Jahon | 22:55 / 08.09.2022
82954
6 daqiqa o‘qiladi

Qirolicha Yelizaveta II vafot etdi. Charlz III - yangi qirol

Yelizaveta erasi yakunlandi.

Foto: Eddie Mulholland / WPA Pool / Getty Images

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 8 sentabr kuni 96 yoshida vafot etdi. «Qirolicha bugun kunduzi Balmoralda olamdan o‘tdi», — deyiladi Bukinhem saroyi bayonotida. 8 sentabr kuni avvalida Bukinghem saroyi shifokorlar qirolichaning holatidan «tashvishda» ekani haqida xabar tarqatgandi. Shundan so‘ng qirollik xonadoni a’zolari Shotlandiyadagi Balmoral qasriga yo‘l oldi, Bukinhem saroyi atrofida esa fuqarolar to‘plana boshladi. Vindzor qal’asida qirolichaning o‘limidan so‘ng bayroqni tushirishdi. AQSh, Germaniya, Ukrainadan qirolichaning vafoti munosabati bilan ta’ziyanomalar kelgan.

So‘nggi oylarda Yelizaveta II sog‘ligi tufayli ko‘plab tadbirlarda ishtirok eta olmadi. 2022 yil fevralida u kovidga chalingandi; bahorda qirolicha «harakatlanishdagi epizodik muammolar» tufayli qator ommaviy tadbirlarni o‘tkazib yubordi, iyun oyi boshida esa u o‘zining taxtga chiqishining 70 yilligi munosabati bilan tashkillashtirilgan tantanalarda deyarli qatnashmadi. Rasmiy qabullar valiahd shahzoda Charlz tomonidan o‘tkazildi.

Buyuk Britaniyada milliy motam davri boshlandi, Sky News xabariga ko‘ra bu dafn marosimiga qadar davom etadi. Yelizaveta Ikkinchining jasadi Bukinhem saroyiga olib kelinadi va bu yerda besh kun qoladi. O‘limidan besh kun o‘tib uning tobuti Vestminster saroyiga keltiriladi, bu yerda uch kun mobaynida 23 soat uni ziyorat qilishlari mumkin. Dafn marosimi qirolichaning o‘limidan 10 kun o‘tib bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Yelizaveta Ikkinchining o‘limidan keyin uning katta o‘g‘li Charlz mamlakatning yangi qiroliga aylanadi — u Buyuk Britaniya tarixida Uels shahzodasi va taxt vorisi maqomida eng uzoq vaqt qolgan shahzoda bo‘ldi. Bukinghem saroyi uni allaqachon qirol Charlz III (Karl III) deb atadi. 

Qirol onasining o‘limidan keyin ilk bayonotini berdi:

Mening sevimli onam, qirolicha Hazrati oliyalarining vafoti — men va butun oilamiz a’zolari uchun qayg‘uli lahzalar. Qadrli hukmdorimiz va suyukli onamizning vafotidan dilimiz vayron bo‘ldi. Bilamanki, uning ketishi Hamdo‘stlikning barcha mamlakatlari va qirolliklarida, shuningdek butun dunyodagi ko‘p sonli odamlar tomonidan chuqur his qilinadi. Motam va o‘zgarishlar davrida qirolichaga chuqur hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lishlarini bilish men va oilam uchun tasalli beradi.

Endilikda Britaniya madhiyasi ham o‘zgaradi. U shu vaqtgacha «God save the Queen» (Yaratgan qirolichani asra) deb atalardi, endilikda uning nomlanishi «God save the King» (Yaratgan qirolni asra)ga almashadi.

9 sentabr kuni yangi qirol taxtga chiqishi rasman nishonlanadigan qator tantanali marosimlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. U shu kuni bosh vazir Liz Trass bilan uchrashadi, shuningdek Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlariga murojaat qiladi.

Yelizaveta II vafoti munosabati bilan ko‘plab siyosatchilar va taniqli shaxslar ta’ziya bildirmoqda. Ular qatorida — Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass, britan hukumatining sobiq rahbarlari Boris Jonson va Toni Bler, AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden, AQShning sobiq prezidentlari Barak Obama va Bill Klinton, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel, Apple rahbari Tim Kuk bor.

Yelizaveta II 70 yil mobaynida Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va yana 12 mustaqil davlatni boshqardi. U taxtga 1952 yil 6 fevralida, Uinston Cherchill bosh vazir ekanida chiqqan. U 25 yoshida, o‘z otasi — qirol Georg VI o‘limidan keyin qirolicha bo‘lgan. Avvaliga Yelizaveta Aleksandra Mariyada qirolicha bo‘lish imkoniyati deyarli yo‘q edi, ammo uning amakisi Eduard VIII taxtdan voz kechgach, uning ukasi Georg VI monarx bo‘ladi, Yelizaveta II esa taxt valiahdiga aylanadi. Uning hukmronlik yillarida Buyuk Britaniyada 15 nafar bosh vazir o‘zgargan, ular orasida Uinston Cherchill, Margaret Tetcher, Toni Bler va Boris Jonson kabi nomlar bor. Qirolicha 6 sentabr kuni Balmoralda mamlakatning navbatdagi hukumat rahbari Liz Trassni lavozimga tayinlagandi. Yelizaveta II britan monarxlari orasida taxtda eng uzoq vaqt qolgani bo‘ldi. 2021 yil aprelida uning turmush o‘rtog‘i, shahzoda Filipp 99 yoshida vafot etgandi. Ularning turmushi 73 yil davom etdi. Yelizaveta II to‘rt farzandning onasi, shuningdek sakkiz nabira va 12 evaraning buvisi edi.

Mavzuga oid