O‘zbekiston | 21:21 / 09.09.2022
28785
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda boshpanasiz talabalar – vazir nima deydi?

“5 yulduzli mehmonxonaga borsangiz ham, hujjatingizni rasmiylashtirguncha yuklaringiz biroz vaqt o‘zingiz bilan turadi”, – deya yotoqxonaga talabgor talabalarning yuklari bilan ko‘chada javob kutayotganiga munosabat bildirdi oliy ta’lim vaziri. U yotoqxonalar mavzusida jurnalistlar savollariga javob berdi.

— Yangi o‘quv yilining ilk kunlarida doimgidek yana xaos yuzaga keldi. Talabalar har tarafda sarson-sargardon bo‘ldi. Hech bo‘lmaganda boshlang‘ich kurs talabalarini o‘qish boshlanmasdan oldinroq yotoqxonaga joylashtirib, keyin chaqirishning iloji yo‘qmi? Yoki o‘qishni bir necha kun kechiktirish mumkindir balki? Agar talaba o‘qishga kelsa-yu, yelkasida yuki bo‘lsa, uning xayoliga o‘qish sig‘maydi.

— 5 sentabr kuni talabalarning ma’lum bir qismi o‘quv jarayonlari tugagunga qadar yotoqxonaga joylasha olmagan holatlar kuzatildi. Lekin talabalar turar joylarga joylashtirish 29 avgustdan boshlangan. Oldinroq kelganlarda muammo bo‘lmagan. O‘quv boshlangandan keyin kelganlar biroz qiynaldi.

Vazirlikning barcha xodimlarini chiqardik. O‘zim ham chiqdim o‘sha kuni. Talabalar turar joylarga joylashtirildi. Tegishli mezonlar asosida joylashtirish biroz vaqt talab qiladi. Umuman olganda, besh yulduzli mehmonxonaga borsangiz ham, toki sizning hujjatingizni rasmiylashtirgunga qadar yuklaringiz biroz muddat o‘zingiz bilan turadi. Hatto diplomatik pasport bilan biror yerga borsak ham, 10-15 daqiqa yukimiz bilan kutishga to‘g‘ri keladi.

Yotoqxonaga joylashtirishda ham biroz kutish holati uchraydi. Lekin hech kim ko‘chada qolmaydi. Rektorlar ham, tyutorlar ham bu bo‘yicha topshiriq olgan.

— Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2022 yil oxiriga qadar Toshkent shahrida 11 ta ta’lim muassasasi uchun yotoqxonalar qurilishi kerak edi. Ammo shu kungacha bitta, faqat O‘zDJTU uchun yotoqxona qurilgan. Qolgan uch oy ichida 10 ta yotoqxona qurib bitkaziladimi? Bunga qanday ulgurish mumkin? Agar bu keyingi yilga qoladigan bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasining qarorida 2023, 2024, 2025 yil uchun ham alohida rejalar bor. Rejalar ortga surilib ketmaydimi?

— Qurilish masalasini 100 foizga oqlamoqchi emasman. Tashvishlaringizga asos bor. Faqat O‘zMU misolida oladigan bo‘lsak, talaba 5 ta ta’lim muassasasini belgilayapti. Ayrim talabalar hozir ham to‘xtamga kelgani yo‘q. Biz ularga yana bir imkon berdik. Yaqinda super-kontrakt bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rildi. 5 sentabr kuni biroz kutib qolishi ham mana shu omillar bilan bog‘liq.

Aslida qachon u talaba hisoblanadi? Ikki tomonlama shartnomani imzolab, oz bo‘lsa-da pul to‘lov qilsa, shundan so‘ng talaba hisoblanadi. Shundan so‘ng u darsga kelishi kerak. 15 sentabrgacha muddati bor. Biz buni e’lon qilganmiz. Lekin baribir ular ham joylashtirildi.

Bitta OTMda muammo kuzatilsa, uni butun oliy ta’lim tizimidagi muammo deb hisoblashlaringizga qarshiman.

