasi bilan aloqalari kengaymoqda. Bu esa tashkilot maqomini ko‘taradi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali ko‘rishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid