Parlament komissiyasi Dauletmurat Tajimuratov bilan uchrashdi
Dauletmurat Tajimuratov advokat bilan ta’minlangan, tergov hibsxonasida unga nisbatan hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar bo‘lmagan.
Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshidagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi a’zolari Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasiga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish hamda advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalardagi sharoitlarni o‘rgandi. Bu haqda ombudsman ofisi matbuot xizmati xabar berdi.
Komissiyani boshqaradigan ombudsman Feruza Eshmatova va boshqa komissiya a’zolari hibsxonada saqlanayotgan shaxslar, shu jumladan ushbu voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha asosiy ayblanuvchilardan biri Dauletmurat Tajimuratov bilan suhbatlashdi.
«Uchrashuv davomida Tajimuratov advokat bilan ta’minlanganini va advokatining u bilan uchrashishida hech qanday qarshiliklar yo‘qligini, oila a’zolari bilan ham qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazilganligini hamda posilka va yo‘qlovlar olayotganini ma’lum qildi», — deyiladi xabarda.
Tajimuratov unga nisbatan tergov harakatlari davomida va tergov hibsxonasida hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar bo‘lmaganini, ovqatlarning sifati va hibsxonadagi boshqa sharoitlarga hech qanday e’tirozi yo‘qligini bildirdi.
«Komissiya a’zolari tashrif davomida gumon qilinuvchilarning tergov hibsxonasida saqlanayotgan paytida va tergov jarayonlarida hech qanday huquqlari buzilmagani hamda ruhiy va jismoniy qiynoq holatlariga yo‘l qo‘yilmaganiga guvoh bo‘ldi», dey qayd etiladi komissiya xabarida.
Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida 1-2 iyul kunlari Konstitutsiyaga respublika maqomini o‘zgartirish bo‘yicha taklif etilgan tuzatishlardan norozi bo‘lgan aholi ommaviy namoyishlar o‘tkazgandi.
1 iyul kuni Dauletmurat Tajimuratov masjid oldida murojaat qilib, odamlarni 5 iyul kuni «Qoraqalpog‘iston erkinligi uchun» miting o‘tkazishga chaqirdi. Ko‘p o‘tmay u qo‘lga olinadi. Kechga yaqin qo‘yib yuboriladi, ammo keyin yana qo‘lga olinadi.
2 iyul kuni Nukusga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yetib boradi va shunday deydi: «Agar qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa, birorta modda o‘zgarmaydi». Shundan keyin Qoraqalpog‘iston maqomiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar muhokamadan olib tashlanadi.
Ommaviy tartibsizliklar ortidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 8 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlangan.
Jurnalist Dauletmurat Tajimuratov va sportchi Azamat Turdanovga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilindi. Ularga nisbatan sudning qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi. Shuningdek, jurnalist Lolagul Qallixanovaning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari aniqlangan va u jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Dauletmurat Tajimuratov qayerdaligi haqida ilk bor xabar berilmoqda.
Avgust oyi oxirida Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining yangi raisi saylandi — bu Qoraqalpog‘iston IIVning sobiq rahbari Amanbay Orinbayev bo‘ldi. U bu lavozimda so‘nggi ikki yillikda ishlagan Murat Kamalovni almashtirdi.
Mavzuga oid
07:40 / 17.07.2024
O‘zbekistonda shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi
10:26 / 02.07.2024
Qoraqalpog‘istonda 15 mlrd so‘mlik davlat xaridlarini amalga oshirishda qonun talablari buzilgan – Raqobat qo‘mitasi
12:31 / 01.07.2024
Uchta hududda xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi
08:27 / 20.06.2024