Sarvar Buzrukxonov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari:

— Har qanday poytaxtda bo‘lgani kabi Toshkentda ham qurilish uchun yer muammosi bor. Bugungi kunda davlat xususiy sherikchiligi asosida 8,5 ming o‘rinli 14 ta loyiha Toshkent shahrida ish boshlagan. Milliy universitet uchun ming o‘rinli yotoqxonaning qurilish jarayonlari ketmoqda. Toshkent davlat pedagogika universiteti uchun mo‘ljallangan ming o‘rinli yotoqxonaning yeriga qaror chiqishi kerak. Tibbiyot institutiga 400 o‘rinligi topshirildi. Pediatriya uchun 400 o‘rinli o‘zining hisobidan qurildi. Albatta, bu yil 4400 o‘rinli 11 ta binoni topshira olmaymiz. Chunki DXShga tadbirkorlar qiziqishmadi. Prezidentimiz tomonidan subsidiyalar miqdori uch barobarga oshirilib, tadbirkorlarga mulkka egalik huquqining 22 foizi berilgach, may oyidan 8 ta tadbirkordan tashabbus bildirildi. Qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlar ham tanlab olinadi. Chunki u yerda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmasligi kerak. Mana shu jarayonlar vaqtni biroz cho‘zdi. Shuning uchun bu yilda biroz kechikish bo‘ladi. Kelgusi yili buni yetkazib olamiz. Ikki yilda bu ortig‘i bilan bajariladi. Qolaversa, bu 100 ta bilan to‘xtab qolinmaydi.

Shu jarayonlar mablag‘, tadbirkorga yengillik masalasi hal bo‘lgandan keyin boshlandi. Shuning uchun bu yilda kechikish bo‘ladi. Buni yetkazib olamiz. Bu 100ta bilan to‘xtab qolinmaydi. Mana, hozir prezident farmoni chiqqan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Toshkent shahrining o‘zida 70 million dollarga 38ta yotoqxona qurmoqchi. Faqat yer masalasida Toshkent shahri bilan kelishib olsak bo‘ldi. Lekin bu yilgisida shu jarayon kech boshlangani uchun ulgurmaymiz.

Abduqodir Toshqulov:

— Siz aytgan 11ta yotoqxonaning 50 foizi qurib bitkaziladi, 60 foiziga joylashadigan talabalarimizni biz kasb-hunar maktablaridagi yotoqxonalaridan foydalanib, ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, boshqa yo‘llar bilan yotoqxona bilan ta’minlaymiz.

Ba’zi yotoqxonalarda talaba turmaydigan xonalar ko‘payib ketgan. Yotoqxonalarning birinchi qavatlari davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga berilgan holatlar bor. Shularni qaytarib olib, xonaga aylantirish bo‘yicha topshiriq berdik.

— Viloyatlardagi ayrim OTMlarda TTJda yashash haqi bir oy uchun 280 mingdan deyilyapti. Aslida qanday bo‘lishi kerak?

— Viloyatlardagi TTJlarda oylik summani 200 ming so‘mdan, Toshkentda esa 300 mingdan oshirmaslikni aytganmiz. Bu 280 ming so‘m qaysi oliygohda ekanini bilib, narxini tushirib beramiz.

Umuman, o‘zi oliygoh kontrakt yoki TTJ puliga qarab qolmasligi kerak-da. Tijoratlashtirish bo‘limlari orqali g‘oya, kashfiyot sotishi, ma’ruza o‘qib pul olishi, auditoriyalarni ijaraga berishi kerak.

— Respublika miqyosida emas, Toshkent shahri bo‘yicha alohida raqamlarni aytsangiz. Shaharda talabalar soni qancha, ularning qanchasi viloyatdan kelib o‘qiydi va qanchasida TTJga ehtiyoj bor?

— Toshkent shahrida kunduzgi ta’limda 157 ming nafar talaba bor. Shundan TTJga ehtiyoji borlar 82 892 nafar. TTJlar umumiy quvvati 35 639 nafar. Hozircha 28 142 nafari, ya’ni 79 foizi joylashdi.

Tegishli mezonlar bo‘yicha biz bosqichma-bosqich joylashtiryapmiz.

Sarvarxon Buzrukxonov:

— Dastur bo‘yicha Toshkent shahrida 74ta TTJ qurish mo‘ljallangan. Bu minimum ko‘rsatkich, undan ko‘p bo‘ladi. Hozir mana 9tasi davom etyapti.

Abduqodir Toshqulov:

— Bugun oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Toshkent shahar hokimi va Toshkent shahridagi rektorlar matbuot anjumanidan keyin yig‘ilib, bu masalani yana ko‘rib chiqishga kelishdik. Mahallalar bilan ishlash, kerak bo‘lsa, professional ta’lim muassasalari bo‘sh yotoqxonalari bo‘lsa, ularni vaqtincha OTMlarga berish va yotoqxona qurishga yer ajratish masalalari ham ko‘riladi.

Madina Ochilova,
Zuhra Abduhalimova
,
Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid